frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qish – mo‘minning bahori ruknidan (7-maqola): Tahajjud – tungi namoz

28.12.2017   5860   5 min.
Qish – mo‘minning bahori ruknidan (7-maqola): Tahajjud – tungi namoz

Ona Vatanimizda kumush qishning chillasi boshlanganiga ham bir hafta bo‘ldi. Tanamiz sovuq havoga moslashdi. Uzun tunlarimiz ibodatda, qisqa kunlarimiz fayzli barakotli o‘tmoqda. Yurtimizda islohotlar jadal sur’atlarda davom etayotir. Xalqimiz katta ijtiomiy-siyosiy o‘zgarishlar bo‘layotganidan mamnun. Ayniqsa, muqaddas dinimizni o‘rganish uchun ajoyib qulayliklar yaratilmoqda.  Diniy o‘quv muassasalari qoshida Arab tilini o‘rganish kurslari ham ish boshladi. Kursga o‘qishga ishtiyoqmandlarning ko‘pligini ko‘rsangiz, ajabo, xalqimiz ilmga shunchalik tashna ekan-a, deb sevinib ketasiz. 

Qo‘shni davlatlar bilan ham aloqalarimiz yaxshilanib, xalqaro maydonda mamlakatimizning obro‘si oshib borayotir. Inchunun, Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining norasmiy uchrashuvida ishtirok etgan Prezidentimiz kuni kecha Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan suhbatda O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan hamkorligi yanada mustahkamlanib, tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshganini ta’kidladi. O‘zaro manfaatli hamkorlik a’zo davlatlarni uzviy bog‘lab turishi, ushbu uchrashuv aloqalarga yangi sur’at bag‘ishlashini qayd etdi.

Yurtboshimizning ana shu sa’y-harakatlari nainki, O‘zbekiston xalqining tinchligi, xotirjamligi, hayotining yanada farovon bo‘lishi, balki mintaqamiz, MDH davlatlari tinchligi yo‘lidagi chinakam fidokorlikdir. Biz davlatimiz rahbarining g‘ayrat-shijoatidan o‘rnak olib, kunduzlari mehnatda faol bo‘lsak, tunlari ibodatda qoim bo‘lsak, qanday yaxshi!

Zamharir qishning tunlarini toat-ibodat bilan o‘tkazayotgan yurtdoshlarimizga iymonlashmoqni niyat qilib, tahajjud namozi haqida so‘z yuritishni niyat qildik. 

Tahajjud qanday namoz?

Tahajjud – xufton namozidan keyin yoki tunda bir necha soat uxlab turib o‘qiladigan nafl ibodat. Shu boisdan uni “tungi namoz” ham deb ataydilar.  Agar bu namoz tunning bir qismi uxlab o‘tkazilgandan so‘ng o‘qilsa, ana shunga “tahajjud” deb ataladi. Tahajjud namozining eng kami ikki rakat, eng ko‘pi o‘n ikki rakat bo‘ladi. Eng afzali, bu namozda har ikki rakatdan so‘ng salom aytilganidir, degan olimlarimiz.

Tahajjud qanday o‘qiladi?

  1. Niyat qilinadi;
  2. Har ikki rakatdan so‘ng salom aytib sakkiz rakat o‘qilgani ma’qul. Bu bilan azza-bazza tunda uyqudan turib, tahorat olib namoz o‘qigan odam sajdalarining sonini ko‘paytirib oladi;
  3. Ibn Obiddinning “Raddul Muxtor” kitobida aytilishicha, tahajjudni har to‘rt rakatda salom aytib ham o‘qisa bo‘ladi.
  4. Tahajjud to‘rt rakat qilib o‘qilganda to‘rt rakatli boshqa namozlarga o‘xshab o‘qilaveradi.

Hadisi shariflardan birida: “Tungi namozda bardavom bo‘ling. Chunki u sizlardan oldingi mo‘tabar zotlarning odati edi. Tungi sajda insonni Allohga yaqinlashtirib, yo‘l qo‘ygan gunohlaridan forig‘ qiladi, ko‘plab kasalliklardan qutqaradi va gunohu ma’siyat ishlardan qaytaradi”, deyilgan (Termiziy rivoyati). 

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tahajjud namozini hech qachon qochirmaganlar. Hatto og‘ir bemorlik vaqtlarida ham tahajjudni o‘tirgan hollarida o‘qiganlar (Abu Dovud).

Endi ushbu namoz haqida sevimli Payg‘ambarimizga nozil bo‘lgan oyati karimalarni o‘rganamiz.

Alloh taolo Rasuliga quyidagi oyatlarda bunday xitob qilgan:

Tunda (yarim kechada) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjudni (nafl namozini) o‘qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa” (Isro, 79);

Bas, ular aytayotgan narsalarga sabr qil. Rabbingga quyosh chiqishidan oldin va botishidan oldin tasbeh va hamd ayt. Shuningdek, kechaning bir qismida va kunduzning atrofida ham tasbeh ayt. Shoyadki, rozi bo‘lsang (Toho, 130);

Kechasida ham Unga tasbih ayt. Va sajdadan keyin ham (Qof, 40);

Va kechasi ham. Bas, yulduzlar botgandan keyin ham tasbih ayt (Tur, 49);

  1. Ey, o‘ranib yotuvchi.
  2. Kechaning ozginasidan boshqasini (ibodatda) tik turib o‘tkaz.
  3. Yarmida yoki undan bir oz qisqarog‘ida (bedor bo‘l).
  4. Yoki u(yarim)ga yana qo‘sh va Qur’onni tartil bilan tilovat qil.
  5. Albatta, Biz ustingga og‘ir so‘zni tashlarmiz.
  6. Albatta, kechki ibodat ko‘proq muvofiq kelur va qiroati to‘g‘riroq bo‘lur.
  7. Albatta, kunduzi sening uzoq ishlashing bor.
  8. Albatta, Rabbing sening kechaning uchdan biridan ozrog‘ini, yo yarmini, yo uchdan birini qoim bo‘lib o‘tkazayotganingni va sen bilan birga bo‘lganlardan ham bir toifa (shunday qilayotganlarini) biladi. Va kechayu kunduzni O‘zi o‘lchaydi. U sizlar hech chiday olmasligingizni bilib, sizlarga (yengillikni) qaytardi. Bas (endi), Qur’ondan muyassar bo‘lganicha o‘qinglar...” (Muzammil);

“Ertayu kech Rabbing ismini zikr qil. Va kechasida ham Unga sajda qil va uzoq kechalarda Unga tasbih ayt” (Inson, 25-26)

Bu oyati karimalardan tahajjudning nihoyatda savobi ulug‘ namoz ekani ayon bo‘lmoqda. Demak, yarim tunda uyqudan turib ushbu namozni o‘qiyotgan azizlarimiz ulkan savoblarga erishayotgan ekan.

Rabbimiz bizni ham ana shunday savoblarga erishuvchilardan qilsin! 

Bu ham hali hammasi emas, mehribon Parvardigorimiz tunlari ibodat qiluvchi obidlarni O‘zining muborak Kalomida maqtagan ham. O‘sha maqtovlarni keyingi maqolamizda yoritamiz, inshoalloh!

 

O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Luqmoni Hakimning hikmatli so‘zlaridan

27.06.2025   5983   3 min.
Luqmoni Hakimning hikmatli so‘zlaridan

1. Allohga taqvo qilishni tijorat deb bil, shunda u senga molsiz foyda keltiradi.

2. O‘zingni senga muhtoj bo‘lmagan, lekin sen unga muhtoj bo‘lgan kishining o‘rniga qo‘y.

3. Xarsang toshlarni joyidan ko‘chirish, ongsiz odamga anglatishdan osonroqdir.

4. Jannatni talab qilishda oliy himmatli bo‘l.

5. Allohdan shunday umid qilki, u bilan Uning makridan omonda bo‘lma va Allohdan shunday qo‘rqki, u bilan Uning rahmatidan umidsiz bo‘lma.

6. Men hech qachon sukutdan afsuslanmadim. Agar gap kumush bo‘lsa, sukut — oltin.

7. Hikmat kambag‘allarni podsholarning majlislarida o‘tkazgan.

8. “Yo Robbim, meni mag‘firat qil” — deb ko‘p takrorla, zero Allohning bir soati borki, u vaqtda so‘rovchi rad etilmaydi.

9. Kim yolg‘on gapirsa, yuzining suvini (obro‘yi) ketadi, kimning xulqi yomon bo‘lsa, g‘am-tashvishi ko‘payadi.

10. Allohdan qo‘rq, lekin qalbing fojir bo‘laturib, odamlar seni hurmat qilishlari uchun o‘zingni ularga Allohdan qo‘rqadigan qilib ko‘rsatma.

11. Amal faqat yaqiniy ishonch (e’tiqod) bilangina mukammal bo‘ladi, kimning e’tiqodi zaif bo‘lsa, amali ham zaif bo‘ladi.

12. Yolg‘on gapirishdan ehtiyot bo‘l, zero u pishirilgan chumchuq go‘shti kabi ishtahalidir, lekin ko‘p o‘tmay  egasini ichini yondiradi.

13. Majlisni ko‘zing bilan ko‘rib tanla, agar Alloh zikr qilinadigan majlis bo‘lsa, u yerda o‘tir. Agar olim bo‘lsang, ilming naf beradi, agar johil bo‘lsang, senga o‘rgatishadi, agar Alloh u majlisga rahmatini nozil qilsa, sen ham shu rahmatdan bahramand bo‘lasan.

14. Qarzdorlikdan ehtiyot bo‘l, chunki u kunduzi xorlik va tunda g‘amdir.

15. To‘qlik ustiga ovqat yemagin —  chunki unday taomni yegandan ko‘ra itga tashlagan yaxshiroq.

16. Agar shayton senga shubha va gumon orqali kelsa, uni yaqiniy ishonch va nasihat bilan yeng, agar u tanballik va zerikish tomonidan kelsa, qabr va qiyomatni eslab yeng, agar u xohish va qo‘rquv tomonidan kelsa, unga dunyo tark etiladigan va qoldiriladigan narsadir, deb ayt.

17. Tilingdan chiqqan gaplarga ehtiyot bo‘l, sukut qilgan kishi omonda bo‘ladi, faqat foydasi bor gaplarni gapir.

18. Yuzingni niqoblashdan (ya’ni shubhali qiyofadan) saqlan — chunki, u kechasi odamlarni qo‘rqitadi, kunduzi esa xo‘rlik keltiradi.

19. Men tosh, temir va og‘ir yuklarni ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsani ko‘rmadim.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV