Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib etish, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, Islom dini ta’limotlarini tarqatish va turli tahdidlardan himoya qilish, xalqimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni to‘g‘ri tarbiya qilishda faollik ko‘rsatgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirish maqsadida «Sarhisob» tanlovi har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda.
Ushbu an’anaga muvofiq bugun, 30 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida tanlovning Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Toshkent islom universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Bu yilgi tanlov har yilgidan o‘zgacha tarzda tashkil etildi, ya’ni uning hududiy bosqichlari ham o‘tkazildi. 2017 yilning 1 yanvaridan 2017 yilning
1 oktyabrgacha gazeta va jurnallarda bosilgan, radio orqali efirga uzatilgan, televideniyeda ko‘rsatilgan va Internet tarmog‘ida e’lon qilingan materiallar tanlovda ishtirok etdi. Hududiy bosqich g‘oliblari respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tanlovning respublika bosqichi «Jaholatga qarshi – ma’rifat» shiori ostida o‘tkazildi. Respublika bosqichi g‘oliblari hududiy bosqichda g‘olib chiqqan ishtirokchilar orasidan saralandi.
G‘oliblarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari nutq so‘zladilar. Muftiy hazratlari, bugungi kunda yurtimizdagi shiddat bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni va dinimiz ravnaqi yo‘lida qilinayotgan ishlarni ijodkor xodimlar kechayu kunduz, tinim bilmay keng xalq ommasiga namoyish etishda jonbozlik ko‘rsatayotganini alohida qayd etdilar. Mo‘min-musulmonlar manfaati, din g‘ami va Vatan taqdirini yuragidan o‘tkazib ishlaydigan ijod ahlining da’vatkor so‘zi, ibratli faoliyatiga tahsinlar aytdilar. Ijod ahli Alloh taoloning «(Ey Muhammad,) Rabbingiz yo‘li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!..» (Nahl, 125) degan xitobiga amal qilgan holda islom ma’rifatini tarqatishda yanada sobitqadam bo‘lib, berilgan imkoniyatlardan to‘la foydalanish davri kelganini alohida ta’kidladilar. Tanlov g‘oliblariga taqdim etilgan sovg‘alar ramziy ekani, eng oliy mukofot esa Yaratgan Parvardigorning huzurida bo‘lishini qayd etib o‘tdilar.
Shundan so‘ng, televideniye, radio, matbuot va Internet yo‘nalishlarida eng yaxshi deb topilgan ijodiy ishlarning mualliflari hamda ushbu yo‘nalishda alohida namuna ko‘rsatgan targ‘ibotchilar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus diplom va qimmatbaho mukofotlar bilan taqdirlandilar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov so‘zga chiqib, g‘oliblarni qutlar ekan, tanlovning bugungi kundagi ahamiyati, ijod ahlining samarali mehnati va ularni rag‘batlantirishning foydali jihatlari haqida gapirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi direktori Laziz Tangriyev so‘zga chiqib, har bir mavzuni o‘zining professonal mutaxassislari yoritishi haqida gapirib, bu borada diniy soha xodimlari, ulamolar va imom-xatiblar juda faol ishtirok etayotganiga alohida urg‘u berdi. Shuningdek, u Prezidentimiz raisligida 29 dekabr kuni milliy kino san’atini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tganini bildirib, Prezidentimiz buyuk bobolarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Imom Nasafiy hayoti haqida ham filmlar olish kerakligini aytganiga alohida to‘xtaldi.
“Sarhisob – 2017” g‘oliblari bilan tanishing:
Matbuot yo‘nalishi bo‘yicha:
1-o‘rin Odilxon Ismoilov (Toshkent shahar «Shayx Zayniddin» masjidi imom-xatibi);
2-o‘rin Muhtarama Ulug‘ova (“Movarounnahr” nashriyoti muharriri);
3-o‘rin Jahongir Jo‘rayev (Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimi).
Televideniye yo‘nalishi bo‘yicha:
1-o‘rin Hayitov Shuhrat (“O‘zbekiston” telekanali “Madaniy-ma’rifiy va badiiy dam olish dasturlar” bosh muharririyatining bosh muharriri);
2-o‘rin Uyg‘un G‘ofurov (Toshkent islom instituti rektori);
3-o‘rin Ilhom Ma’rupov (“Movarounnahr” nashriyoti muharriri);
Internet yo‘nalishi bo‘yicha:
1-o‘rin Rahmatulla Sayfuddinov (Toshkent shahridagi “Mirza Yusuf” jome masjidi imom-xatibi);
2-o‘rin Olimxon Yusupov (Samarqand viloyati “Maxdumi A’zam” jome masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin Zoirjon Sodiqov (Toshkent shahar vakilligi xodimi).
Radio yo‘nalishi bo‘yicha:
1-o‘rin Shamsiddin Bauatdinov (Qoraqalpog‘iston Respublikasi musulmonlari qoziyoti qozisi);
2-o‘rin Xayrullo Turmatov (Toshkent viloyati bosh imom-xatibi);
3-o‘rin Farhod Abdullayev («Ziyo» media markazi vakili).
Yilning eng faol targ‘ibotchisi:
1-o‘rin Rahimberdi Rahmonov (diniy idora Masjidlar bo‘limi mudiri);
2-o‘rin Nozima Ibragimova (“Xadichai Kubro” bilim yurti mudirasi);
3-o‘rin Damin Jumaqulov (“Movarounnahr” nashriyoti muharriri).
{gallery}//2017/SARHISOB2018{/gallery}
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi