Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Dekabr, 2024   |   21 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
22 Dekabr, 2024, 21 Jumadul soni, 1446

Sahobalarni ham cho‘chitgan ilm – fatvo

2.01.2018   7520   3 min.
Sahobalarni ham cho‘chitgan ilm – fatvo

“Fatvo” so‘zi lug‘atda savolga javob berish ma’nosini anglatadi. Istilohda esa savolga shar’iy dalil asosida javob berish ma’nosida ishlatiladi.

Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollarga fatvo berish farzi kifoya hisoblanadi.

Hozirda ko‘plab musulmon davlatlarida rasmiy fatvo beruvchi muftiyat yoki xalqaro markazlar bor.

Fatvo berishning o‘ziga xos shartlari bor. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini puxta biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.

Shubhasiz, Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi.

Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib, quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va u zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nomidan gapiradi”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir, deganlar. Ya’ni, yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lmay turib, fatvo berishdan qaytarganlar. Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxslar bo‘lgan joyda sukut saqlashgan. Imom Navaviy rahmatullohi alayh “al-Majmu’” asarida Abdurahmon ibn Abi Laylodan quyidagilarni rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning 120 sahobasidan savol so‘ralganda, “anavidan so‘rang”, deb boshqalariga ishora qilishar va oxiri aylanib birinchi kishiga savol qayta berilganini ko‘rdim.

Imom Molikdan rahmatullohi alayh ellikta masala so‘raganida, bittasiga ham javob bermagan ekan. Buning sababi so‘ralganida: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, degan ekanlar.

Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tutadi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida u tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek, qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.

Bugungi kunda ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki g‘arazli maqsadlarga yo‘naltirilgan fatvolar insonlarni Islom ma’rifatidan chalg‘itmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozi bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganida, u kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rgani, bu holat Islomda katta xatar paydo bo‘lganidan darak berishini ta’kidlagan ekan.

Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlarning Islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishi o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir.

Xulosa qilib aytganda, ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda ulamolarning, qolaversa, barchamizning muhim vazifalarimizdan hisoblanadi.

 

Nozim Iminjonov,

Toshkent islom  instituti talabasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“JUMADAN JUMAGACHA” (20.12.2024)

22.12.2024   7873   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati