Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ne bir narsani infoq-ehson qilsangizlar, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U eng yaxshi Rizq berguvchidir” (Saba’ surasi, 39-oyat), deydi. Infoq-ehson qilmaslik va sadaqa ulashmaslik yoki mablag‘i kamayib qolishidan qo‘rqish Alloh haqida yomon gumon qilishdan yuzaga keladi.
Xalqimizdagi yaxshilik qilish, samimiylik, saxovatpesha insonlarning yetimparvar va kambag‘alparvarliklari bandalarga xos bo‘lgan sifatlardan biridir.
Poyoniga yetib borayotgan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yilida otinoyilarimiz mahallalardagi ayollar bilan ularning og‘irini yengil qilish, dardlari va muammolarini tinglab yechimini topish borasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz qariyalar va nogironlarning xonadonlariga tashrif buyurilib, ular imkon darajasida moddiy va ma’naviy qo‘llab quvvatlandi.
Shayxontohur tumani Beltepa mavzesi, 4-uy, 43-xonadonda istiqomat qiluvchi 1979 yil tug‘ilgan Rahmonova Ozoda 2 nafar voyaga yetmagan nogiron farzandlari bilan boshpanasiz edi. Shayxontohur tumanida faoliyat yurituvchi otinoyilar muntazam ravishda Ozoda opa xonadoniga tashrif buyurib, suhbatlar o‘tkazib, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berib kelishgan.
Davlatimiz rahbarining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Rahmonova Ozoda opaga ham Sergeli tumanidan qurilgan yangi uylardan 2 xonali xonadon berildi. Ozoda opaning quvonchi cheksiz va prezidentimizning himmatidan juda minnatdor. Uylarni topshirish marosimiga otinoyilarimiz ham taklif qilindi. Marosim tantanali ravishda o‘tkazildi. Ozoda opaning mahzun kunlari guvohi bo‘lgan otinoyilarimiz uning bugungi xursandchiligini ko‘rib, Yaratganga shukronalar aytib, mamnun bo‘ldilar.
Dilbar OTABOYEVA,
Toshkent shahar bosh imom-xatibining
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati