“La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodir”
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodir”, deb o‘n marta aytsa, Ismoil zurriyotidan to‘rt kishini ozod qilgandek bo‘ladi, dedilar (Ma’nosi: Allohdan boshqa iloh yo‘q, U yolg‘iz, Uning sherigi ham yo‘q, butun mulk Uniki, hamd ham Unga xos va U har bir narsaga qodirdir) (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodir”, deb bir kunda yuz marta aytsa, o‘nta qul ozod qilgan barobarida bo‘libdi. Unga yuzta hasanot yozilib, yuzta yomonligi o‘chiriladi, kech kirgunicha shaytondan omonda bo‘ladi. Uning bu amalidan afzalroq ishni hech kim qila olmaydi. Faqat shu kalimalarni ko‘proq aytgan kishi o‘zib ketishi mumkin, dedilar.
Davron NURMUHAMMAD
to‘pladi
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.