frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Volidasidan ayrilgan inson kechinmasi

05.01.2018   9434   2 min.
Volidasidan ayrilgan inson kechinmasi

Bir tanishim yaqinda boshidan o‘tgan ko‘ngilsiz voqealardan so‘z ochib qoldi: “Onam qazo qildilar... Ta’ziya marosimlarini o‘tkazib ishga chiqdim. Kasbdoshlarimdan biri meni ko‘rdi-yu yuzimga bir muddat tikilib:

– Voy-bo‘y, muncha ozib ketibsiz, ayriliq sizni ancha cho‘ktiribdi. Rang-ro‘yingiz ham bir ahvol. Jigaringiz ham og‘rirdi-a? Do‘xtirga bir ko‘rining, bunaqada yiqilib qolasiz! – dedi.

Bu gaplar yuragimga tig‘dek botdi. Yerga qaradim, o‘pkam to‘lib, ko‘zimga yosh keldi. Judolik o‘tida yongan yuragimga yana qalov tashlangan edi. Xonamga jimgina yo‘l oldim. Qo‘shni xonadan kuchli qahqaha eshitildi. Bu qadrdon dugonamning ovozi edi. Vujudim titrab ketdi. Onam hayotligida u biznikiga ko‘p kelgan. Onamning pazandaligi, chevarligi, qo‘li ochiqligi, mehmondo‘stligini maqtab chakagi yopilmas edi. Bayramlarda onaginam dugonamga kichkina bo‘lsa ham sovg‘a hozirlab qo‘yardi, uning haqiga duolar qilardi. Vaqti kelib onam to‘shakka mixlanib qoldi, o‘shanda negadir dugonamni so‘radi. Balki sog‘ingandir, balki bir ko‘ngildosh izlagandir. Harholda uni so‘rab-so‘rab qo‘ydi. Bu vaqtda dugonam dunyo tashvishlari bilan yelib-yugurardi. Ta’ziyaga ham kelolmadi. Keyin bilsam, Toshkentga to‘yga ketgan ekan. Balki u  xabarsizdir…”

Suhbatdoshimga taskin berdim. So‘ng hayotimizda tez-tez kuzatiladigan bu kabi holatlar haqida o‘yga toldim. Haqiqatan, ba’zida birovlarning so‘zi u yoqda tursin, xatti-harakatlari, qiliqlari ham ko‘ngilga beixtiyor ozor beradi. Samimiyat esa kishiga katta kuch, iroda baxsh etadi. Yaxshi so‘zda mehr, anchayin bir qudrat bor. Aytaylik, mahzun yuzli, bemorlikni boshdan kechirgan tanishingizni ko‘rdingiz. Kun sayin rangi tiniqib, salomatligi yaxshilanib borayotganini chin dildan aytdingiz – uning ko‘ngliga yaxshi tilaklar indirdingiz. Aslida, o‘zi bu qadar sog‘lom, kuch-g‘ayratga to‘la emasdir. Lekin siz uni umidsizlik iskanjasidan qutqarib olasiz. Arzimasday ko‘ringan mehr-oqibatingiz xayrli bo‘ladi, inshoalloh.

Atrofga razm solib, hayotni kuzating. Dabdabayu as’asalar ichra yurgan kimsalarga, turmush tashvishlari bilan andarmon odamlarga e’tibor bering. Oqibat va oqibatsizlikning turfa manzaralarini, ko‘ngil so‘ralmagan fursatlarning izlarini ilg‘aysiz. Juda kichkina bo‘lsa-da, vaqtida berilgan ko‘mak, chin yurakdan aytilgan oddiygina lutfu karam, tamasiz xayrixohlik ham daldaga muhtoj ko‘ngillarga mustahkam tayanch bo‘lishini his etasiz.

 

Ma’mura ABDURAHIMOVA

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   47948   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari