“Subhanallohi va bihamdihi”, “Subhanallohil aziym”
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ikki kalima borki, ular tilga yengil, tarozida og‘ir va Rahmonga mahbubdir. Ular: “Subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil aziym”, deb aytdilar (Ma’nosi: Allohni hamd aytish va ulug‘lash bilan poklayman) (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kimki: “Subhanallohi va bihamdihi”, desa, u uchun jannatda bir xurmo ekiladi, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Zarr roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh menga: “Alloh taologa eng mahbub bo‘lgan kalomni aytaymi? Alloh taolo uchun kalomlarning eng yaxshisi “Subhanallohi va bihamdihi”, deb aytishingdir”, dedilar.
Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Qaysi kalom afzal?” deb so‘rashdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Alloh farishtalari yoki bandalari aytishini ixtiyor qilgan “Subhanallohi va bihamdihi” kalimasidir, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim: “Subhanallohi va bihamdihi”, deb bir kunda yuz marta aytsa, xatolari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham, kechib yuboriladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Subhanallohi va bihamdihi adada xolqihi va rizo nafsihi va zinata arshihi va midada kalimatihi”, deb aytardilar (Imom Muslim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
to‘pladi
Bir o‘smir “ulg‘ayib, boy bo‘lsam hammaga yordam beraman” deb yurar edi. U boylik bo‘lsagina odamlarga yordam berish mumkin, degan fikrda ekan, bir kuni Payg‘ambar alayhissalomning bir xurmoni yarmini sadaqa qilib bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlanish lozimligi haqidagi hadisini eshitib qoldi. Bir kichik xurmoning yarmi qancha bo‘lardi, deb tasavvur qilolmadi.
Ertasiga ko‘chaga chiqish oldidan bir xurmoni cho‘ntagiga solib oldi. Yo‘l bo‘yda tilanib turgan otaxonning yonidan o‘tarkan, cho‘ntagiga qo‘lini tiqib, beixtiyor kechagi hadisni esladi. Xurmoni olib, yarmini otaxonga uzatdi. Shunda otaxonning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. O‘smir yigit o‘yladiki, “hatto ko‘p pul berilsa ham bu qadar xursand bo‘lmasdi”, deb o‘yladi. Qilgan ishidan o‘ziyam shodlandi. Angladiki, otaxon o‘ziga berilgan narsaning qiymatidan emas, o‘ziga berilgan e’tibor va baham ko‘rishdan nihoyatda shodlangandi.
Yigitcha bu ishidan keyin yuqoridagi hadisning hikmatini tushunib ketdi. Endi u bir ko‘ngilni obod qilish uchun boy bo‘lishni kutib yurmaslik kerakligini bildi. Zero, ko‘ngil Xudoning nazargohidir. Uni quvontirgan kishini Alloh quvontirishi shubhasizdir.
Akbarshoh Rasulov