Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Rivoyat asosida yozilgan tafsir (1-maqola)

29.12.2017   7774   5 min.
Rivoyat asosida yozilgan tafsir (1-maqola)

“Tafsiru ma’sur” deganda, biror oyatning ma’nosini boshqa oyat yoki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari bilan, sahobiy yoki tobeindan naql qilingan so‘z bilan bayon etish tushuniladi. Bu yerda tobein so‘zini – agar ulamolar o‘rtasida tobeinning fikri ra’y deyilishi yoki ma’sur deyilishi ixtilofli bo‘lsa ham qo‘shib qo‘yildi. Chunki  Ibn Jarir singari ba’zi mufassirlar tafsiri ma’surda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan va sahobalardan qilingan rivoyatlar bilan kifoyalanmasdan, balki tobeinlardan qilingan rivoyatlarni ham keltirganlar.

Tafsiri ma’surning vujudga kelish davri ikki bosqichdan iborat: birinchisi, rivoyat davri bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z sahobalariga Qur’oni karimning ba’zi oyatlari ma’nosidagi maxfiylikni ochib berganlar. Uni sahobai kiromlar zehnlarida saqlab, og‘izma-og‘iz bir-birlariga, keyinchalik tobeinlarga yetkazganlar. 

O‘z navbatida, Qur’oni karimning ba’zi oyatlari ma’nosini sahobalar ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitganlariga qo‘shimcha ehtiyojga muvofiq ijtihod qilib tafsir qilganlar. 

Tobeinlar ham o‘z davrida oyatlardagi ba’zi maxfiylikni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan va sahobalardan qilingan rivoyatlar ustiga o‘zlari ham ijtihod va ra’y bilan xalqqa tushuntirganlar.

Tafsirdagi shunday o‘zgarish va kengayish tabaa’ tobeinlarning (tobeinlardan keyingi avlod) davrida ham davom etdi.

 Ikkinchisi tadvin davridir. Bu davrda birinchi bo‘lib tafsiri ma’sur (rivoyatlar asosida tafsir) yozildi. Lekin bu davrda yozilgan tafsir alohida kitob bo‘lmasdan, balki rivoyat qilingan hadislar kitobining bir bobi sifatida yozilgan edi. Qur’on tafsirini bir bob sifatida bo‘lsa ham birinchi yozgan kishi Madina imomi Al-imom Molik ibn Anas Al-Asbahiy edi.

Keyinchalik hadisdan tafsir ajratildi va alohida kitob sifatida yozildi. Qur’oni karim tafsirini alohida kitob shaklida birinchi bo‘lib yozgan kishi Ali ibn Abu Talha bo‘lib, uni Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan rivoyat asosida yozdi.

Keyin Qur’onning bir juz’iga tafsir yozildi, uning muallifi Abu Ravq, undan keyin esa uch juz’iga Ibn Jurayjdan qilingan rivoyat asosida Muhammad ibn Savr tafsir yozdi.

Ibn Jarirning yozgan tafsiri esa tafsiri ma’surning eng mukammali bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan tafsiri ma’surda ham isnodsiz rivoyatlar qilish boshlanib ketdi va sahih rivoyat bilan nosahihni ajratib bo‘lmay qoldi, hatto bu narsa yolg‘on rivoyatlarning ko‘payishiga ham sabab bo‘ldi.

 Yuqorida aytilganlardan ma’lumki, tafsiri ma’sur Qur’oni karim oyatini Qur’on oyati, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnati, sahoba yoki tobeinlarning rivoyati bilan tafsir qilishdan iboratdir. Shunday ekan, Qur’onni Qur’on bilan yoki hadis bilan qilingan tafsir shubhasiz qabul qilinadi.

Agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan rivoyatlarning isnodi yoki matni zaif bo‘lsa, uni qabul qilinmaydi, ya’ni marduddir. 

Ammo sahobalar va tobeinlardan rivoyat qilingan hadislar bilan tafsir qilinga bo‘lsa, ularga xalal aralashgan bo‘ladi va zaif sanaladi. Chunki tafsir kitoblarida sahobiylar nomidan rivoyat qilingan ko‘plab hadislar borki, ular sahih emasdir. Ayniqsa Ibn Abbos roziyallohu va hazrat Ali roziyallohu anhu nomlaridan juda ko‘p yolg‘on hadislar rivoyat qilingan. Shuning uchun Imom Shofeiy rohimahulloh: “Ibn Abbosdan tafsir haqida yuztacha hadis rivoyat qilingan, xolos” deganlar. Demak, Ibn Abbos roziyallohu nomlariga nisbat berilib, juda ko‘p hadislar to‘qilgan. Tafsiri ma’surning zaif sanalishiga uchta sabab bor:

  1. a) Tafsirda mavzu’ (rivoyatga asoslanilmagan, to‘qilgan) gaplarning paydo bo‘lishi;

Tafsirda mavzu’ gaplarning paydo bo‘lishi, ularning hadisda paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda boshlandi. Chunki tafsir bilan hadis bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib, ular bir-biridan mustaqil bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, hadisda sahih, hasan, zaif, roviylari orasida ishonchli, shubhali, yolg‘onchilari bo‘lganidek, tafsirda ham va mufassirlar orasida ham shundaylari bor.

Mavzu’ hadis va tafsirlarning paydo bo‘lishi hijratning qirq birinchi yilidan boshlandi. Bu davrga kelib  musulmonlar siyosiy jihatdan bir necha firqaga bo‘linib ketgan edilar. Buning ustiga qalbi kufr bilan to‘la, ammo zohirda o‘zini musulmon va dinparvar qilib ko‘rsatuvchi kimsalar paydo bo‘lib, bunday tafriqa zamoni ularning g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishga, dinda buzg‘unchilikni ko‘paytirishga, din ahllarini yo‘ldan ozdirishga qulay imkoniyat yaratib berdi. Natijada ko‘plab botil rivoyatlar to‘qildi, bu rivoyatlarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahoba roziyallohu anhumlarga nisbat berildi. Masalan: shialar o‘z mazhablarining afzal ekanini tushuntirish va hazrat Aliga nisbatan kishilar qalbida muhabbat paydo qilish, xavorijlar esa “ahli sunna val-jamoa”ni ayblash maqsadida Qur’ondan biror oyatni dalil keltirishga zo‘r berib urinar, buning uchun esa rivoyatlar to‘qib, bu rivoyatlarning nisbatini ishonchli bo‘lsin uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yoki biror sahobiyga bog‘lab aytar, maqsadi esa bid’at va xurofot tarqatishdan boshqa narsa emas edi. Ayniqsa, mavzu’ rivoyatlarning juda ko‘pi hazrat Ali roziyallohu anhuga va Ibn Abbos roziyallohu anhuga nisbat berilgan edi. Bu ikki ulug‘ sahoba Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ahli baytlaridan bo‘lgani uchun musulmonlar hech shubha qilmasdan ishonardilar. Ammo e’tibor berib qaralsa, Ali rozihyallohu anhuga faqat shialar, Ibn Abbos roziyallohu anhuga faqat abbosiylar shunday nisbat berganlar. 

 

Azizxo‘ja INOYATOV,

Buxoro tumanidagi “Chahor Bakr” jome masjidi imom-xatibi

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Farzand tarbiyasiga oid 6 oyat

9.01.2025   2348   2 min.
Farzand tarbiyasiga oid 6 oyat

Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.


Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.

“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).

Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.


Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.

“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).

Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.


Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.

“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).


Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.

“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).


Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.

“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).


Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.

(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir(Luqmon surasi, 19-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD