Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446

7 savolga 7 javob: Zakot va sadaqa

29.12.2017   10628   8 min.
7 savolga 7 javob: Zakot va sadaqa

1-savol: Yaqinda bir tanishim “Mehribonlik uyi”ga zakot berib bo‘lmaydi, chunki kelajakda shu maskanda yetishgan yomon bolalarning gunohiga sen ham sherik bo‘lasan, deb aytdi. Shu to‘g‘rimi?

 

Javob: Zakot moliyaviy ibodatdir. Moli nisobga yetgan musulmon haqdor mo‘min kishilarga molining qirqdan bir bo‘lagini beradi.

 

Qur’oni karimda:

 

“(Ey mo‘minlar!) Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz va Payg‘ambarga itoat etingiz, zora (shunda) rahm qilinsangiz” (Nur, 56), deyilgan.

 

Zakotning hikmatlaridan biri insonni molu dunyodan ustun qilish, inson molu dunyoning quli emas, balki molu dunyo insonga qaram ekanini anglab yetishdir.

 

Zakot berish orqali jamiyatdagi iqtisodiy jihat­dan baquvvat kishilar baxillik balosidan xalos bo‘ladilar. Zakot berish Alloh taolo bergan ne’matlarga shukr qilishning bir ko‘rinishidir.

 

Imom G‘azzoliy (rahmatullohi alayh) zakot to‘g‘risida bunday deydi:

 

“Alloh taolo o‘z bandasiga jon ne’mati va mol ne’matini bergandir. Badan ibodatlari – namoz, ro‘za, haj jon ne’matining shukridir. Moliyaviy ibodatlar – zakot, sadaqa, xayri ehson mol ne’matining shukridir” (“Ihyou ulumiddiyn”).

 

“Mehribonlik uyi”da tarbiyalanayotgan bolalarning kelajakda yomon bo‘lishini (Alloh asrasin) biz qayerdan bilamiz? Shunday ekan, zakotday ulug‘ ibodatdan ham birovlarning asossiz so‘zi ustun bo‘lmasligi aniq.

 

Mo‘min-musulmonlar shunga o‘xshash asossiz gaplarni deb Alloh taolo buyurgan ulug‘ ibodatni tark etmasliklari kerak.

 

2-savol: Ayol kishining taqinchoqlaridan zakot beriladimi?

 

Javob: Zakot berishning shartlari bor. Shulardan biri molning miqdori nisobga yetgan bo‘lishi va bir yil o‘tishi kerak. Taqinchoqlardan ham tilla yoki kumush miqdori nisobga yetsa, albatta, zakot beriladi.

 

3-savol: Hozirgi kunda bozorlarda, chorrahalarda, masjidlar oldida va ziyoratgohlarda turli yoshdagi erkak va ayollar, hatto yosh bolalar o‘tganketganga qo‘lini cho‘zib, tilanchilik qilayotganini ko‘p uchratamiz. Ularga sadaqa va zakotlarni berish mumkinmi?

 

Javob: Tilanchilarga sadaqa va zakotlarni berishning joiz yoki nojoizligi ular ega bo‘lgan mulkka ko‘ra aniqlanadi. Ba’zilar boy-badavlat bo‘lganlari holda, tilanchilikni o‘zlariga kasb qilib olgan. Ular garchi bilaklarida kuchi bo‘lsada, tilanchilik qilishni tashlay olmaydi, chunki mehnat qilib, peshona teri bilan tirikchilik qilishga ko‘nikishmagan. Unday kishilarga sadaqa berish mumkin emas. Shuningdek, tilanchilikni o‘ziga odat qilib olgan ayollar va yosh bolalarga ham sadaqa berish joiz emas.

 

4-savol: “Sadaqa qiling, sadaqa – raddi balo” degan iborani eshitgan ba’zi kishilar har xil balo-ofatlardan omonda bo‘lish uchun sadaqa qiladi. Bu narsa shirk bo‘lib qolmaydimi, yoki yuqoridagi ibora noto‘g‘rimi?

 

Javob: Yo‘q. “Sadaqa – raddi balo”, degani “Sadaqa baloning qaytarilishiga sabab bo‘ladi”, deganidir.

 

“Sadaqa – raddi balo”, deganda sadaqaning o‘zi balolarni qaytaradi, deb tushunmaslik kerak. Zero, Alloh taolo sadaqa sababli har xil balolarni daf qiladi.

 

Kishini yoki narsani haqiqatan balolarni qaytaradi, deyish shirkdir.

 

5-savol: Hozirgi kunda bozorlarda, chorrahalarda, masjidlar oldida va ziyoratgohlarda turli yoshdagi erkak va ayollar, hatto yosh bolalar o‘tgan-ketganga qo‘lini cho‘zib, tilanchilik qilayotganini ko‘p uchratamiz. Ularga sadaqa va zakotlarni berish mumkinmi?

 

Javob: Tilanchilarga sadaqa va zakotlarni berishning joiz yoki nojoizligi ular ega bo‘lgan mulkka ko‘ra aniqlanadi. Ba’zilar boy-badavlat bo‘lganlari holda, tilanchilikni o‘zlariga kasb qilib olgan. Ular garchi bilaklarida kuchi bo‘lsada, tilanchilik qilishni tashlay olmaydi, chunki mehnat qilib, peshona teri bilan tirikchilik qilishga ko‘nikishmagan. Unday kishilarga sadaqa berish mumkin emas. Shuningdek, tilanchilikni o‘ziga odat qilib olgan ayollar va yosh bolalarga ham sadaqa berish joiz emas.

 

6-savol: Muhtaram Muftiy hazratlari! Ro‘zada beriladigan fitr sadaqasi haqida ma’lumot bersangiz.

 

Javob: Fitr sadaqasining berish sharti qurbonlik qilishning sharti bilan bir xil. Ya’ni, hojati asliya (birlamchi ehtiyoji)dan tashqari kumush nisobi miqdoridagi har qanday ko‘rinishdagi molga ega bo‘lgan musulmon fitr sadaqasi berishi vojibdir (“Muxtor sharhi Ixtiyor”). Bu mol o‘sib (ko‘payib) turishi va bir yil mobaynida kamaymasligi shart emas.

 

Fitr sadaqasi ushbu to‘rt narsadan beriladi: bug‘doy, arpa, xurmo (arab xurmosi), mayiz (“Xizonatul Muftiy”, “Sharhi Tahoviy”).

 

Fitr sadaqasi bug‘doydan yarim so’, arpa va xurmodan bir so’ miqdorda beriladi. Bug‘doy va arpaning uni ham xuddi bug‘doy va arpa kabidir. Mayizdan esa, Abu Hanifa va ikki Imomning so‘zlariga ko‘ra, bir so’ miqdorida sadaqa beriladi.

 

Bug‘doydan ko‘ra unni sadaqa qilish afzal, unni bergandan esa, pulini bergan yana ham yaxshiroqdir. Chunki pul kambag‘alning har turli ehtiyojini qondiradi. Fuqaholarning fatvolariga ko‘ra, aytib o‘tilgan narsalarning o‘zi emas, balki ularning qiymatini berish avlodir.

 

Bu aytilgan miqdor har bir jon boshi uchundir, oilada nechta odam bo‘lsa, shunga qarab hisoblanadi (“Fatovoyi Hindiya”).

 

7-savol: “Nimaiki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz!” (Baqara, 215) oyatini sharhlab bersangiz. Javobingiz uchun oldindan rahmat.

 

Javob: Ushbu oyatda inson kimlarga infoq-ehson qilishi kerak ekani ma’lum qilingan.

 

Ota-ona: Ota-ona inson uchun eng yaqin kishilar, ularning farzandlarida haqlari ko‘p. Qur’oni karimda buyurilgan:

 

“Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!..” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt! Ularga mehribonlik bilan xorlik qanotini past tut va (duoda) ayt: “Ey Rabbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!”” (Isro, 23–24).

 

Qarindosh-urug‘: Qarindoshlarga infoq-ehson qilish bilan kishi ikki hissa savobga erishadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar:

 

“Miskinga qilingan sadaqaga bitta savob, qarindoshga qilingan sadaqaga ikkita savob: biri sadaqa, ikkinchisi, silai rahm uchundir” (Imom Termiziy).

 

Yetimlar: Yetimlar jamiyatdagi eng ojiz va himoyasiz toifadir. Ularga yaxshilik qilish, infoq-ehson ulashib mehr ko‘rsatishning savobi ulug‘dir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):

 

“Men va yetimni qaramog‘iga olgan kishi jannatda mana shunday yonma-yon turamiz”, deb ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini ochib ko‘rsatdilar (Imom Buxoriy).

 

Miskinlar (hech qanday mulkka ega bo‘lmaganlar): Qur’oni karim oyatlari va hadislarda miskinlarga ehson qilishga ko‘p targ‘ib etiladi. Miskinlar sadaqa olishga haqli kishilar bo‘lib, ularning hojatini chiqarish ulkan savobdir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Beva hamda miskinga infoq qilish uchun sa’y qilgan kishi, Alloh yo‘lida jihod qilgan, tuni bilan namoz o‘qigan va kuni bo‘yi ro‘zador yurgan kishi kabidir”, deb marhamat qilganlar (Muttafaqun alayh).

 

Musofirlar: Musofir kishi o‘z shahri, qishlog‘idan uzoqda bo‘lib, unga turli mashaqqatlar yetishi mumkin. Shunda yordam so‘raydigan yaqinlari bo‘lmagani bois, qiynalib qolishi tabiiy. Shu bois u infoq-ehson qilinadiganlar qatorida zikr etilgan.

 

Shuningdek, talabalarni ham musofirlar deb aytiladi. Ba’zi manbalarda “ibni sabil”, ya’ni biz “musofir” deb tarjima qilganimizni Alloh yo‘lida ilm o‘rganayotganlar, deya tafsir qilingan.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yurt tinchligiga hissa qo‘shayotgan barcha – Vatan himoyachisi

14.01.2025   4200   1 min.
Yurt tinchligiga hissa qo‘shayotgan barcha – Vatan himoyachisi

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami yurtimizda milliy g‘urur va fidoyilik ramzi sifatida alohida o‘rin tutadi. Bu kun Vatan himoyasi yo‘lida halollik va jasurlik ko‘rsatgan barcha fuqarolarni qadrlash, ularning hissasini e’tirof etish kunidir. 
 

Vatan himoyachilari nafaqat harbiylar, balki mamlakat tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan barcha insonlardir. Ular sog‘lom, barqaror jamiyat qurish yo‘lida faoliyat olib borayotgan, ertangi kunning tinchligi uchun mehnat qilayotgan va boshqalarga namuna bo‘layotgan kishilardir. 


Har bir kishi vatanparvarlikni o‘z oilasidan, mahallasidan boshlashi lozim. Otinoyilar, ustozlar va ziyolilar yosh avlodga Vatanga bo‘lgan muhabbatni, uni himoya qilish mas’uliyatini yoshlikdan o‘rgatmog‘i kerak. Chunki kelajak avlodning ma’naviyati va irodasi Vatan mustaqilligini yanada mustahkamlaydi. 


Bugungi kunda yoshlar harbiy bilimlar bilan birga axloqiy va ma’naviy tarbiyaga ham katta ahamiyat berishi kerak. Shu yo‘l bilan ular Vatanga fidoyilik bilan xizmat qilishga tayyor, shijoatli va barkamol shaxslar bo‘lib yetishadi. 


14 yanvar kuni nafaqat bayram, balki Vatanga sadoqat va mas’uliyatni eslatuvchi muhim sana bo‘lib, har birimizga milliy iftixor hissini uyg‘otadi. Tinchlikning qadrini bilish, uni asrash va kelajak avlodga sog‘lom yurt qoldirish barchamiz uchun muqaddas burchdir. 


Rizvon Bahramova,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi