Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

SABRNING OLTI USTUNI

31.12.2017   5916   4 min.
SABRNING OLTI USTUNI

Sabr baxtu saodatga erishtiradi. Bu haqda Alloh taolo: «Ey, imon keltirganlar! Sabr qilingiz, bag‘rikeng bo‘lingiz va (Alloh yo‘liga) taxt bo‘lib turingiz va Allohdan qo‘rqingiz, zora (oxiratda) najot topsangiz!», deb  marhamat qilgan (Oli Imron surasi, 200-oyat).

Binobarin:

  1. Har bir banda sinovga duchor bo‘luvchidir. Zotan, bu dunyo – sinov maydoni. Undagi sinovlar biri ortidan to‘xtamay ikkinchisi, uchinchisi... yetib kelaveradi. Hayot aslida ana shunday bitmas-tuganmas imtihonlar halqasidir. Alloh taolo bu haqda ogohlantirib: «Sizlarni bir oz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!” deydi (Baqara surasi, 155-oyat).
  2. Sinov bandalarning toqatiga qarab bo‘ladi. Chunki «Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi» (Baqara surasi, 286-oyat).

Payg‘ambarlar hammadan ko‘ra ko‘proq aziyat chekkan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Insonlar ichida musibati eng og‘iri payg‘ambarlardir. So‘ngra ularga ergashgan solihlar, undan so‘ng o‘shalarga ergashgan solihlarga bo‘ladi”, deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Albatta, Alloh taolo rizq miqdoriga qarab yordamchilarni tushiradi. Balo darajasiga qarab sabrni tushiradi, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

  1. Musibatlarga sabr qiluvchilar uchun ulkan ajru mukofotlar bor. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni, albatta, jannatda ostidan anhorlar oqib turadigan ko‘shklarga joylashtirurmiz. Ular u yerda mangu qolurlar. (Yaxshi) amal qiluvchilarning (qiyomat kuni oladigan) mukofoti naqadar yaxshidir! Ular sabr qilgan va yolg‘iz Parvardigorlarigagina tavakkul qiladigan zotlardir» (Ankabut surasi, 58-59-oyat).
  2. Har bir qiyinchilik ortidan albatta yengillik keladi.

Rabbimiz hech bir bandasiga biror sinov yubormaydiki, uning ortidan yaxshiliklar, muvaffaqiyatlar kelmasa. Alloh taolo aytadi: «Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir» (Sharh surasi, 5-6-oyatlar).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kengchilikda Allohni tanigin, U ham seni qiyinchilik paytida taniydi. Bilginki, senga yetmagan narsa, senga yetadigan emas edi. Senga yetgan narsa, senga yetmaydigan emas edi. Albatta, nusrat (g‘alaba) sabr bilan birga, albatta, shodlik g‘am ila birga, qiyinchilik yengillik bilan birga bo‘ladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Sabr qiluvchilarga Alloh taoloning cheksiz ne’matlari yetishi haqdir: «Bas, (ey, Muhammad!) Sabr qiling! Albatta, Allohning va’dasi haqdir...» (Rum surasi, 60-oyat).  

  1. Har bir sinov zamirida Allohning hikmati bor.

Albatta, Alloh taolo bandalariga o‘ta mehribon va rahmlidir. Alloh bandalariga biror yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Sinovlar orqali Alloh o‘z bandalarini sinab, O‘ziga yaqin qiladi va gunohlarni mag‘firat etadi. Muvaffaqiyatlarga erishish uchun mashaqqat talab qilinganidek, Alloh taoloning roziligini topish uchun ham sinovlarga sabr qilish lozim.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: Yaxshiliklar katta sinovlar bilan keladi. Qachonki Alloh bir bandasini yaxshi ko‘rsa, Alloh o‘sha bandaga bir sinovni yuboradi. Agar banda sinovga sabr qilsa, Allohning rahmatiga erishadi, ammo sabrsizlik qilsa Uning g‘azabiga duchor bo‘ladi”, deganlar.

  1. Sinovlar kelishiga imonda bo‘lish. Inson o‘ziga yetgan musibatni Alloh taoloning huzuridan ekanini bilsa, unga qalbi ila rozi bo‘ladi. Har qanday sinovlarni rozilik bilan qabul qilish musibatlarni yengishning go‘zal muolajasidir. Aksincha, sinovlarga noshukrlik qilish, jazavaga tushish musibat ustiga musibatdir. Zero, noshukrlikning o‘zi eng katta musibat.

Darhaqiqat, musibatning albatta kelishini Rabbimizning o‘zi bizga xabar qilib, unga tayyor bo‘lib turishimiz zarurligini quyidagicha ogohlantirgandir: «Xoh yerga va xoh o‘zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir» (Hadid surasi, 22-oyat).

Endi ana shunga ham qaramasdan, ozgina musibat yetsa ham jazavaga tushish ko‘rnamaklikdan o‘zga narsa bo‘lmaydi va Alloh taoloning g‘azabini qo‘zg‘aydi.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa...

8.01.2025   1872   1 min.
Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa...

1. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, eng afzal amalni ado etgan bo‘ladi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomdan “Eng afzal amal qaysi?” deb so‘raganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘z vaqtida o‘qilgan namoz”, deganlar.


2. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, shayton qulog‘iga bavl qilmaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalomga tong otganda uxlab yotib, namozga turmagan bir kishi haqida aytishganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uning qulog‘iga shayton bavl qilibdi”, deganlar.


3. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, o‘sha kungi rizqiga baraka kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim! Ummatimning erta tongdagi ishlarini barakotli qilgin”, deb duo qilardilar.


4. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, Allohning zimmasida bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod namozini o‘qisa, Allohning ahdi va omonida (zimmasida)dir. Alloh sizlarni hargiz ahdini zoye qilgan holda topmasin”, dedilar.


5. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, jannatga kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod va asr namozlarini ado etsa, jannatga kiradi”, deganlar.


6. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, munofiqlikdan uzoq bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Munofiqlarga eng og‘ir namoz xufton va bomdod namozlaridir”, deganlar.

7. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, bu dunyo va undagi narsalardan eng yaxshisi ega bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bomdodning ikki rakati dunyo va undagi narsalardan yaxshidir”, dedilar.

 

Davron NURMUHAMMAD