Sharqda Ilk Uyg‘onish davri. Bu davrda ilm-fan, maorif, ishlab chiqarish, savdo-sotiq, me’morchilik va boshqa sohalar misli ko‘rilmagan darajada yuksaldi. Taraqqiyotga katta hissa qo‘shgan o‘lkalardan biri Andalus edi. Bu haqda mutafakkir Saloh Kamolning «Musavvar tarixi Islom» asarida batafsil ma’lumot berilgan.
Hozirgi Ispaniya va Portugaliya hududi, ya’ni, Pireney yarim oroli qadimda «Andalus» deb atalgan. Arab saltanatining bir qismi bo‘lgan bu hududda VIII-X asrlarda kuchli va adolatli boshqaruvga asoslangan davlat paydo bo‘ldi. Andalusdagi taraqqiyot o‘z vaqtida Ovrupaga har tomonlama ta’sir qildi. Islom madaniyati va ilm-fani yutuqlari G‘arb mamlakatlariga asosan shu hudud orqali yoyildi.
Andalus 711 yili fath etilib, bu yerda musulmonlar davlati qaror topgan edi. Bu haqda «Musavvar tarixi Islom» asarida quyidagi ma’lumotlar bor: «Andalus qit’asi umaviylar davrida, Abdumalik zamonida fath etilgan edi. Va shul kundan buyon umaviya davlatining bir viloyati abbosiylardan Abdulloh Saffohga mag‘lub bo‘lgach, hukumat umaviylar qo‘lidan chiqib, abbosiylar qo‘liga o‘tdi... Abbosiylarning umaviylarga qilgan zulmlaridan achchiqlanib, Andalus musulmonlari abbosiylar davlatini tan olmay qo‘ydi. O‘zlariga mustaqil bir hukumat tuzishga qaror berdilar»1. Bu mustaqil davlat 750 yili qaror topib, «Qurtuba saltanati» nomi bilan mashhur bo‘ldi. Unda o‘n to‘rt hukmdor hukmronlik qildi.
Andalus hukmdorlari ham ilm-fanga homiylik qilgan, o‘zlari diniy va dunyoviy ilmlardan xabardor edi. Ularning saroylari ilm ahli bilan doimo gavjum, muntazam ilmiy majlislar, munozaralar o‘tkazilar edi. Bu davralarda hukmdor va amaldorlarning farzandlari ham ishtirok etardi.
Andalusning birinchi hukmdori Abdurrahmon (756-788 yillar) dastlab ichki nizolarni bartaraf etib, Fransiya qiroli Pipin va boshqa tashqi dushmanlar hujumini qaytardi. Tinchlik qaror topgach, mamlakatni isloh qilishga kirishdi. Oldin uni oltita viloyatga bo‘lib, ularni muntazam yo‘llar bilan poytaxt Qurtuba shahriga bog‘ladi. Kanallar, suv yo‘llari qazdirdi. Yurt obod bo‘ldi. Qurtuba va boshqa shaharlarda katta-katta madrasa va masjidlar, kasalxonalar qurildi. Abdurrahmon Andalusni dushmanlardan himoya qilish uchun qal’a va istehkomlar barpo ettirdi. Yurt mudofaasi va tijorat uchun kemalar yasatdi.
Hishom ibn Abdurrahmon ham otasi kabi mamlakatni isloh qilish va rivojlantirish yo‘lidan bordi. Ilm va maorif rivoji uchun ko‘p ishlar qildi. Bu hududda boshqa millat va xalqlar ham bemalol yashar edi.
Andalusning to‘rtinchi hukmdori Abdurrahmon Ikkinchi ibn Hishom (821-850 yillar) g‘oyat ilmli odam bo‘lib, saroyi har vaqt olim va ulamolar bilan to‘la edi. Har kuni ilmiy majlislar, turli masalalar bo‘yicha munozaralar bo‘lar edi. Saloh Kamol yozishicha, Sharqu G‘arbdagi Islom mamlakatlari ichida Abdurrahmondan in’om-ehson ko‘rmagan biror ilm ahli qolmagan edi. Bundan tashqari, Abdurrahmon Andalusda muntazam pochta xizmatini tashkil qildi va poytaxtga keladigan yangi yo‘llar qurdirdi. Bu Ovrupadagi dastlabki pochta tizimi ekani manbalarda ta’kidlangan.
Sakkizinchi hukmdor Abdurrahmon Uchinchi ibn Muhammad (913-962 yillar) davrida Andalusning rivoji yanada yuksaldi. Qurtuba jahonning eng rivojlangan, chiroyli shaharlaridan biriga aylandi. Shahar yaqinida me’moriy jihatdan juda noyob «Madinat uz-Zahro» saroyi barpo etildi. Sanoat va tijorat ham taraqqiy etib, Ovrupa bozorlarida Andalus mollari katta shuhrat topdi.
Turli yurtlardan kelgan sayyohlar Andalusdagi taraqqiyotdan hayratda qolishdi. Mamlakat madrasalarida tub joy aholi farzandlaridan tashqari minglab ovrupalik talaba turli fanlardan tahsil olgan edi. Natijada ilm-fan yutuqlari keng yoyildi. Shu orqali Muso Xorazmiy, Beruniy, Forobiy, Ibn Sino, Farg‘oniy kabi Sharq olimlarining ilmiy kashfiyotlari, asarlari Ovrupaga kirib keldi va to XVII-XVIII asrlarga qadar G‘arb universitetlarida darslik sifatida o‘qitildi.
Abdurrahmon ibn Muhammad davrida Qurtubada Ovrupada birinchi sanalgan tibbiyot maktabi ochildi.
To‘qqizinchi hukmdor Hakim Ikkinchi davrida (962-976 yillar) ilmga rag‘bat yanada oshdi.
Biroq co‘nggi hukmdorlarning uzoqni ko‘zlamay olib borgan siyosati natijasida o‘zaro nizolar kuchaydi. Shuningdek, shimoldan Ovrupa davlatlarining uzluksiz uyushtirgan hujumlari oqibatida Qurtuba saltanati o‘n birinchi asr boshlarida parchalanib, mamlakat G‘arb sarkardalarining talonchilik maydoniga aylanib qoldi. Bu esa ijtimoiy hayot va ilm-fanning izdan chiqishiga sabab bo‘ldi. Asta-sekin musulmonlar bu yerlardan haydab chiqarildi va Andalus o‘rnida Oragoniya, Kastiliya va Portugaliya qirolliklari tashkil topdi.
Xullas, qariyb uch asr davom etgan Andalus Uyg‘onish davrida musulmon ilm-fani va madaniyati Ovrupaga kirib bordi, qit’a tamadduniga katta turtki berdi.
“Hidoyat” jurnalidan olindi
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati