Dinning yaratuvchilik, bunyodkorlik, uyushtiruvchilik va yo‘naltiruvchilik salohiyati hamisha jamiyat rivoji, inson kamolotiga xizmat qilgan. Birinchi prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida: “Bugungi kunda yoshlarimiz nafaqat o‘quv dargohlarida, balki radio-televideniya, matbuot, internet kabi vositalar orqali ham rang-barang axborot va ma’lumotlarni olmoqda. Jahon axborot maydoni tobora kengayib borayotgan shunday bir sharoitda bolalarimizning ongini faqat o‘rab-chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma deb bir tomonlama tarbiya berish ularning atrofini temir devor bilan o‘rab olish, hech shubhasiz, zamonning talabiga ham, bizning ezgu maqsad-muddaolarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Nega deganda, biz yurtimizda ochiq va erkin demokratik jamiyat qurish vazifasini o‘z oldimizga qat’iy maqsad qilib qo‘yganmiz va bu yo‘ldan hech qachon qaytmaymiz”, deb ta’kidlagan edi.
Yoshlarning internetdan unumli foydalanishi ta’minlash har bir ota-ona. ustoz yoki tarbiyachining burchidir. Bu haqda marhum Birinchi prezidentimiz shunday degan edi: “To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, yoshlar bugun axborot va ma’lumotlarni asosan internet orqali olayapti, dunyoni televideniye va kompyuter orqali taniyapti. Ota-onasi, o‘qituvchilari ming targ‘ib-tashviq qilmasin, bugungi yoshlar “O‘tkan kunlar”, “Urush va tinchlik” kabi mumtoz romanlarni yoppasiga o‘qiyapti, deb ayta olamizmi? Modomiki, shunday ekan, endi odamlar, yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, deb faqat nolib o‘tirmasdan, ana shu ta’sirchan zamonaviy axborot vositalari orqali adabiyotimizni keng targ‘ib etish, xususan, internet imkoniyatlaridan foydalanib, yetuk badiiy asarlarni yoshlarga yetkazish ustida ham jiddiy bosh qotirish zarur, deb o‘ylayman”.
Xulosa qilib aytganda, yoshlarni yot ta’sirlarga berilib ketishdan asrash uchun ularda sof islomiy ko‘nikma hosil qilishga harakat qilish, Qur’oni karim xulqi bilan xulqlantirish, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini chuqur o‘rganib, hayotga tatbiq qila bilish, ajdodlarimizning bizgacha qoldirib ketgan asarlaridan, ularning hayotlaridan ibrat olish zarur omillar hisoblanadi.
Sahobaxon MUHAMMADODILOVA,
Xadichai Kubro ayol-qizlar islom bilim yurti talabasi