Ona Vatanimizda kumush qishning chillasi boshlanganiga ham bir hafta bo‘ldi. Tanamiz sovuq havoga moslashdi. Uzun tunlarimiz ibodatda, qisqa kunlarimiz fayzli barakotli o‘tmoqda. Yurtimizda islohotlar jadal sur’atlarda davom etayotir. Xalqimiz katta ijtiomiy-siyosiy o‘zgarishlar bo‘layotganidan mamnun. Ayniqsa, muqaddas dinimizni o‘rganish uchun ajoyib qulayliklar yaratilmoqda. Diniy o‘quv muassasalari qoshida Arab tilini o‘rganish kurslari ham ish boshladi. Kursga o‘qishga ishtiyoqmandlarning ko‘pligini ko‘rsangiz, ajabo, xalqimiz ilmga shunchalik tashna ekan-a, deb sevinib ketasiz.
Qo‘shni davlatlar bilan ham aloqalarimiz yaxshilanib, xalqaro maydonda mamlakatimizning obro‘si oshib borayotir. Inchunun, Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining norasmiy uchrashuvida ishtirok etgan Prezidentimiz kuni kecha Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan suhbatda O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan hamkorligi yanada mustahkamlanib, tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshganini ta’kidladi. O‘zaro manfaatli hamkorlik a’zo davlatlarni uzviy bog‘lab turishi, ushbu uchrashuv aloqalarga yangi sur’at bag‘ishlashini qayd etdi.
Yurtboshimizning ana shu sa’y-harakatlari nainki, O‘zbekiston xalqining tinchligi, xotirjamligi, hayotining yanada farovon bo‘lishi, balki mintaqamiz, MDH davlatlari tinchligi yo‘lidagi chinakam fidokorlikdir. Biz davlatimiz rahbarining g‘ayrat-shijoatidan o‘rnak olib, kunduzlari mehnatda faol bo‘lsak, tunlari ibodatda qoim bo‘lsak, qanday yaxshi!
Zamharir qishning tunlarini toat-ibodat bilan o‘tkazayotgan yurtdoshlarimizga iymonlashmoqni niyat qilib, tahajjud namozi haqida so‘z yuritishni niyat qildik.
Tahajjud qanday namoz?
Tahajjud – xufton namozidan keyin yoki tunda bir necha soat uxlab turib o‘qiladigan nafl ibodat. Shu boisdan uni “tungi namoz” ham deb ataydilar. Agar bu namoz tunning bir qismi uxlab o‘tkazilgandan so‘ng o‘qilsa, ana shunga “tahajjud” deb ataladi. Tahajjud namozining eng kami ikki rakat, eng ko‘pi o‘n ikki rakat bo‘ladi. Eng afzali, bu namozda har ikki rakatdan so‘ng salom aytilganidir, degan olimlarimiz.
Tahajjud qanday o‘qiladi?
Hadisi shariflardan birida: “Tungi namozda bardavom bo‘ling. Chunki u sizlardan oldingi mo‘tabar zotlarning odati edi. Tungi sajda insonni Allohga yaqinlashtirib, yo‘l qo‘ygan gunohlaridan forig‘ qiladi, ko‘plab kasalliklardan qutqaradi va gunohu ma’siyat ishlardan qaytaradi”, deyilgan (Termiziy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tahajjud namozini hech qachon qochirmaganlar. Hatto og‘ir bemorlik vaqtlarida ham tahajjudni o‘tirgan hollarida o‘qiganlar (Abu Dovud).
Endi ushbu namoz haqida sevimli Payg‘ambarimizga nozil bo‘lgan oyati karimalarni o‘rganamiz.
Alloh taolo Rasuliga quyidagi oyatlarda bunday xitob qilgan:
“Tunda (yarim kechada) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjudni (nafl namozini) o‘qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa” (Isro, 79);
“Bas, ular aytayotgan narsalarga sabr qil. Rabbingga quyosh chiqishidan oldin va botishidan oldin tasbeh va hamd ayt. Shuningdek, kechaning bir qismida va kunduzning atrofida ham tasbeh ayt. Shoyadki, rozi bo‘lsang” (Toho, 130);
“Kechasida ham Unga tasbih ayt. Va sajdadan keyin ham” (Qof, 40);
“Va kechasi ham. Bas, yulduzlar botgandan keyin ham tasbih ayt” (Tur, 49);
“Ertayu kech Rabbing ismini zikr qil. Va kechasida ham Unga sajda qil va uzoq kechalarda Unga tasbih ayt” (Inson, 25-26)
Bu oyati karimalardan tahajjudning nihoyatda savobi ulug‘ namoz ekani ayon bo‘lmoqda. Demak, yarim tunda uyqudan turib ushbu namozni o‘qiyotgan azizlarimiz ulkan savoblarga erishayotgan ekan.
Rabbimiz bizni ham ana shunday savoblarga erishuvchilardan qilsin!
Bu ham hali hammasi emas, mehribon Parvardigorimiz tunlari ibodat qiluvchi obidlarni O‘zining muborak Kalomida maqtagan ham. O‘sha maqtovlarni keyingi maqolamizda yoritamiz, inshoalloh!
O‘MI matbuot xizmati
Islom dini jamoat, ittifoqlik, do‘stlik va mehr-oqibat dinidir. Bir mahalla, bir uyda yashaydigan qo‘shnilar insonga yaqin birodaridan ham yaqinroqdir. Qo‘shnilar o‘rtasidagi o‘zaro totuvlik, yaxshi aloqalar jamiyatning salohiyati va kuchi bo‘lishini ta’minlaydi. Zeroki, Islom dini qo‘shnilarga e’tibor berish, o‘zaro yordam va samimiy aloqalarni tiklashga chaqiradi va bu orqali birlik, ittifoqda bo‘lgan kuchli jamiyatni barpo qilishni talab qiladi.
Bas shunday ekan har bir musulmon qo‘shnisiga e’tibor berib, ularga go‘zal muomala qilishi va shariatga zid kelmagan haqlarini ado etishi kerakdir. Qo‘shnisiga yomonlik qilish, ozor berish musulmonning xulqi emasdir.
Imom Buxoriy va Muslim o‘z sahihlarida Ibn Umar roziyallohu anhu va Oisha roziyallohu anholardan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda bunday deganlar:
وَعَنِ ابْنِ عُمَرَ وَعَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا قَالَا: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَا زَالَ جِبْرِيلُ يُوصِينِي بِالْجَارِ حَتَّى ظَنَنْتُ أَنَّهُ سَيُوَرَّثُهُ». مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ.
Ibn Umar roziyallohu anhu va Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jabroil menga qo‘shni xususida tavsiya beraverganidan uni menga merosxo‘r qilib qo‘yarmikan, deb o‘ylab qoldim”, dedilar. Muttafaqun alayhi.
Qo‘shnilarining haqlariga rioya qilmaslik, ularga yomonlik qilish, ozor berish musulmonni eng yomon, ayanchli oqibatlarga olib keladi. Musulmon uchun imon sifatidan mosuvo bo‘lishdan ham ayanchli oqibat bo‘lmasa kerak?! Imondan mahrum bo‘lishdan, oxiratda jahannamga uloqtirilishdan ham ulkan halokat bo‘lmasa kerak?! Bu holga tushishdan Alloh asrasin!
Bunday ayanchli holatga tushib qolishdan ogohlantirib, bunday past, razil ishlardan qaytarib, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: واللهِ لَا يُؤْمِنُ، وَاللَّهِ لَا يُؤْمِنُ، وَاللَّهِ لَا يُؤْمِنُ قِيلَ: مَنْ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ: «الَّذِي لَا يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ ، مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohga qasamki, mo‘min emas! Allohga qasamki, mo‘min emas! Allohga qasamki, mo‘min emas!” deganlarida, “Kim u, yo Allohning Rasuli?” deyildi. Shunda u zot: “Yomonliklaridan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan kishi”, dedilar. Muttafaqun alayhi.
Hadisdan biz o‘rgangan foydali o‘gitlar:
1. Qo‘shnilar bilan o‘zaro totuvlikda yashash.
2. Qo‘shniga go‘zal muomala qilishning zarurligi.
3. Qo‘shnilar bilan yaxshi, samimiy aloqalar o‘rnatish, qo‘shnilarga e’tibor berish, qiyinchilik vaqtida, tuy va marosimlarda yordam qo‘lini cho‘zish.
4. Qo‘shnining shunday haqlari borki, ularga rioya qilish musulmonning vazifasidir.
5. Kim qo‘shnisiga ozor bersa, uning imoni mukammal emas.
6. Qo‘shniga yomonlik qilish musulmon axloqiga ziddir.
7. Har bir musulmon kishi qo‘shnilariga e’tibor berib, ularga go‘zal muomala qilishi va haqlarini ado etishi. Qo‘shnining haqlaridan: salom berish, bemor bo‘lsa, borib ko‘rish, shariatga zid kelmagan marosim va munosabatlarda ishtirok etish va ularda ko‘maklashish.
8. Qo‘shni zinasidagi chiroqni o‘chirib qo‘yish, ozor beradigan darajada televizor va radio ovozini baland qilish, qo‘shnining ayoli va qizlariga nazar solish, qo‘shnilarni poylab, josuslik qilish, istirohat vaqtlarida shovqin solish, o‘yin o‘ynash kabi holatlar bilan qo‘shnilarga ozor bermaslik.
Beknazar Muhammad Shakur,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.