Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Kim bomdod namozidan so‘ng bir gap gapirishidan oldin: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah, lahul mulku va lahul hamdu yuhyi va yumiytu va huva 'ala kulli shay'in qodiyr”, deb o‘n marta aytsa, u kishiga o‘nta yaxshilik yozilib, o‘nta yomonlik o‘chiriladi va o‘nta darajaga ko‘tariladi. Shu kunida yomon ko‘rgan narsasidan saqlanadi. Shayton unga yaqinlasha olmaydi. Va shu kuni birorta ham gunoh qilishga yo‘liqmaydi. Faqat Allohga shirk bundan mustasno, (Imom Termiziy rivoyati).
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga edik, shunda biroz jim turib qoldilar-da, so‘ng tabassum ila boshlarini ko‘tardilar. Biz: "Sizni nima kuldirdi, yo Allohning Rasuli?", dedik. "Menga hozirgina bir sura tushirildi", deb: "Bismillahir rohmanir rohiym. Innaa a’toynakal Kavsar" surasini qiroat qildilar. So‘ngra: "Kavsar nimaligini bilasizlarmi?" dedilar. "Alloh va Uning Rasuli biluvchiroqdir", dedik. "U Robbim azza va jalla menga va’da qilgan daryodir. Unda ko‘p yaxshilik bordir. U qiyomat kuni ummatim kelib huzurimda suv ichadigan hovuzdir. Uning idishlari yulduzlar adadicha".