Qadim zamonda bir podsho vazirlikka munosib nomzod qidira boshladi. Eng yaxshi nomzodni tanlash uchun bir sinov o‘ylab topdi. Saltanatidagi eng katta darvozani qal’aga keltirishlarini buyurdi. Bu ulkan temir eshikni ko‘rganlar hayratdan yoqa ushladi.
Saroy a’yonlari, turli amaldorlar, donishmandlar yig‘ilgan majlisda podsho shunday dedi:
– Katta darvozani ko‘rgan bo‘lsalaring kerak. Uni bekorga olib kelmadim. Uning eshigini ocha bilgan kishini vazir lavozimiga tayinlayman.
A’yonlar darvozaga yaqin ham bormadi. Shuncha odamning oldida sharmanda bo‘lishni o‘zlariga ep ko‘rmay, bu yog‘i nima bo‘lar ekan deb kuzata boshladi. Donoligi bilan nom qozongan ba’zi bir kishilar darvozani bir qur aylanib ko‘rdilar-u, ammo eshikni ochishga harakat qilmadilar. Ko‘pchilikning hafsalasi pir bo‘ldi: donishmandlar voz kechgan ishga urinishdan ne naf!
Biroq shu choq bir yasovul podshodan izn so‘radi. Ruxsat olgach, dadil borib dastani tortdi: eshik osongina ochildi. Darvoza hatto qulflanmagan ham ekan. Shunchaki o‘z holicha yopib qo‘yilgan ekan.
Yasovul o‘ziga ishonchi, dadilligi tufayli yuksak martabaga erishdi.
Hayotda aynan shunday vaziyat uchrashi amrimahol bo‘lsa-da, shunga o‘xshash holatlarga duch kelib turamiz. Tavakkalchilik, ikkilanmay olg‘a qadam tashlash bizga muvaffaqiyat keltirsa, jur’atsizligu qat’iyatsizlik afsus va attanglarga sabab bo‘ladi.
Orif TOLIB tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ey Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Ammo) taqvo libosi – bu yaxshiroqdir. Bu(lar) Allohning mo‘jizalaridandir. Shoyad, (buni) eslab ko‘rsalar!” (A’rof surasi, 26-oyat) deydi.
Biroq bugun ayrim yigit-qizlarning kiyinishlarida ochiq-sochiqlikni ko‘ramiz. Achinarlisi, ayolning erkakka xos kiyinishi urf bo‘ldi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (kiyinishda) o‘zini ayollarga o‘xshatadigan erkaklarni va erkaklarga o‘xshab kiyinadigan ayollarni la’natladilar”, deyiladi (Imom Buxoriy rivoyati).
Libos sohibining didi, dunyoqarashi va tarbiyasidandir. Bilib-bilmay ma’nosi salbiy bo‘lgan yozuvli yoki “moda” deya yirtiq-yamoq kiyinish insonni obro‘sizlantiradi. Shuning uchun ham milliy qadriyatlarimizda, dinimizda kiyinish madaniyatiga alohida ahamiyat berilgan.
Libos xarid qilayotganimizda tasvirlariga e’tibor berish kerak. Masalan, ayrim futbolkalarda kalla suyagi, tamaki, spirtli ichimliklar tasviri bor. Ba’zilaridagi xorij tilida yozilgan yozuvning ma’nosidan uyalib ketasiz. Afsuski, bolalarimiz menga shu yoqdi, deya xarid qilib olishadi. Masalan, yo‘l bo‘yidagi kiyim do‘koni yonidan o‘tib ketayotsam, o‘g‘lining xarxashasidan bezor bo‘lgan ona: “Buni qanday kiyasan, kunlar sovuq bo‘lsa, qara, hamma joyi yirtiq?! Shu ahvoldagi kiyim yana qimmat”, deydi. Mening nazarimda bu bola kimgadir havas qilib, shu libosni olish niyatida. Na salomatligiga, na madaniyatiga manfaatli bo‘lmagan bunday liboslarni olib bermaslik uchun bolamizning qiziqishlarini o‘rganishimiz, yo‘lga solishimiz kerak.
Xo‘sh, bu holga qanday chek qo‘yish mumkin?
Tarbiya oiladan boshlanadi. Ota-ona farzandiga ibrat bo‘lishi kerak. Bolamiz uchun kiyimlar xarid qilishda e’tiborli bo‘laylik. Nobop kiyingan tanish-notanishlarga nasihat qilish, kezi kelsa, dakki berishdan aslo erinmaylik. Bola kiyinishida kimga taqlid qilyapti? Buni nazorat qilaylik.
Yana shularni ham bilib qo‘yish foydalidir: kiyimni o‘ng tomondan boshlab kiyish – sunnat amal. Libos kiyganda aytiladigan duo ham bor: “Alhamdu lillahillaziy kasaaniy haza va rozaqoniyhi min g‘oyri havlin minniy valaa quvvah”. Ya’ni, “Barcha hamdu sanolar mening o‘zimda hech qanday kuch-qudrat va imkoniyat bo‘lmagan holda bu libosni menga kiydirgan hamda rizq qilib bergan Allohga xosdir”.
Yulduzxon ABDURAHMONOVA,
Qo‘qon shahridagi “Ashurali Zohiriy” mahallasi otinoyisi.