Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446

Faxriddin Roziy

28.12.2017   7302   3 min.
Faxriddin Roziy

Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayn ibn Hasan ibn Ali Faxriddin Roziy Ray shahrida tug‘ilgan. Otasi shu yerdagi masjidning imom-xatibi bo‘lgani uchun uni “Roziy ibn Xatib” ham deyishgan.  Faxriddin Roziyning tug‘ilgan yili xususida ba’zi tarixchilar hijriy 543, ba’zilari 544 (milodiy 1148) yilni ko‘rsatishadi. Alloma hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyatini chuqur o‘rgangan arab olimi Muhammad Solih Zarkonning fikricha, u 544 yilda tug‘ilgan.

Yoshligidan turli ilmlarga qiziqqan Faxriddin Xuroson va O‘rta Osiyoning bir qancha  shaharlarida bo‘lib, ko‘plab olim, shoir, faylasuf va davlat arboblari bilan muloqotda bo‘ladi. U ta’lim olishni Xurosonning Marog‘a shahrida boshlagan bo‘lsa-da, hayotining ko‘p qismi Buxoro, Samarqand, Nasaf, Xorazm, Banokat va Marvda o‘tadi. Jumladan, Buxoroda buyuk mutafakkirlar Abu Ali ibn Sino va Abu Nasr Forobiy ta’limotlaridan tahsil oladi, ilmiy bahslarda qatnashadi.

Olim qaysi shaharga bormasin, unga hurmat ko‘rsatilgan. Xorazmda shoh Alouddin Takash izzat-ikrom ehtirom bilan kutib olgan. Farzandlariga ustozlik qilishini so‘ragan. Otasi vafotidan keyin taxtga o‘tirgan Muhammad ustozi Faxriddin Roziyga alohida iltifot ko‘rsatib, martabasini oshirgan.

Faxriddin Roziyning vafoti haqida ham olimlar orasida turli fikrlar mavjud. Ba’zilari Xorazmda, ba’zilari Ray shahrida, yana boshqalari Hirotda vafot etgan deyishadi. Ammo ko‘pchiligi uning Xorazmda og‘ir kasalikka chalinganini e’tirof etib, u yerda vafot qilganiga guvohlik beradi. Shunga ko‘ra, Faxriddin Roziy hijriy 606 (milodiy 1209) yili ramazon oyining 15 kunida boqiy dunyoga ko‘chgani aytiladi. 

Tafsir, fiqh, kalom, usul, tarix, adabiyot, falsafa fanlari bo‘yicha davrining qomusiy olimi hisoblangan Faxriddin Roziy boy ilmiy-ma’naviy meros qoldirgan. Allomaning birgina “Jome’ul ulum” asari aqida, fiqh, faroiz, vasiyat, tafsir, tarix, grammatika, tib, tabiat, ov qilish, dehqonchilik haqida batafsil ma’lumotlar beradi. Tafsir ilmiga oid “Mafotihul g‘ayb” asari chuqur mazmun-mohiyati va kengqamrovli bilan boshqa tafsirlardan ajralib turadi. Roziy tafsirida oyat va suralarning o‘zaro bog‘liqligi va munosabati to‘g‘risida bir emas, bir necha dalil keltiradi. Olim Ibn Xallikon bu haqda: “Roziy o‘z tafsirida ko‘p ajoyib va noyob ma’lumotlarni jamlagan”, deydi.

Olamlar va butun borliqni ilmiy asosda teran anglashda zarur bo‘ladigan fikratlar va qarashlarni yoyishda allomaning noyob asarlari katta ahamiyatga ega. Uning “Mahsulul afkor al-mutaqadimin va mutaaxxirin” (“Qadimgilar va keyingilar afkorlarining mahsuli”) asari jamiyat hayotida alohida e’tiborga loyiq. Alloma unda yosh avlodni buyuk ajdodlar hayotidan o‘rnak olib, turmush tarzlari uchun foydali xulosa va saboqlar chiqarib olishga da’vat etadi.

Faxriddin Roziyning insonlarni hamisha imon-e’tiqodli, halol, adolatli, vatanparvar, mehnatsevar, rahm-shafqatli, muruvvatli bo‘lishga chorlab kelgan asarlari hozirgi kunda ham ilm-fan va madaniyatning noyob durdonalari sifatida jamiyat a’zolarining ma’naviy yuksalishiga  katta hissa qo‘shmoqda.

 

Dilbar UBAYDULLAYEVA,

Toshkent islom universiteti magistranti

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hidoyat va zalolat masalasi

7.01.2025   1850   2 min.
Hidoyat va zalolat masalasi

Alloh o‘z fazli bilan kimni xohlasa to‘g‘ri yo‘lga soladi, kimni xohlasa ma’siyatdan asraydi va ofiyatda saqlaydi. O‘z adolati bilan kimni xoxlasa adashtiradi, kimni xohlasa yordamisiz qoldiradi va imtihon qiladi.
Yaralmishlarning barchasi uning xohishida, fazli va adolati orasida aylanib turadi. Bu gapdan bilinadiki, bandalar Allohga aslah (yaxshi) ish qilish vojib deyishga haqli emaslar.
Balki Alloh maxluqotlar borasida xohlaganicha tasarruf qiladi. Chunki olam uni mulkidir. Molik mulkida xohlaganicha tasarruf qila oladi.
Oli Imron surasi 43-oyatida: "Alloh xohlaganini qiladi", deyiladi.

Moida surasi 1-oyatida: "Alloh xohlaganiga hukm qiladi", deyilgan.

Bu yerda moʻtaziliylarning gapiga raddiya bor. Ular Alloh bandalariga eng aslah* (yaxshi) ishni qilishni vojib deydilar. Ularning so‘zlariga ko‘p oyatlarda ochiq-oydin raddiyalar bor.

Nahl surasi 93-oyat: "U Zot kimni xohlasa adashtirur, kimni xohlasa hidoyatga yo‘llab qo‘yur".

Baqara surasi 26-oyat: "U o‘sha bilan ko‘plarni zalolatga solib qo‘yadi, ko‘pchilikni hidoyatga solib qo‘yadi".

Yunus surasi 99-oyat: "Agar Robbingiz xohlasa, yer yuzidagi kishilarning hammasi iymonga kelar edi".

Nahl surasi 9-oyat: "Agar xohlasa, albatta, hammangizni hidoyat qilgan bo‘lardi".

Agar aslah (yaxshi) ish vojib bo‘lganda, olamda hech kim kufr keltirmas, osiy bo‘lmas edi. Chunki kufr va osiylik bandalar uchun aslah ish emas. Agar kimga iymonni iroda qilsa, o‘zining fazli bilan bo‘ladi, bandalar haqli bo‘lganligi uchun emas. Kimga kufrni iroda qilsa, adli bilan bo‘ladi, zolimligi uchun emas.
Zulm- o‘zidan boshqani mulkida tasarruf qilishdir. Alloh o‘zining mulkini tasarruf qiladi.

Anbiyo surasi 23-oyat: "U (Alloh) qilganlari borasida so‘ralmas".

Aslah ishlarni vojibligi Uning quyidagi so‘zi bilan botil bo‘lgan:
Baqara surasi 105-oyat: "(U) buyuk fazl egasidir".

Ustida vojib haqni bajarish fazl emas. Shuningdek, unda Muhsin, Mun’im, Mujmil (go‘zal suratda yaratuvchi) va Mannon ismlari botil bo‘ladi. Chunki unga vojib bo‘lib turgan narsani ado etishda ham ehson, fazl, minnat bo‘lmaydi.

Aslah ish - bandaning xizmat qilgani uchun savob berish muqobilidagi xizmasiz savob berish, yaxshi ishning muqobilidagi undanda yaxshiroq ishlar tushuniladi. Misol uchun banda jannatda bo‘lishi yoki undagi oliy maqomda bo‘lishi kabi ikki ish ko‘ndalang kelib qolsa, Alloh taoloning zimmasiga "aslah" ish vojib bo‘ladi-da, uni jannatdagi oliy martabaga ko‘tarishi lozim bo‘ladi.


Manba: Abu Hafs Sirojiddin Gʻaznaviyning "Sharhu Aqiydatil imom at-Tahoviy kitobi".
Tayyorladi: 3-kurs talabasi Raxmonova.R