Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

05.01.2018 y. Imom Buxoriy buyuk alloma

30.12.2017   8412   11 min.
05.01.2018 y. Imom Buxoriy buyuk alloma

بسم الله الرحمن الرحيم

IMOM BUXORIY BUYUK ALLOMA

 Muhtaram jamoat! Muhaddislar sultoni, Rasululloh s.a.v. hadislarining sahihlarini ajratib, Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi ishonchli manba sanalmish “Sahihi Buxoriy” nomli hadislar to‘plamini tuzgan ulug‘ alloma, imomud-dunyo, olimlar peshvosining nomi butun dunyoda mashhur va ma’lum Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra ibn Ahnaf ibn Bardazbih al-Jo‘fiy al-Buxoriydir.

Bu buyuk zot Movarounnahrning eng ko‘hna va go‘zal shaharlaridan bo‘lmish Buxoroi sharifda, hijriy 194 yil Ramazon oyining 13-sanada, juma kuni tavallud topdilar. Imom Buxoriy butun hayotlarini, intilish va harakatlarini hadis ilmiga baxshida etgan edilar. Juda oz uxlar, uyqudan tashqari paytlarda esa atrofdagilar u kishini yo ustozlardan hadis eshitayotgan yoxud yozib olayotgan, yo o‘zlari shogirdlarga hadis aytayotgan, yo yolg‘iz o‘tirib, qo‘lda qalam bilan jamlagan hadislarining nodir joylarini qayd etib o‘tirgan holda ko‘rar edi. U kishining har bir kuni ilm oluvchi, ta’lim beruvchi va kitob ta’lif qiluvchi maqomida o‘tardi. Bularning guvohi bo‘lgan shogirdlari Ibn Abu Hotim bunday deydi: “Buxoriy bilan safarda birga bo‘lib, bir uyda tunashga to‘g‘ri keldi. O‘shanda shuning guvohi bo‘ldimki, u kishi bir kechaning o‘zida o‘n besh martadan yigirma martagacha uyg‘onib, har gal chaqmoq toshni ishlatib chirog‘ini yoqar, to‘plagan hadislarining sahihlarini ajratib, belgilab qo‘yar edi. So‘ng chiroqni o‘chirib, boshini yostiqqa qo‘yar edi”. Imom Buxoriyning hadis yodlash qobiliyatlari, zehnlarining o‘tkirligi tillarda doston bo‘lib ketgan edi. U kishi o‘zlarining shoh asarlari bo‘lmish “Jomeus-sahih” ta’lif qilish oldidan jami olti yuz ming, shundan yuz ming sahih va ikki yuz ming sahih bo‘lmagan hadisni yod olganlarini zikr etgan edilar. U kishi “Sahih”daga har bir hadisni qo‘shish oldidan g‘usl qilib, so‘ng hadisni yozar edilar. Hadis ilmi ravnaqi yo‘lidagi buyuk xizmatlari uchun “Imomud-dunyo” (Dunyo imomi) maqomiga musharraf bo‘lgan edilar.

Zamondoshlarining guvohlik berishlaricha, Imom Buxoriy hazratlari jisman nozik, ozg‘in, o‘rta bo‘yli, nafsini bir maromda ushlagan, taomni juda kam iste’mol qiladigan fazilatli, tamkinli insonlardan edilar. U kishining zuhdi-qanoati va taqvosi hammaga ibrat edi. Imom Buxoriy nafs riyozati, to‘g‘rilik va halollik bilan ziynatlangan va tanilgan edilar. Halollik yo‘lida har qanday mashaqqatni zimmaga olardilar. Hayotlarining eng og‘ir damlarida ham birovdan bir narsa so‘ramas, odamlar minnatidan yuzlarini sarg‘aytirmas edilar. Ochlikning qiynoqlariga chidab, ko‘kat yeyish yoki suv ichish bilan chora topardilar. Vaholanki, Abu Abdulloh hayotda boy odam edilar, otalaridan juda katta mol-davlat meros qolgan edi. Ammo u kishi oxiratdagi hisob-kitobda mas’ul bo‘lmaslik uchun dunyo ne’matlaridan voz kechgan edilar. Buxoriyning o‘zlari aytishlaricha, har oyda besh yuz dirham foyda olganlar va hammasini ilm yo‘lida sarflab yuborganlar. “Chunki bu sarfiyot Alloh yo‘lida bo‘lgani uchun eng yaxshi va boqiy qoluvchi sarfiyotdir”, deganlar. Imom Buxoriy go‘zal xulqli, hamma yoqtiradigan odam bo‘lganlar. Muhammad ibn Abu Hotimning aytishicha, Imom Buxoriy bunday deganlar: “G‘iybatning haromligini bilganimdan buyon biror kishini g‘iybat qilmadim. Allohga ro‘baro‘ bo‘lganimda biror kishini g‘iybat qilmaganim haqida meni hisob-kitob qilmasligidan umid qilaman”. Bir gal Abu Ma’shar ismli bir ojiz kishining beixtiyor qilgan qilig‘iga qarab tabassum qilib qo‘yganlari uchun borib undan kechirim so‘raganlar. Boshqa bir payt kamon otishni mashq qilayotganlarida otgan o‘qlari o‘sha joydagi ko‘prikning qozig‘iga tegib, uni sindirib qo‘ydi. Shunda u kishi shogirdlaridan biriga pul berib, ko‘prik egasidan uzr so‘rash va ko‘prikni tuzatish xarajatiga pulni olish taklifi bilan jo‘natdilar. Ko‘prik egasi Imomga bo‘lgan hurmatidan evaz olmay, uni o‘zi tuzatib qo‘yishga va’da berdi. Shunda Imom azbaroyi xursand bo‘lganlaridan shu kuni shogirdlarga besh yuz hadis o‘qib berdilar va uch yuz dirham sadaqa qildilar. Imom Buxoriyning Alloh taologa bo‘lgan imon-ishonchlari botinu zohirlaridan yaqqol ko‘rinib turar edi. Ibodatda butun qalblari, har bir a’zolari bilan xushu’-xuzu’da, ixlos bilan Allohning O‘ziga yuzlanar edilar. Doimo Qur’oni karimni tilovat qilardilar. Alloh taologa duolari ijobat edi. Imom Buxoriy hazratlari o‘zlaridan ulkan ilmiy meros qoldirdilar. Yosh bo‘laturib, dunyoga mashhur asarlarni yozdilar. Xatib Bag‘dodiy Imom Buxoriyning shunday deganlarini rivoyat qilgan: “O‘n sakkiz yoshga yetganimda sahoba va tobeinlarning masala va qavllarini tasnif qila boshladim... O‘sha paytda “Kitobut-tarix”ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida oydin kechalarda tasnif etganman”. Imom Buxoriyning jami asarlari yigirmadan oshadi. Ular orasida “Kitobut-tarix”dan tashqari odobga oid bir ming uch yuzdan ortiq hadisni jamlagan “Adabul-mufrad” alohida o‘rin tutadi. Bulardan tashqari, “Kitobus-sunan fil fiqh”, “Xalqu af’olil-ibod”, “Zuafous-sag‘ir”, “Al-asmo’ va kuno”, “Birrul volidayn”, “Jomeul-kabir”, “Musnadul-kabir”, “Tafsirul-kabir”, “Kitobul-ilal” kabi yirik asarlar bor. Bular ichida “Jomeus-sahih” kitobi bu asarlarning gultoji, hadis kitoblarining eng a’losi va mukammali, Imomning shoh asarlaridir. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning vafotlari hijriy 256 (milodiy 870) yil Ramazon hayiti kechasida bo‘ldi, hayit kuni peshin namozidan so‘ng dafn etildilar. Fano dunyosida o‘n uch kuni kam oltmish ikki yil umr kechirdilar.

         Muhtaram jamoat! Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarimizga e’tibor qaratildi, yurtimizdan yetishib chiqqan o‘nlab ulug‘ olimlar qatorida hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining hayotlari va boy ilmiy meroslarini o‘rganishga kirishildi. U kishining “Al-jomeus-sahih”, “Al-adab al-mufrad” kabi asarlari o‘zbek tiliga o‘girilib, katta nusxada nashr qilindi. Ayniqsa, 1998 yili Imom Buxoriy tavalludining 1225 yillik to‘yi keng nishonlanishi munosabati bilan u zotga bo‘lgan ulkan ehtirom sifatida Imom Buxoriy dafn etilgan go‘shada muhtasham majmuaning barpo etilishi bo‘ldi. Majmua tarkibida Imom Buxoriyning maqbaralari, katta jome’ masjidi, muzey va boshqa inshootlar barpo etildi. Bir vaqtlar birovga ko‘rsatishga ham xijolat bo‘lingan xaroba joylar bugun butun Islom olamining mashhur ziyoratgohiga aylandi. Bularning hammasi buyuk ajdodlarimizga nisbatan rahbariyatimizning ehtiromi va muhabbati samarasidir.

2017 yilda Imom Buxoriy majmuasi yonida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qurilishi boshlandi. 6 gektar maydonni egallagan markaz binosida hadis, kalom va qiroat ilmini o‘rganishga mo‘ljallangan xonalar, qo‘lyozmalar kutubxonasi, muzey tashkil etiladi. 2017 yilning 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlab, jumladan shunday dedi: “Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining ko‘plab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman. Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy o‘z ahamiyatiga ko‘ra islom dinida Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘tabar kitob hisoblangan "Sahihi Buxoriy"ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan. Bu ulug‘ zotning g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma’rifiy islom to‘g‘risidagi ta’limotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildik. Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. O‘z navbatida muhtaram yurtboshimizning bu chiqishlarini barcha musulmon aholisi diqqat bilan kuzatdi va katta qiziqish bildirdi.

Muhtaram azizlar! Quyida Imom Buxoriy r.a.ning “Adabul mufrad” kitoblarida keltirilgan hadislardan zikr qilib o‘tamiz.

عن أَنسٍ رضي الله عنه أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: "مَنْ أَحبَّ أَنْ يُبْسَطَ لَهُ في رِزقِهِ ويُنْسأَ لَهُ في أَثرِهِ فَلْيصِلْ رحِمهُ".

ya’ni: Anas r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Kim rizqi keng va umri uzoq bo‘lishini istasa silai rahm qilsin (qarindoshlik aloqasini bog‘lasin).

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  قَالَ: "مِنَ الْكَبَائِرِ شَتْمُ الرَّجُلِ وَالِدَيْهِ" قَالُوا: "يَا رَسُولَ اللَّهِ  وَهَلْ يَشْتِمُ الرَّجُلُ وَالِدَيْهِ ؟" قَالَ: "نَعَمْ  يَسُبُّ أَبَا الرَّجُلِ فَيَسُبُّ أَبَاهُ  وَيَسُبُّ أُمَّهُ فَيَسُبُّ أُمَّهُ".  

ya’ni: Abdulloh ibn Amr ibn Al-Os r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Kishi o‘z ota-onasini so‘kishi kabira gunohlardan sanaladi”. Sahobalar: Yo Rasululloh! Kishi o‘z ota-onasini ham so‘kadimi? – deb so‘rashdi. Rasululloh s.a.v.: “Ha, u boshqa kishining otasini so‘ksa u ham buning otasini so‘kadi. Uning onasini so‘ksa, u ham buning onasini so‘kadi”, dedilar.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلَا يُؤْذِ جَارَهُ وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلْيُكْرِمْ ضَيْفَهُ وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلْيَقُلْ خَيْرًا أَوْ لِيَصْمُتْ".

ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa qo‘shnisiga ozor bermasin. Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa mehmonini hurmat kilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin”.

عن أبي هريرة رضي الله تعالى عنه أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: "لَيسَ الشَّدِيدُ بِالصُّرَعةِ إِنَّمَا الشَّدِيدُ الَّذِي يَملِكُ نَفْسَهُ عِندَ الغَضَبِ".

ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Kurashda yenggan kishi kuchli emas, g‘azabi kelganda o‘zini tutgan kishi haqiqiy kuchlidir”.

 

Alloh taolo u zotni rahmati va rizvoni bilan sarafroz qilib, nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlarning yonidan joy bersin! Boshlangan yangi yilimizni yurtimiz va xalqimiz uchun xayrlik va barakotlik, tinchlik va omonlik yili qilsin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Shifo oyatlarini o‘qing!

23.12.2024   1080   2 min.
Shifo oyatlarini o‘qing!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Qatoda roziyallohu anhuning haqqiga bunday duo qilganlar: “Allohim, uning yuzini yanada go‘zal qilgin, sochlari va tanasini quvvatli qilgin. Qatoda roziyallohu anhu 75 yoshida vafot etganida go‘yo o‘n besh yoshli yigitga o‘xshardi.

Bir kuni Imom Qosim Kushayriy rahimahullohning o‘g‘li kasal bo‘lib qoldi. Ota farzandining kasalligidan qattiq g‘amga botdi. Kunlarning birida tushida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘radi va o‘g‘liga shifo tilab duo so‘raydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “O‘g‘lingga shifo oyatlarini o‘qi”, deydilar. Qosim Qushayriy rahmatullohi alayhi ularni o‘qiydi va o‘g‘li tuzalib ketadi.

Shifo oyatlariga quyidagilar kiradi:

وَيَشْفِ صُدُورَ قَوْمٍ مُؤْمِنِينَ

(Alloh) mo‘minlar qavmi qalblariga shifo beradi” (Tavba surasi, 14-oyat).

 

يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ

“Ey, odamlar! Sizlarga Robbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi, 57-oyat).

 

يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

“Ularning (asalarilarning) qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir” (Nahl surasi, 69-oyat).

 

وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآَنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ

(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz” (Isro surasi, 82-oyat).

 

وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ

Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur (Shuaro surasi, 80-oyat).

 

قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ

Ayting: “(Ushbu Qur’on) iymon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma’naviy illat uchun) shifodir” (Fussilat surasi, 44-oyat).


Davron NURMUHAMMAD