Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayn ibn Hasan ibn Ali Faxriddin Roziy Ray shahrida tug‘ilgan. Otasi shu yerdagi masjidning imom-xatibi bo‘lgani uchun uni “Roziy ibn Xatib” ham deyishgan. Faxriddin Roziyning tug‘ilgan yili xususida ba’zi tarixchilar hijriy 543, ba’zilari 544 (milodiy 1148) yilni ko‘rsatishadi. Alloma hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyatini chuqur o‘rgangan arab olimi Muhammad Solih Zarkonning fikricha, u 544 yilda tug‘ilgan.
Yoshligidan turli ilmlarga qiziqqan Faxriddin Xuroson va O‘rta Osiyoning bir qancha shaharlarida bo‘lib, ko‘plab olim, shoir, faylasuf va davlat arboblari bilan muloqotda bo‘ladi. U ta’lim olishni Xurosonning Marog‘a shahrida boshlagan bo‘lsa-da, hayotining ko‘p qismi Buxoro, Samarqand, Nasaf, Xorazm, Banokat va Marvda o‘tadi. Jumladan, Buxoroda buyuk mutafakkirlar Abu Ali ibn Sino va Abu Nasr Forobiy ta’limotlaridan tahsil oladi, ilmiy bahslarda qatnashadi.
Olim qaysi shaharga bormasin, unga hurmat ko‘rsatilgan. Xorazmda shoh Alouddin Takash izzat-ikrom ehtirom bilan kutib olgan. Farzandlariga ustozlik qilishini so‘ragan. Otasi vafotidan keyin taxtga o‘tirgan Muhammad ustozi Faxriddin Roziyga alohida iltifot ko‘rsatib, martabasini oshirgan.
Faxriddin Roziyning vafoti haqida ham olimlar orasida turli fikrlar mavjud. Ba’zilari Xorazmda, ba’zilari Ray shahrida, yana boshqalari Hirotda vafot etgan deyishadi. Ammo ko‘pchiligi uning Xorazmda og‘ir kasalikka chalinganini e’tirof etib, u yerda vafot qilganiga guvohlik beradi. Shunga ko‘ra, Faxriddin Roziy hijriy 606 (milodiy 1209) yili ramazon oyining 15 kunida boqiy dunyoga ko‘chgani aytiladi.
Tafsir, fiqh, kalom, usul, tarix, adabiyot, falsafa fanlari bo‘yicha davrining qomusiy olimi hisoblangan Faxriddin Roziy boy ilmiy-ma’naviy meros qoldirgan. Allomaning birgina “Jome’ul ulum” asari aqida, fiqh, faroiz, vasiyat, tafsir, tarix, grammatika, tib, tabiat, ov qilish, dehqonchilik haqida batafsil ma’lumotlar beradi. Tafsir ilmiga oid “Mafotihul g‘ayb” asari chuqur mazmun-mohiyati va kengqamrovli bilan boshqa tafsirlardan ajralib turadi. Roziy tafsirida oyat va suralarning o‘zaro bog‘liqligi va munosabati to‘g‘risida bir emas, bir necha dalil keltiradi. Olim Ibn Xallikon bu haqda: “Roziy o‘z tafsirida ko‘p ajoyib va noyob ma’lumotlarni jamlagan”, deydi.
Olamlar va butun borliqni ilmiy asosda teran anglashda zarur bo‘ladigan fikratlar va qarashlarni yoyishda allomaning noyob asarlari katta ahamiyatga ega. Uning “Mahsulul afkor al-mutaqadimin va mutaaxxirin” (“Qadimgilar va keyingilar afkorlarining mahsuli”) asari jamiyat hayotida alohida e’tiborga loyiq. Alloma unda yosh avlodni buyuk ajdodlar hayotidan o‘rnak olib, turmush tarzlari uchun foydali xulosa va saboqlar chiqarib olishga da’vat etadi.
Faxriddin Roziyning insonlarni hamisha imon-e’tiqodli, halol, adolatli, vatanparvar, mehnatsevar, rahm-shafqatli, muruvvatli bo‘lishga chorlab kelgan asarlari hozirgi kunda ham ilm-fan va madaniyatning noyob durdonalari sifatida jamiyat a’zolarining ma’naviy yuksalishiga katta hissa qo‘shmoqda.
Dilbar UBAYDULLAYEVA,
Toshkent islom universiteti magistranti
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Odam va Havvo alayhissalom man qilingan daraxt mevasini tanovul qilganlaridan keyin, Alloh ularni yerga tushirdi.
“So‘ng shayton unga vasvasa qilib: “Ey Odam, men senga abadiyat daraxtini va yo‘q bo‘lmas mulku davlatni ko‘rsataymi?”, dedi.
Bas, undan yeyishlari bilan avratlari ochilib qoldi va o‘zlarini jannat yaproqlari bilan to‘sa boshladilar. Odam Parvardigoriga osiy bo‘lib, yo‘ldan ozdi.
So‘ngra Parvardigori uni saylab — O‘ziga yaqin qilib, tavbasini qabul etdi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qildi.
Alloh aytdi: “Undan har ikkingiz tushingiz. Ayrim zurriyotlaringiz ayrimlariga dushmandir. Bas, sizlarga Men tarafdan hidoyat kelganida kim Mening hidoyatimga ergashsa, yo‘ldan ozmas va baxtsiz bo‘lmas” (Toha, 120-123).
Odam va Havvo alayhumissalomlarning qayerga tushgani haqida Qur’oni karimda ma’lumot kelmagan.
Ayrim ulamolar hadislarga tayangan holda, Odam alayhissalom Hindistonga tushirilgan, degan fikrni aytadilar.
Masalan, Ibn Asokir “Tarixi Dimashq” (7/437) kitobida Odam alayhissalomning Hindistonga tushgani va jannatdan chiqarilganidan keyin o‘zini yolg‘iz his qilgani haqida hadis rivoyat qilgan.
Shuningdek, boshqa hadislar ham rivoyat qilingan, ammo bularning aksarini ulamolar zaif deganlar.
Ayrim ulamolar va salaflar Odam alayhissalom Hindistonga, Havvo onamizni esa Jidda shahriga tushganlar, deb aytganlar. Odam alayhissalom o‘z juftini qidirish jarayonida Muzdalifaga yetib kelganlar. Bu yer “izdalafa” so‘zidan olingan bo‘lib, “yaqinlashish” ma’nosini anglatadi.
Bunday rivoyatlar “Mustadrak, Imom Hokim” (2/542), “Musannaf, Imom Abdurrazzoq” (5/93-116), “Tarixi Tabariy” (1/121) kabi manbalarda uchraydi.
Biroq, aksar ulamolar bu haqdagi ma’lumotlar ahli kitoblar rivoyatlariga asoslangan deyishgan.
Tabaroniy, Abu Nuaym va Ibn Asokirlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odam alayhissalom Hindistonga tushgan”, deganlar.
Imom Tabaroniy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: “Alloh Odamni tushirganda Hind yeriga tushirgan. U keyin Makkaga kelgan. So‘ngra Shomga borib, o‘sha yerda vafot etgan”.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Islom tarixi” kitobida, tarixchilar Odam Ato va Momo Havvo yer yuzining qaysi hududiga tushganlari to‘g‘risida ixtilof qilgani haqida yozadi. Bu borada turli-tuman va juda ko‘p gaplar aytilgan. Odam Ato va Momo Havvo Arabiston yarimoroliga tushirilgan, degan fikr egalari ko‘pchilikni tashkil etadi. Yana Hindistondagi tog‘ yaqiniga tushirilgan, deganlar ham bor, deyilgan o‘sha kitobda.
“Durri Mansur” kitobida va Ibn Asokir Ibn Abbos roziyallohu anhumo qilgan rivoyatda va boshqa bir qancha manbalarda Odam va Havvo jannatdan chiqarilganda Yer yuzining qaysi mintaqasiga tushgani haqida turli naqllar bor:
Odam va Havvo Makka bilan Toif o‘rtasidagi Dajna degan joyga tushgan;
Odam Safo tog‘iga, Havvo Marva tog‘iga tushgan. Bu ikki tog‘ ham Makka shahrida hozirgi Haram hududida joylashgan.
Odam Hind diyoriga, Havvo Jidda shahriga tushgan. Odam Havvoni istab, uni Makka shahridagi Muzdalifada topgan. Shu bois, uni Jam’ deb ham ataladi. Chunki Odam va Havvo shu yerda jamlangan, uchrashgan. Uning Muzdalifa deb nomlanishi esa Havvoning Odamga yaqin kelishi, uchrashishi uchundir. Ulamolar Hindiston tomondagi joyni Sarandib, ya’ni Shri-Lanka oroli, Bavz nomli tog‘ deganlar. Shri-Lankani 1972 yilgacha yevropaliklar Seylon deb atashgan.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi.