“Albatta, Parvardigordan qo‘rqqanlaridan xavfda bo‘luvchilar, Parvardigorning oyatlariga imon keltiradiganlar, Parvardigorga shirk keltirmaydiganlar, sadaqalarini (Qiyomatda) Parvardigorga qaytuvchi ekanlaridan dillari qo‘rqib turgan holda beradiganlar, aynan o‘shalar yaxshiliklarni qilishga shoshurlar va unda oldindadirlar” (Mo‘minun, 57-61).
Bu oyati karimalarda mo‘minlarga xos to‘rtta sifat bayon qilingan:
Birinchisi, ular “Parvardigordan qo‘rqqanlaridan, xavfda bo‘luvchilar” dir. Bu mazmunli oyatni Muqotil va Kalbiy “Parvardigorning azobidan qo‘rqqanlaridan xavfda turuvchilar” deb, boshqa mufassirlar esa “Parvardigordan qo‘rqqanlaridan doimo Uning toatida bo‘ladigan va roziligini istovchilar” deb tafsir qilishgan. Imom Faxriddin Roziy “Kim qo‘rqishning (“xoshyat”) oliy darajasiga – xavfda bo‘lishga yetsa, dunyoda Allohning g‘azabiga, oxiratda azobiga uchrashdan qo‘rqadi va barcha gunohlardan saqlanadi”, deb tafsir qilgan.
Ikkinchisi, mo‘minlar “Parvardigorning oyatlariga imon keltiradiganlar”dir. Bu oyat tafsirida Imom Faxriddin Roziy aytadi: “Bilgin, Alloh taoloning oyatlari (belgi va alomat) U zot yaratgan narsalardir. U narsalar Alloh taoloning borligiga dalildir”.
Bu o‘rinda shundoq ham ayon narsalar emas, balki fikr-mulohaza bilan bilinadigan narsalar nazarda tutilgan. Fikr va mulohaza qiladigan odam albatta Yaratuvchining borligini va Uning sifatlarini biladi. Bu bilish qalbda hosil bo‘lsa, uning tasdig‘i tilga ko‘chadi. Mana shu imondir”.
Uchinchisi: Mo‘minlar “Parvardigorga shirk keltirmaydiganlar”dir. Imom Faxriddin Roziy aytadi: “Bu oyatda yashirin shirk, ya’ni, riyo va xo‘jako‘rsindan yiroq bo‘lish, toat-ibodatlarini xolis Alloh taolo roziligi uchun ado qilish mo‘minlarning sifati” ekani bayon etilgan.
Abu Lays Samarqandiy bu oyat tafsirida bunday degan: «oyatdagi “shirk keltirmaydiganlar”dan murod “falonchi bo‘lmasa, bu narsaga erisholmasdim”, demaydiganlardir».
To‘rtinchisi, ular “sadaqalarini (Qiyomatda) Parvardigorga qaytuvchi ekanlaridan dillari qo‘rqib turgan holda beradiganlar”dir. Bu oyatda zikr qilingan sadaqalarga zakot, kafforat, omonat, qarz kabi ado etilishi lozim bo‘lgan barcha haqlar kiradi. Ular yurakdan qo‘rqib ado etilganidagina foydali bo‘ladi. Kim chin dildan qo‘rqib ibodatga kirishsa, uni bekamu ko‘st bajarishga astoydil tirishadi.
Imom Qurtubiy shu oyat tafsirida bu hadisni keltiradi: “Oysha onamiz roziyallohu anho Rasululloh alayhissalomdan “U kimsalar ichkilik ichishgani va o‘g‘rilik qilishgani uchun Allohdan qo‘rqadimi?” deb so‘radi. Rasululloh alayhissalom: “Yo‘q, ey Siddiqning qizi, ular ro‘za tutishsa-da, namoz o‘qishsa-da, sadaqa berishsa-da, Alloh taolodan qo‘rqadiganlardir. Aynan o‘shalar yaxshiliklarni qilishga shoshiladilar, deb javob berdilar” (Imom Termiziy).
Hasan Basriy aytadi: “Biz shunday zotlarni ko‘rdik, siz gunohingiz sababli azoblanishdan qo‘rqishingizdan ko‘ra ular yaxshi amallarining qabul bo‘lmay, yuzlariga urilishidan ko‘proq qo‘rqardilar”.
Qalbda qo‘rquv hissi paydo bo‘lishiga sabab amallar hisob-kitobi uchun Parvardigor huzuriga qaytishni, oxiratda pushaymonlik foyda bermasligini bilishdir. Ana shuni anglagan qalb egasi gunohlardan, riyodan yiroq bo‘ladi, amallarini nuqsonsiz ado etishga tirishadi.
“Aynan o‘shalar yaxshiliklarga shoshurlar va unda oldindadirlar”. Bu oyat ikki xil tafsir qilingan. Birinchisi, mo‘minlar ibodatlarning vaqti o‘tib ketmasligi uchun ularni vaqtida ado etishga shoshiladilar. Ikkinchisi, mo‘minlar dunyoda barcha foydali ishlarga shoshiladilar. Shuning uchun ularni ado etishda oldindadirlar.
Imom Qurtubiy, Abu Lays Samarqandiy
va Faxriddin Roziy tafsirlari asosida No‘mon ABDULMAJID
tayyorladi.
Joriy yil 2025 yil 13-23 aprel kunlari Iordaniya vaqflar, Islomiy ishlar va Muqaddas ziyoratgohlar vazirligi podshoh Abdulloh II nomidagi Voizlar tayyorlash va malakasini oshirish institutida navbatdagi o‘quv bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mas’ul xodimi Yorqin domla Jumabayev ishtirok etmoqda.
Ta’kidlash lozimki, Ammon murojaatnomasining mazmuni 200 dan ortiq musulmon ulamolar hamda 50 dan ortiq mamlakatdan kelgan bayonotlar bilan umumiylashtirildi.
Murojaatnomada insonlar orasidagi o‘zaro hurmat va tinchlikni saqlash muhimligiga e’tibor qaratilgan. Bu hujjat islomda murosa va birlikka chaqiruvchi muhim qadam bo‘lib, musulmonlar orasida o‘zaro hurmat va yordamni ta’minlash uchun ishlatilgan g‘oyalardan biri hisoblanadi. Ushbu 2025 yilgi malaka oshirish kursi 46-davra hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida Ammon murojaatnomasi 2004 yil 9 noyabrda (Ramazon) Iordaniya podshohi Abdulloh II tomonidan Islom dunyosida yaxshilik, o‘zaro hurmat va birlikni ta’kidlab e’lon qilingan. Har yili "Ammon murojaatnomasi" va uning mazmunini yetkazish bo‘yicha voizlar malakasini oshirish kurslari tashkil etib kelinadi.
O‘tgan yillarda o‘tkazilgan malaka oshirish kurslarida musulmon dunyosining 20 dan ortiq davlatdan vakillar ishtirok etgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati