Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarning birida “O‘zbek ayollariga nima bo‘lyapti?” sarlavhali bir video rolik e’tiborimni tortdi. Qiziqib ochib ko‘rdim. Ekranda bir-birini kurakda turmaydigan, xaqoratli so‘zlar bilan so‘kayotgan, ust-boshini yirtgan, sharmu-hayo degan insoniy xislatlarni unutgancha urishayotgan uch nafar o‘zbek ayolini ko‘rib, yoqamni ushladim. Keyin bilsam, bu sarlavha ostidagi bir-biridan jirkanchli, bir-biridan vaxshiy videolavhalar juda ko‘p ekan. Ming afsus, nadomatlar bo‘lsinkim, bu ayollarning urushini tamosha qilib turganlarning aksariyati erkaklar edi. Negadir ularni ajratish, tarbiyaga chaqirish o‘rniga behayolarcha yarim-yalong‘och ayollarni tamosha qilayotgan, “tekin tamosha” jangini tasvirga olayotgan erkaklardan nafratlandim. Essiz, erkak degan nom, er degan sharaf... Nahot, bu odamlar o‘zlarining kim ekanini unutgan?
Axir, Alloh taolo ularni ayollardan dinda ham, fahm-farosatda ham, kuch-quvvatda ham bir pag‘ona ustun qilib yaratganini anglamaydilarmi?
Hakimlardan biri aytadi: “To‘rt narsada shukr qildim:
Darhaqiqat, Alloh taolo erkaklarni Payg‘ambar, avliyo, solix kishilar chiqarish bilan fazilatli etdi. Erkak kishiga yuksak ishonch bildirib, ularning zimmasiga ma’suliyatni yukladi. Farzandini va ahli ayolini nafaqasi, ota-onasining xizmati, guvohlikdagi ustunlik, taloq lafzi va bunga o‘xshagan sha’riy masalalarda ayollardan ustun qilib qo‘ydi va ayollarga rahbar qildi. Alloh taolo aytadi: “Erkaklar xotinlari ustida rahbardirlar. Bunga sabab Alloh taolo ularning birovlarini birovlaridan (ya’ni, erkaklarni ayollardan) ortiq qilgani va erkaklar (xotinlari va oilalari uchun) o‘z mol-mulklaridan sarf-xarajat qilganlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Endi bugungi kunimizda erlik ma’suliyatini xis qilmasdan, oilasi va farzandlari nafaqasini ta’minlamasdan, ayolini turli-tuman, ayollarga xos bo‘lmagan yurishiga rozi bo‘lib, mardikorchilik uchun turli joylarga yuborayotganlarni kim deb ataymiz? Ayollarga xos bo‘lgan g‘iybat, mish-mish, urush-janjal kabi qabix xislatlarga to‘g‘anoq bo‘lish o‘rniga go‘yoki bu voqealarni kim birinchi tarqatishda musobaqa o‘ynayotgandek, uyalmay tasvirga olib, butun dunyoga tarqatayotganlarini erkak deya olamizmi? Ota-bobolarimiz azal-azaldan erkak kishini “nomus qo‘riqchisi” deb atashgan. Chunki har bir erkak o‘z oilasi, mahalla kuyi, el yurti va millatining nomusini, shanini, obro‘sini himoya qilgan. Ayniqsa ayol-qizlarni nihoyatda avaylagan. Biror-bir yomon otliq ayolni uning mahallasiga, qishlog‘iga nisbat berilishini o‘zlari uchun or deb bilgan. Bugun esa ayrim “erkaklar” bunday xunuk voqealarni yashirish o‘rniga, o‘zgalar ko‘rib qolsa xijolat bo‘lish o‘rniga, “O‘zbek ayollariga nima bo‘lyapti?” degan yozuv ostida butun dunyoga ovoza qilishi nihoyatda ayanchli voqeadir. Qolaversa, muqaddas dinimizda o‘zgalarni aybini yashirish, xato-kamchiliklarini berkitishga katta ahamiyat qaratilgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir musulmonni aybini berkitsa, Alloh taolo uning aybini bu dunyo-yu oxiratda berkitadi” (Imom Muslim) deganlar.
Qolaversa, birovning obro‘sini, sha’nini to‘kishi mutlaqo harom. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bir bandasiga biror ne’matni bersa, o‘sha bandasida bergan ne’matini asari ko‘rinib turishini yaxshi ko‘radi”, deganlar.
Shunday ekan, Alloh taolo bizga bergan bu erkaklik ne’matining asari har qanday xolatimizda ham ko‘rinib tursin.
Yorbek ISLOMOV Uchko‘prik tumani
“Shoh muqaddam” jome masjidi imom noibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati