Xalqimizda “Mehnatdan kelsa boylik – turmush bo‘lar chiroylik”, degan ajoyib maqol bor. Albatta, mehnat kishini ulug‘laydi. Ammo mehnat qilish uchun ham kishida ilm, aql, fahmu farosat bo‘lishi kerak. Alloh taolo Baqara surasining 172-oyatida “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” deb marhamat qilgan.
Demak, mehnatimiz halollik asosida bo‘lishi va poklik mezonida o‘lchanishligi kerak ekan.
Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, Odam alayhissalom dehqonchilik, Idris alayhissalom xattotlik, Nuh alayhissalom durodgarlik, Dovud alayhissalom esa temirchilik bilan shug‘ullangan. Payg‘ambarlar mehnat bilan shug‘ullanib bizlarga o‘rnak bo‘lgan ekan, bizlar ham o‘zimiz yoqtirgan kasbning ustasi bo‘lib, oilamizni halol pokiza rizq bilan boqishimiz kerak.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kimki tilanchilik qilishdan saqlanish, oilasini boqish va qo‘ni-qo‘shnilariga muruvvat qilish maqsadida halol yo‘l orqali rizq topish bilan mashg‘ul bo‘lsa, qiyomat kunida u Alloh taologa yuzi to‘lin oydek yorug‘ bo‘lgan holda yo‘liqadi”. Bu hadisi sharif har birimizning dasturul amalimiz bo‘lishi zarur.
Halol mehnat kishini ulug‘laydi va jannatga yetaklaydi. Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Gunohlar ichida shundaylari borki, unga faqat halol rizq topish maqsadida qilingan harakatgina kafforat bo‘ladi”. Shunday ekan, kelajagimiz bo‘lmish jondan aziz farzandlarimizga halol kasb-hunar o‘rgatib, ularni hech qachon o‘zgalarning haqiga ko‘z tikmaydigan, vatani, xalqi, dini uchun jon fido qiladigan ruhda tarbiya qilmog‘imiz lozim.
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.