Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2026   |   20 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:16
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2026, 20 Rajab, 1447

Mo‘minlarning sifatlari

06.01.2018   8409   3 min.
Mo‘minlarning sifatlari

“Albatta, Parvardigordan qo‘rqqanlaridan xavfda bo‘luvchilar, Parvardigorning oyatlariga imon keltiradiganlar, Parvardigorga shirk keltirmaydiganlar, sadaqalarini (Qiyomatda) Parvardigorga qaytuvchi ekanlaridan dillari qo‘rqib turgan holda beradiganlar, aynan o‘shalar yaxshiliklarni qilishga shoshurlar va unda oldindadirlar” (Mo‘minun, 57-61).

Bu oyati karimalarda mo‘minlarga xos to‘rtta sifat bayon qilingan:

Birinchisi, ular “Parvardigordan qo‘rqqanlaridan, xavfda bo‘luvchilar” dir. Bu mazmunli oyatni Muqotil va Kalbiy “Parvardigorning azobidan qo‘rqqanlaridan xavfda turuvchilar” deb, boshqa mufassirlar esa “Parvardigordan qo‘rqqanlaridan doimo Uning toatida bo‘ladigan va roziligini istovchilar” deb tafsir qilishgan. Imom Faxriddin Roziy “Kim qo‘rqishning (“xoshyat”) oliy darajasiga – xavfda bo‘lishga yetsa, dunyoda Allohning g‘azabiga, oxiratda azobiga uchrashdan qo‘rqadi va barcha gunohlardan saqlanadi”, deb tafsir qilgan.

Ikkinchisi, mo‘minlar “Parvardigorning oyatlariga imon keltiradiganlar”dir. Bu oyat tafsirida Imom Faxriddin Roziy aytadi: “Bilgin, Alloh taoloning oyatlari (belgi va alomat) U zot yaratgan narsalardir. U narsalar Alloh taoloning borligiga dalildir”.

Bu o‘rinda shundoq ham ayon narsalar emas, balki fikr-mulohaza bilan bilinadigan narsalar nazarda tutilgan. Fikr va mulohaza qiladigan odam albatta Yaratuvchining borligini va Uning sifatlarini biladi. Bu bilish qalbda hosil bo‘lsa, uning tasdig‘i tilga ko‘chadi. Mana shu imondir”.

Uchinchisi: Mo‘minlar “Parvardigorga shirk keltirmaydiganlar”dir. Imom Faxriddin Roziy aytadi: “Bu oyatda yashirin shirk, ya’ni, riyo va xo‘jako‘rsindan yiroq bo‘lish, toat-ibodatlarini xolis Alloh taolo roziligi uchun ado qilish mo‘minlarning sifati” ekani bayon etilgan.

Abu Lays Samarqandiy bu oyat tafsirida bunday degan: «oyatdagi “shirk  keltirmaydiganlar”dan murod “falonchi bo‘lmasa, bu narsaga erisholmasdim”, demaydiganlardir».

To‘rtinchisi, ular “sadaqalarini (Qiyomatda) Parvardigorga qaytuvchi ekanlaridan dillari qo‘rqib turgan holda beradiganlar”dir. Bu oyatda zikr qilingan sadaqalarga zakot, kafforat, omonat, qarz kabi ado etilishi lozim bo‘lgan barcha haqlar kiradi. Ular yurakdan qo‘rqib ado etilganidagina foydali bo‘ladi. Kim chin dildan qo‘rqib ibodatga kirishsa, uni bekamu ko‘st bajarishga astoydil tirishadi.

Imom Qurtubiy shu oyat tafsirida bu hadisni keltiradi: “Oysha onamiz roziyallohu anho Rasululloh alayhissalomdan  “U kimsalar ichkilik ichishgani va o‘g‘rilik qilishgani uchun Allohdan qo‘rqadimi?” deb so‘radi. Rasululloh alayhissalom: “Yo‘q, ey Siddiqning qizi, ular ro‘za tutishsa-da, namoz o‘qishsa-da, sadaqa berishsa-da, Alloh taolodan qo‘rqadiganlardir. Aynan o‘shalar yaxshiliklarni qilishga shoshiladilar, deb javob berdilar” (Imom Termiziy).

Hasan Basriy aytadi: “Biz shunday zotlarni ko‘rdik, siz gunohingiz sababli azoblanishdan qo‘rqishingizdan ko‘ra ular yaxshi amallarining qabul bo‘lmay, yuzlariga urilishidan ko‘proq qo‘rqardilar”.

Qalbda qo‘rquv hissi paydo bo‘lishiga sabab amallar hisob-kitobi uchun Parvardigor huzuriga qaytishni, oxiratda pushaymonlik foyda bermasligini bilishdir. Ana shuni anglagan qalb egasi gunohlardan, riyodan yiroq bo‘ladi, amallarini nuqsonsiz ado etishga tirishadi.

“Aynan o‘shalar yaxshiliklarga shoshurlar va unda oldindadirlar”. Bu oyat ikki xil tafsir qilingan. Birinchisi, mo‘minlar ibodatlarning vaqti o‘tib ketmasligi uchun ularni vaqtida ado etishga shoshiladilar. Ikkinchisi, mo‘minlar dunyoda barcha foydali ishlarga shoshiladilar. Shuning uchun ularni ado etishda oldindadirlar.

 

Imom Qurtubiy, Abu Lays Samarqandiy

va Faxriddin Roziy tafsirlari asosida No‘mon ABDULMAJID

tayyorladi.

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xorazmda yana bir masjidni qayta qurish boshlandi (foto+)

05.01.2026   5101   1 min.
Xorazmda yana bir masjidni qayta qurish boshlandi (foto+)

2026 yilning ilk kunlarida Qo‘shko‘pir tumanidagi “Hazrati Eshon bobo” jome masjidi qayta qurilishi uchun tamal toshi qo‘yildi.

Yurtimizda yana bir masjid qayta barpo etiladi, inshaalloh. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyat vakili Xayrulla domla Abdullayev yangi loyihada barpo etiladigan masjidning poydevoriga ezgu niyat va xayrli duolar bilan tamal toshini qo‘ydi.
 

Bunyod etilayotgan masjid Xorazm me’morchilik an’analari asosida zamonaviy talablar uyg‘unligida quriladi. U 700 ga yaqin namozxonga mo‘ljallangan. 
 

Tadbirda Qo‘shko‘pir tuman hokimi Shuhrat Ahmedov, tuman bosh imom-xatibi Mansurjon domla Mansurov, imom-xatiblar, nuroniy otaxonlar, mahalla faollari va homiylar ishtirok etdi. 

Zamaxshariy.uz 

Xorazmda yana bir masjidni qayta qurish boshlandi (foto+) Xorazmda yana bir masjidni qayta qurish boshlandi (foto+) Xorazmda yana bir masjidni qayta qurish boshlandi (foto+) Xorazmda yana bir masjidni qayta qurish boshlandi (foto+) Xorazmda yana bir masjidni qayta qurish boshlandi (foto+) Xorazmda yana bir masjidni qayta qurish boshlandi (foto+)
O'zbekiston yangiliklari