Ko‘p yillardan buyon qishloq xo‘jaligi sohasida rahbar lavozimlarda faoliyat yuritib kelgan davlat arbobi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professori Maqsud Ibragimovni xalqimiz Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish bilan shug‘ullanib kelayotgan olim sifatida yaxshi taniydi.
Yetmish yoshni qarshilagan el oqsoqoli – tinib-tinchimas odam. U juda band inson bo‘lishiga qaramasdan, Qoraqalpog‘iston axborot agentligi sharhlovchisi bilan ilmiy yangiliklarini bo‘lishishga rozi bo‘ldi.
– Maqsud Yuldashevich, Orol fojiasi natijasida birinchi navbatda xalqimiz, so‘ngra butun dunyo jabrlanayotgani bot-bot takrorlanib kelinmoqda. Uning oqibatlarini yengillashtirish maqsadida bir qancha chora-tadbirlar olib borildi. Xo‘sh, ahvol o‘zgardimi?
– Birinchidan, Orol dengizining suvi tortilib, qurigan qismida yangi tuproq qatlamining paydo bo‘lish jarayoni ketmoqda. Tabiiy tarzda o‘t-o‘lanlar o‘sib chiqmoqda. Demak, qurib qolgan maydonlar zaharli chang-to‘zonlardan tozalanib, bu yerdagi tuproq hosildorligi ortmoqda. Ikkinchidan, hozirgi paytda suvsizlanib qolgan maydonlarda yuz minglab gektar yerlarga o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan o‘simliklar (saksovul, qandim va hokazo) ekilib, o‘rmonlar barpo etilmoqda. Orol dengizining 5,5 million gektar maydonidagi qurib qolgan yerlarning kamida 3,5 million gektar yerida tabiatning kuchi bilan o‘t-o‘lanlar o‘sib ketsa, bu yerlarda ulkan yaylov maydonlari paydo bo‘lishi mumkin.
Hozirgi paytda ekologik vaziyatlar sababli Qizilqum va Ustyurt yaylovlarining tabiiy hosildorligi kamayib bormoqda. Shu sababli dengizning suvsiz maydonlarini chorvachilik uchun yaylov sifatida foydalanish kelajakda dolzarb muammoga yechim bo‘la olar edi. Bu choralar uzluksiz amalga oshirilsa, hududdagi ekologik ahvol ham yaxshilanishi kutilmoqda.
– O‘t-o‘lan o‘smaydigan yerlarda chang-to‘zon hali ham ko‘tarilishda davom etmoqdami?
– Buning ham chorasi topildi. Yaqinda Qoraqalpoq davlat universitetining Ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasi doktoranti Mahmud Allamuratov ilmiy yangilik – dengizning o‘simlik o‘smaydigan qumli yerlarida qumlarning ko‘chishini to‘xtatish uchun sepiladigan (purkaladigan) kimyoviy birikmani ixtiro qildi. «Amu 1», «Amu 2» nomi berilgan ushbu birikmalar qumning yuzasini 8 millimetr qalinlikda qotirib tashlaydi. Har yomg‘ir yog‘ishi birikmaning mustahkamlanishiga zamin yaratadi.
– Orol dengiziga suv olib kelishning imkoni bor ekan. Siz yaqinda o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada shu masalani ko‘targan edingiz. Demak, dengizni to‘ldirish mumkin, shundaymi?
– Jizzaxda katta ko‘llar tizimi bor. 1969 yili Sirdaryo suvining to‘lib, 21 kub kilometr suvning qirg‘oqlaridan chiqib ketishi natijasida paydo bo‘lgan ushbu Aydar-Arnasay ko‘llar tizimi hozir Qizilqumni botqoqlikka aylantirmoqda. Chunki, 1993 yildan buyon bir necha bor Sirdaryoning ortiqcha suvi shu ko‘llarga quyilib, ko‘llar tizimining maydoni yildan-yilga kattalashib bormoqda. Uning suvini bekorga cho‘lga oqizib yuborilgandan ko‘ra, Orol dengiziga quyishning chorasi ko‘rilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bundan, albatta, dengiz to‘lib qolmaydi, lekin uning minerallashuv (tuz ko‘lamining ortishi) darajasining pasayishiga xizmat qiladi.
– Nima sababdan Sirdaryoning suvi hali ham bu ko‘llar tizimiga kelib quyilmoqda?
– Sirdaryoning suvi Qozog‘iston tomondagi dambadan to‘liq o‘tmaydi. Dambadan suvning hammasi o‘tib ketishi hisobga olinmagan. 1969 yili bu ko‘llarning umumiy maydoni 2 ming 175 kvadrat kilometrni tashkil qilgan bo‘lsa, hozir 4 ming kvadrat kilometrdan ortib ketdi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, 200 ming gektar yaylovlar suv ostida qolgan, suv quduqlari, baliqchilarning yashash joylari yuvilib ketgan, Qizilqum cho‘lini botqoqlik egallab bormoqda. Hozir bu ko‘llardagi suv yuzaga kelgan vaqtdagidan 3 barobar ko‘payib ketdi. Bundan tashqari, yer osti suvlarining, kollektor-drenaj suvlarining ham shu yerga to‘planishi ko‘llar tizimining tuzlanish darajasini yanada orttirmoqda.
– Aydar-Arnasay ko‘llar tizimi Orol dengizi tomon yo‘naltirildi ham deylik. Keyin shu yerda baliqchilik bilan kun kechirayotgan xalqning ahvoli qanday bo‘ladi, shuningdek, ko‘llardagi baliqlar, tirik jonzotlarga nima bo‘ladi? Bu jarayon shu hududdagi iqlimning o‘zgarib ketishiga olib kelmaydimi?
– Ilgari ham aytganimdek, ko‘llarning maydoni ortgani sari ko‘plab yaylovlar, qamishzorlar va o‘rmonlarni suv bosib bormoqda. “O‘zgidromet”ning, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi baliqchilik markazining o‘tkazgan tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, suv ostiga cho‘kkan qamishlar bilan daraxtlar ko‘llarning tubida chirib, serovodorod qatlamini paydo qilmoqda. Bu qatlam ko‘llardagi barcha jonzotlarning yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘ladi. Ma’lumotlarga qaraganda, 3 metr chuqurlikda zaharli ammoniy azoti borligi, ayrim joylarida umuman kislorodning yo‘qligi aniqlangan.
Nima bo‘lganda ham, suv cathining bundan ham ko‘tarilishi (hozir maksimal ko‘rsatkichga yetgan – dengiz sathidan 275,5 metr baland) Markaziy Osiyoning qoq markazida ekologik falokatning yuz berishiga olib keladi. Chunki ko‘llardagi tuzlarning ko‘tarilishi va Tyan-Shan muzliklariga tushishi natijasida ular jadal tarzda erishni boshlaydi. Shu ko‘llarga yaqin masofada joylashgan zaharli kimyoviy moddalar saqlanib kelayotgan joylar, qum barxanlari suv tagida qolishi ehtimoldan xoli emas. Suvning ko‘tarilib-qaytishi elektr uzatish liniyalarining ko‘pchiligini suv ostida qoldirmoqda. Shuning uchun ko‘pchilik ferma va aholi yashash punktlari elektrsiz qolmoqda.
Aydar-Arnasay ko‘llari akvatoriyasining ko‘pchilik bo‘lagi baliq ovlash uchun foydalanilmaydi. Davlat bionazorat tomonidan tayyorlangan hisobotda ko‘llarni ijaraga olgan Jizzax viloyatining fermerlari tomonidan ko‘llar tizimining faqatgina 41,1 foizi foydalanilayotgani aytilgan. Ijarachi-fermerlarning ko‘pchiligi ovlangan baliq sohaga sarflanayotgan xarajatni qoplamasligini aytib, faoliyatini to‘xtatmoqda. Tadqiqotlar har biri 50 metrlik 30 to‘rga 20-25 kilogramm baliq tushishini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining «O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhitning va tabiiy resurslardan foydalanishning ahvoli to‘g‘risida»gi milliy bayonnomasida aytilishicha, agar Aydar-Arnasay ko‘llar tizimiga har yili toza suv kelib quyilmasa, minerallashuv darajasi ko‘tarilib boradi va suv havzasi ikkinchi Orolga aylanib qoladi.
Professorning fikricha, janubiy Orolbuyi hududlaridagi ekotizimda yuz berayotgan hodisalarni, ekobiologik jarayonlarni mukammal o‘rganadigan vaqt kelgan.
M.Pirnazarova,
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi sharhlovchisi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.