Qur’oni karim qiroati haqida so‘z borganda , Qur’on ilmida nomi chiqqan yetuk olimlar yodga keladi. Ularning mashhurlaridan biri– qorilar sayyidi, shayx, imom Abu Muhammad ibn Farruh Shotibiydir.
Imom Shotibiy Qur’oni karim qiroati va tajvidi, qur’oniy ilmlar sohasida shuhrat topgan olimdir. Shuningdek, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarining ham bilimdoni sanaladi. Agar uning oldida Imom Buxoriy va Imom Muslim “Sahih” to‘plamlari yoki Imom Molikning “Muvatto” asaridan hadis o‘qilsa, kitobga qaramay, o‘qilgandagi xatolarni yoddan aytar va yo‘l-yo‘lakay kotiblar yo‘l qo‘ygan juz’iy kamchiliklarini ham to‘g‘rilab qo‘yardi. Imom Shotibiy arab tili grammatikasi bo‘yicha ham taniqli ulamolardan edi.
Shotibiy juda zakovatli bo‘lgan, diniy ilmlardan tashqari, she’riyat sohasida ham yaxshigina iqtidori bo‘lgan. Ibodatlarni kichik ko‘ngil va tavoze’ bilan ado qilgan , qalbi doimo Allohning zikri bilan uyg‘oq bo‘lgan. Manbalarda uning ko‘zlari ojizligiga qaramay, qalb ko‘zlari ochiq, zohid va karomatli valiy bo‘lgani zikr etiladi2.
Majlislarda Shotibiy ilm va dinga manfaati bo‘lmagan behuda so‘zlardan tiyilardi. Qur’on qiroatiga kirishmoqchi bo‘lsa, sunnatga muvofiq holda tahoratli bo‘lar, pokiza kiyimlarini kiyar edi.
Abu Amr ibn Saloh “Tabaqot ash-Shofi’iya” asarida yozishicha, Abu Muhammad Shotibiy o‘z vatanida, Abdulloh Abul Os Nafariy huzurida Qur’oni karimni to‘la yod olgan va undan yetti qiroatni o‘rgangan. Qadimiy Andalusiyaning Valensiya shahriga ko‘chib o‘tgach, ikkinchi ustozi Abulhasan ibn Huzayldan qiroat ilmiga oid “Taysir” kitobi bo‘yicha ta’lim olgan. Yana Shotibiyning Abul Hasan ibn Na’ma, Abu Abdulloh ibn Saoda, Abu Muhammad ibn Omir, Abu Abdulloh ibn Abdurrahim, Alim ibn Abdulaziz kabi davrining yetuk qiroat ustozlaridan ham ta’lim olgani aytiladi. Haj qilish uchun Makkaga borganida esa, Abu Tohir Silfiydan ham ilm o‘rgangan3. Keyin Shotibiy Abu Abdulloh Muhammad ibn Hamidga shogird bo‘lib, mashhur tilshunos Sibavayhning “Komil” va Ibn Qutaybaning “Adab ul-kotib” kitobini o‘qigan. Shundan keyin Iskandariyada Abu Tohir Salafiy va boshqalar suhbatida bo‘lgan. Bundan tashqari, Shotibiyning yana o‘ndan ortiq ustozi bo‘lgani ma’lum4.
Voziy al-Fozil Shotibiyni Misrdagi madrasada talabalarga Qur’on, hadis, nahv va sarfdan dars berishga taklif qiladi va unga barcha qulay sharoitlarni yaratib beradi. U umri oxirigacha ana shu «Foziliya» madrasasida talabalarga qiroatdan dars berdi. U vataniga qaytib kelmadi, chunki u yerning olimlari nomi olamga mashhur Shotibiyga hasad qilib, u haqda turli fitnalar uyushtirishlari xavotiri bor edi. Olim faqirlikda kun kechirganiga qaramay, qanoatni qo‘ldan bermadi5.
Shotibiyni dunyoga uning ilmiy merosi tanitdi. U asarlarini arab tilida, asosan, nazmda bitdi. Ularning o‘qilishi va yod olinishi oson bo‘lgani bois, asrlar davomida madrasalarda asosiy darslik bo‘lib xizmat qildi. Jumladan, bir necha asr Buxoro madrasalarida uning «Hirz al-amoniy va vajh at-tahoniy» asari o‘qitib kelingan. Asar 1173 baytdan iborat manzuma bo‘lib, radifi «lom» harfi bilan tugaydi. Rivoyat qilinishicha, olim mazkur asarini yozib bo‘lganidan so‘ng Ka’bani o‘n ikki ming marta tavof etgan va har aylanishda: “Yo Alloh, asarimni xalqqa foydali et” deya duo qilgan ekan. Manbalarda uning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tushida ko‘rgani ham naql qilinadi. U Rasulullohga mazkur kitobini ko‘rsatibdi. U zot kitobni qo‘llariga olib, «Yaxshi kitob bo‘libdi, kim uni o‘qisa, jannatga kirsin», deb duo qilibdilar6. Bundan tashqari, Shotibiyning qiroat ilmiga bag‘ishlangan o‘nga yaqin asari mavjud va ular hozirgacha qayta-qayta nashr qilinmoqda.
Ibn Hallikon bunday deydi: “Shotibiy behuda, befoyda va ortiqcha gapirmasdi, faqat zarurat yuzasidan so‘ralgan narsaga javob berardi. U kishi bemor bo‘lib qolsa, kasalligi haqida hech kimga shikoyat qilmas va sezdirmasdi. Agarda u kishining sog‘ligidan so‘ralsa, u: «Allohga shukr, sog‘ligim yaxshi», deb qo‘yardi.
Shotibiy 590 hijriy yilning 28-jumadul oxir oyida (1194 yil 20 iyun) Misrda vafot qildi7. Shotibiyning qabri Qohiraning Vafora qishlog‘ida, uning maqbarasi mashhur ziyoratgohga aylangan. Taniqli qiroat olimi Jazariy u haqda bunday deydi: “Men Shotibiyning qabrini bir necha marta o‘z shogirdlarim bilan ziyorat qildim. U kishi qabri oldida turib, shogirdlarim bilan qilgan duoyim ijobat bo‘ldi»8.
O‘MI Matbuot xizmati
Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».
Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan».
Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».
Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.
Ixtiyor Abdurahmonov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: uza.uz