O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida keltirilgan vazifalardan kelib chiqib, Adliya vazirligi muassasa shaklidagi “O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi” nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muassasa shaklidagi “O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi” nodavlat notijorat tashkilotining asosiy maqsad va vazifalari O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan va xorijiy mamlakatlarda o‘qiyotgan hamda mehnat qilayotgan yoshlar bilan ish olib borish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati