Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446

Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoati vakillari bilan uchrashdi

29.12.2017   4702   5 min.
Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoati vakillari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 dekabr kuni kimyo sanoati korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy holati va sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

 

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq 2017 yil kimyo sanoati sohasida qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 apreldagi “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mazkur aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi a’zolari to‘liq yangidan tayinlanib, kimyo sanoati tarmoqlari va boshqaruv apparati tuzilmalari qaytadan shakllantirildi.

 

Davlatimiz rahbarining joriy yil 23 avgustdagi qarori asosida 2017-2021 yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Unda umumiy qiymati 3,1 milliard dollarga teng 43 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, sanoat mahsulotlari hajmini 2,4 marta, eksportni 2,7 barobar oshirish, mahalliylashtirilgan mahsulotlar ulushini 42,5 foizga yetkazish hamda 43 ta yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, 3,2 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. Tarmoqning eksport-import faoliyatini tartibga solish, tashqi savdo jarayonlari shaffofligini ta’minlash, eng asosiysi, tashqi bozorlarda kimyo mahsulotlarini sotish hajmini va geografiyasini kengaytirish, raqobatbardoshligi va jozibadorligini yanada oshirishni ta’minlash maqsadida “O‘zkimyoimpeks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.

 

Albatta, amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar kimyo sanoatida ham ijobiy natijalar bermoqda. Lekin tarmoqda uzoq yillar davomida saqlanib kelgan tizimli muammolar hanuzgacha o‘z yechimini topgani yo‘q. Masalan, mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan.

 

Qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishga umuman e’tibor berilmagani yoki masalaga yuzaki yondashilgani ushbu sohadagi o‘zaro hisob-kitoblar tizimida nuqsonlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda, dedi Prezidentimiz.

 

Qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan mineral o‘g‘itlar bilan bog‘liq xarajatlar qoplanmayapti. Oqibatda kimyo korxonalarining ishlab chiqarishga sarflangan tabiiy gaz, elektr energiyasi, fosforit xomashyosi, oltingugurt kislotasi va boshqa turdagi tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish borasidagi imkoniyatlari cheklanib, kreditor qarzdorlik o‘sib ketmoqda.

 

Shu bois 2018 yildan boshlab, iste’molchilarga mineral o‘g‘it yetkazib berish “O‘zkimyosanoat” AJ huzurida tashkil qilinadigan “Yagona agent” vositachiligida birja savdolari orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

 

Ayni paytda ishlab chiqarilayotgan mineral o‘g‘itlarning tannarxini pasaytirish va tarmoq korxonalarining rentabellik darajasini oshirish borasida ham kamchiliklar mavjud. Xususan, azotli o‘g‘itlar tannarxining 67 foizini energiya resurslari tashkil etadi. 2017 yilda “Farg‘onaazot” korxonasi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Qo‘qon superfosfat zavodi, “Ammofos-Maksam” va “Maksam-Chirchiq” birlashmalarida ishlab chiqarish past rentabelli bo‘lgan, “Navoiyazot” korxonasi esa yilni zarar bilan yakunlashi kutilmoqda. Bunday sharoitda korxonalarning o‘z aylanma mablag‘larini shakllantirish imkoniyati butunlay cheklanib, ular muammolarni 16-18 foizli kreditlar jalb qilish orqali hal etib kelmoqda.

 

Shu sababli “O‘zkimyosanoat” AJga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-2019 yillarda kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va raqobatbardoshligini oshirishning aniq chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

 

E’tibor qaratish lozim bo‘lgan yana bir muammo – asosiy texnologik uskunalarning eskirganidir. Buning oqibatida ishlab chiqarishning texnologik tartiblari izdan chiqmoqda, mablag‘ yetishmasligi sababli uskunalar joriy va kapital ta’mirdan o‘tmayapti.

 

Davlatimiz rahbari joriy va kapital ta’mir ishlarini amalga oshirish yuzasidan tarmoq rejasini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

 

Qishloq xo‘jaligini fosforli o‘g‘itlar bilan ilmiy asoslangan darajada ta’minlash masalasi muhokama qilinar ekan¸ bu boradagi ehtiyoj 639,6 ming tonna bo‘lib, bugungi kunda uning 25 foizigina qoplanayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish orqali 2019 yilga borib ishlab chiqarish hajmini 177 ming tonnaga, 2021 yilda yangi fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish majmuasini barpo etish hisobiga 550 ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

 

Yig‘ilishda ilmiy-tadqiqot, malaka oshirish va diagnostika markazlari hamda loyiha institutlari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. Kimyo sohasini rivojlantirish va jahon bozorlarida raqobatbardoshlikni ta’minlash, tarmoqni tubdan diversifikatsiyalash ko‘p jihatdan ilmiy-tadqiqot, loyihalash, injiniring, diagnostika markazlari va, asosiysi, malakali kadrlar salohiyati bilan bevosita bog‘liqdir. Ammo bu yo‘nalishdagi ahvol ham hozircha qoniqarsiz holatda. Shundan kelib chiqqan holda, “O‘zkimyosanoat” AJga tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, Janubiy Koreya kimyoviy texnologiyalar tadqiqotlari instituti bilan birgalikda “O‘zkimyosanoatloyiha” loyihalash instituti va Toshkent kimyoviy texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti negizida ilmiy-tadqiqot, injiniring va loyihalash, diagnostika hamda xodimlar malakasini oshirish yo‘nalishlarini o‘zida mujassam qilgan yagona markazni yaratish vazifasi topshirildi.

 

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   1420   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.