frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Islomni qabul qilgan Yelena bilan ajoyib suhbat

04.01.2018   6926   8 min.
Islomni qabul qilgan Yelena bilan ajoyib suhbat

Men Yelena bilan Musulmon yoshlari festivalida tanishib qoldim. Meni har doim Islomga kirgan rus millati vakillari qiziqtiradi. Lenaning Buyuk Bolgardagi Oq masjidda o‘tkazilgan qorilar tanlovida birinchi o‘rinni olganini eshitganimdan so‘ng qiziqishim ikki barobar kuchaydi. Va u bilan suhbatlashishga oshiqdim.

Lena, sizning Islomga kirishingizga nima turtki bo‘ldi? Bu din haqida birinchi marta qachon eshitgan edingiz?

– Islom dini haqida maktab o‘quvchisi bo‘lgan vaqtimda eshitganman. Sinfimizda bir bola namoz o‘qib, ro‘za tutar edi. Uning ta’sirida yana bir bola musulmon bo‘ldi. Men ular bilan ko‘p suhbatlashar edim, ular menga musulmonlar va Islom dini haqida so‘zlab berishardi.  Islom haqidagi dastlabki tasavvurlarim o‘sha vaqtda paydo bo‘lgan.

Bu din sizni nimasi bilan o‘ziga jalb qildi?

– Birinchi galda meni hayratga solgani – musulmonlarning spirtli ichimliklar va ko‘ngilochar tadbirlardan yiroqligi bo‘ldi. Bir safar musulmon sinfdoshimning uyiga mehmonga bordim va musulmonlarning oilaviy hayotini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Ular juda ham mehmondo‘st, uylari ozoda va narsalari tartibli edi. Bunday orastalik  menga juda ham yoqib qoldi. Ana shu voqea mening Islomga jiddiy qiziqishim va  uning fazilatlarini his qilishimga asos bo‘ldi. O‘sha sinfdoshim, aytganimdek, bolaligidanoq musulmon edi va unga ota-onasi namoz o‘qishni o‘rgatgan edi. Yuqori sinfga o‘tganimizda esa u namozni mustaqil o‘qir va menga Islom haqida juda ko‘p qiziqarli narsalarni gapirib berar edi. Meni hammasidan ham ilmiy ixtirolar va kashfiyotlarning Qur’oni karim oyatlari bilan to‘g‘ri kelgani qiziqtirar edi.

Shunday qilib, mening Islom bilan qiziqishim borgan sari kuchayib boraverdi, ko‘p kitoblarni o‘qib chiqqanimdan so‘ng yaqinlarimga: islom butun olam xalqi uchun nozil qilingan ekan, men ham muslima bo‘lishni istayman”, deb gapira boshladim. Maktabni tugatganimdan so‘ng pedagogika universitetiga o‘qishga kirdim. Otam bilan diniy mavzuda suhbatlashganimizda – u hali mening Islomga kirganimni bilmas edi – men unga musulmon bo‘lganimni va Allohdan boshqa hech bir iloh yo‘qligini aytdim. U mening fikrimga qo‘shildi va mening tanlovimni to‘g‘ri deb topdi.

Demak, sizning e’tirofingiz unga zarba bo‘lmadi?

– Bilmadim, ehtimol, zarba bo‘lsa ham bo‘lgandir. Ammo buni menga sezdirmadi. U menga: “Bu sening tanloving, sening hayoting, men senga qaysi dinni ushlashing kerakligiga ta’sir o‘tkazishga haqqim yo‘q”, dedi. U haydovchi bo‘lib ishlaydi va butun mamlakat bo‘ylab yuk tashiydi. U juda ham aqlli odam. O‘sha vaqtda otam mening bu qarorimga hurmat bilan yondashadi va Islom ahkomlarini bajarishimga qarshilik qilmaydi, deb umid qilgan edim. Shukrki, yanglishmagan ekanman.

Bunga oilaning boshqa a’zolari qanday munosabatda bo‘ldi?

– Onam bir necha yil burun vafot etgan. Akamning o‘z oilasi bor, u alohida yashaydi. U meni har tarafdan kuzatib yurdi. O‘ylashimcha, mening tanlovimni tushuna olmadi. Darvoqe, biz bu mavzuda hech fikr almashmagan edik. Baribir, o‘zaro munosabatimiz yaxshi. Boshqa qarindoshlarim bu masalaga turlicha yondashdi. Ko‘z yoshi to‘kkanlar ham, nasihat qilganlar ham, tahdid qilganlar ham bo‘ldi.  Ammo, bularning barchasiga men jilmayib javob qildim. Men ularga unchalik ahamiyat bermadim. Men uchun eng muhimi, otamning munosabati edi. Albatta, hammasi insonning o‘ziga bog‘liq, bu gaplarni eshitgan opam juda ham darg‘azab bo‘ldi va yig‘lay boshladi.  Men unga: «Nega yig‘layapsan? Axir men baxtimni topdim-ku!» dedim. Men qarindoshlarimga haqiqatan, baxtimni topganimni tushuntirishni xohladim, ammo bu oson ish emas edi.  Mabodo, odam qaror qabul qilib olsa, uni ishontirish juda ham qiyin ish. Sizga qarshi borayotganlarga jahl qilish aslo mumkin emas. Ularga muloyim muomala qilgan ma’qul.

Diniy bayramlarni uyda qanday kutib olasiz?

– Musulmonlarning bayramini biz uyda nishonlamaymiz. Chunki uyda yolg‘iz men musulmonman, xolos. Shunday bo‘lsa ham o‘tgan yili yaqinlarim ramazon hayiti bilan qutlashdi. Ular bayramlarini nishonlayotgan choq stol ustida spirtli ichimliklar paydo bo‘ladi, men darhol o‘zimni chetga olishning payida bo‘laman. Nima bo‘lganda ham, qarindoshlarimni Islomga oid mavzularda biror masala qiziqtirib qolsa, savoliga dadil javob bermoqdaman.   

Siz ismingizni o‘zgartirishni istamadingizmi, odatda, Islomga kirganlar shunday qilishadi?

– Shu savolga qiziqib ko‘rdim. Menga ismingiz, xunuk bo‘lmasa yoki ma’nosi yomon bo‘lmasa o‘zgartirish shart emas deb tushuntirishdi.

Qiziq, sizning bu qadamingizni maktabdagi hamkasblaringiz va universitetdagi kursdoshlaringiz qanday qarshi oldi?

– Ulardan meni yaqindan bilganlari Islomga kirishga tayyor bo‘lib yurganimdan xabardor edi. Hatto menga: “Sen o‘zingni nasroniy deb hisoblagan taqdiringda ham, baribir, dunyoqarashing musulmoncha bo‘lib qolaveradi”, deyishar edi. O‘sha kezlarda men e’tiqodim bo‘yicha opa-singillar bilan unchalik yaqin emas edim. Biroq vaqt o‘tishi bilan ulardan qayerda tahorat olib, namoz o‘qisa bo‘lishi haqida so‘rab bilib oldim. Oradan ko‘p o‘tmay, mening dindosh dugonalarim paydo bo‘ldi.  

Keyingi hayotingiz qanday davom etdi? Shular haqida so‘zlab bering.

– Keyinchalik Amerikada musulima dugonalarim ko‘paydi. Birinchi marta ramazon ro‘zasini ham Amerikada tutdim. Men bu ro‘zani juda ham intiq kutdim va qanday o‘tar ekan, axir musofir yurtlarda bo‘lsam, deya g‘oyat tashvishlandim. Shukrki, Parvardigor madadkor bo‘ldi.  Halol taom masalasida ham muammo bo‘lmadi. Men baliq va dukkakli ovqatlar bilan oziqlandim. Tirikchilik uchun restoranda qo‘shimcha ish sifatida ishlaganim sababli oziq-ovqatda muammo tug‘ilmadi. Ishga kirgan vaqtimda esa menejerga murojaat qilib namoz o‘qishga ruxsat bormi deb so‘radim va savolimga ijobiy javob oldim. Hatto mening namoz o‘qishim uchun alohida xona ham qilib berishdi.  Hamkasblarim buni to‘g‘ri tushundi va belgilangan vaqtda men ularni xabardor qilib namozimni o‘qib olardim.

Ummon ortida musulmonlarga munosabat qanday?

– Men kichkina shaharchada yashadim va o‘sha shahardagi yagona muslima men edim. Shu vaqtga qadar mahalliy aholi faqat musulmon sayyohlarni ko‘rgan ekan-u, ammo ular bilan suhbatlasha olmagan ekan. Yangi tanishlarimdan biri menga oshkora: “Biz musulmonlarni sevadigan toifadan emasmiz, biz ulardan qo‘rqamiz. Sen bilan gaplashib turib shunga amin bo‘ldimki, musulmonlar hech ham xatarli odamlar emas ekan”.

Hozirgi ishlayotgan joyingizda – siz dars berayotgan maktabda sizga munosabat qanday?

– Maktab direktori muslimalarning hurmatini joyiga qo‘yadi. Maktabdagi darsim va ishim namoz o‘qishimga xalaqit qilmaydi.  Darslarim ikkida tugaydi va peshinni o‘qib olishga ulguraman. O‘quvchilar bilan osongina til topishib oldik. O‘n birinchi sinf o‘quvchilari orasida Islomga, nasroniylikka qiziquvchilar bor va ular ko‘plab savollar beradi.

Festivalda birinchi o‘rinni oldingiz va Qur’onni namunali o‘qishni ko‘rsatdingiz, Kitob bilan tanishar ekansiz birinchi marta o‘zingizni qachon baxtiyor his qilgansiz?

– Birinchi qilgan ishim arab tilini o‘rganish bo‘ldi. Zero, tilni bilmasam o‘qiyotgan namozimning ma’nosini tushuna olmas edim. Dastlab, arab alifbosini o‘rgandim va bir necha qisqa surani o‘qib yodlab oldim. Keyin Zelenodolsk madrasasiga o‘qishga kirdim va Qur’onni o‘qishni o‘rgandim. U yerda bizga ajoyib mudarris dars berdi. U Qur’onning har bir so‘zini tushuntirib berar edi.  O‘sha dargohda men Qur’oni karim Allohning so‘zi ekaniga qat’iyan imon keltirdim-da,  oyat va suralarni ko‘proq yod olishga jazm etdim. Hozirgi vaqtda Rossiya islom universitetining shariat fanlari fakultetida birinchi kursda o‘qiyapman. O‘qishim menga shu vaqtga qadar o‘rganganlarimni tizimlashtirishni o‘rgatmoqda.

Rimma GATINA suhbatlashdi,

Damin JUMAQUL tarjima qildi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

27.06.2025   6817   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.


Muharram oyi qanday oy?

Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


 Ashuro qanday kun?

Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


 Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).


Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


 Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).


 Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.


 Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
 Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari