Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

Rasululloh: Bu kishi mening tog‘am bo‘ladi...

27.12.2017   4836   4 min.
Rasululloh: Bu kishi mening tog‘am bo‘ladi...

Ca’d ibn Abu Vaqqos ibn Uxayb Zuhriy roziyallohu anhu tirikligidayoq jannat bashorati berilgan o‘n sahobaning biri. Sa’d Quraysh qabilasidan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning onalari kabi Bani Zuhra urug‘idan edi. Uning nasabi oltinchi silsilada (Hakam) Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shajarasi bilan birlashadi. Milodiy 601 yili tug‘ilgan. Makkaliklardan oltinchi yo yettinchi bo‘lib Islomni qabul qilgan va ko‘p o‘tmay, Yasribga ko‘chgan. U Rasuli akramdan 270 ta hadis rivoyat qilgan.

Payg‘ambarimiz alayhissalom Sa’dni tog‘am deb hurmatlaganlar. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sa’d kelayotgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu kishi mening tog‘am bo‘ladi, kim menga tog‘asini ko‘rsata oladi?” dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Quraysh mushriklari Sa’d ibn Abu Vaqqosga ma’naviy azob berishdi. Eng aziz kishisi – onasini unga qarshi qayrashdi. Shu bois ona sevimli o‘g‘liga juda og‘ir talab qo‘yadi. Mufassirlar “Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni buyurdik. (Ammo) agar ular sen bilmagan narsalarni (soxta ma’budlarni) Menga sherik qilishingga majburlasalar...” (Ankabut, 8) mazmunli oyat Sa’d ibn Abu Vaqqos haqida tushganini ta’kidlashadi. U Makka yoshlari orasida onasini hurmat qilishi bilan tanilgan, boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatilar edi. Sa’d bu sinovdan o‘tdi, imon-e’tiqodda sobit turdi. Onasini ham oldingiday hurmat qilaverdi.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollalolohu alayhi vasallam Sa’d ibn Molikdan o‘zga hech kimga ota-onalarini fido qilmaganlar. U zot Uhud kuni Sa’dga ota-onam senga fido bo‘lsin deganlari rivoyat qilinadi.

Mo‘minlar onasi hazrati Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinada ekanlarida bir kecha uyqulari qochdi va: “Sahobalardan bir solih kishi meni qo‘riqlaganida yaxshi bo‘lardi”,  dedilar. Hali gaplari tugamasidan bir narsa shitirlaganini eshitdik. U zot: “Kim u?” dedilar. Sharpa: “Sa’d ibn Abu Vaqqosman”,  dedi. “Nimaga kelding?” deb so‘radilar. “Payg‘ambardan xavotirga tushib, qo‘riqlagani keldim”, dedi Sa’d. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning haqqiga duo qilib, xotirjam uxladilar» (Imom Termiziy va Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomga: “Yo Rasululloh, duo qiling, Alloh meni duosi qabul bo‘ladiganlardan qilsin”, dedi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ey Sa’d, taomingni halol qil, duoing qabul bo‘ladi. Muhammadning joni izmida bo‘lgan Zotga qasam, bir odam qorniga harom luqma yesa,  Alloh uning duosini qirq kungacha qabul qilmaydi. Qaysi bandaning tani haromdan va ribodan semirsa, unga do‘zax munosibdir”, dedilar. So‘ngra: “Yo Alloh, Sa’d qachon duo qilsa, uni qabul ayla!” deb duo etdilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Sa’d ibn Abu Vaqqos Makka fath etilgan yili og‘ir xastalanib qoldi. Bu haqda o‘zi bunday rivoyat qiladi: «Fath yili bemor bo‘lib, o‘limim yaqinlashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni ko‘rgani keldilar. Shunda: “Yo Rasululloh, mening ko‘p molim bor va birgina qizimdan boshqa merosxo‘rim yo‘q. Molimning hammasini boshqalarga vasiyat qilaymi?” dedim. “Yo‘q”, dedilar. “Molimning uchdan ikkisini-chi?” dedim. “Yo‘q”, dedilar. “Yarmini-chi?” dedim. “Yo‘q”, dedilar. “Uchdan birini-chi?” dedim. “Uchdan biri... U ham ko‘p. Albatta, merosxo‘rlaringni boy holda qoldirishing ularni odamlardan tilanib yuradigan qilib tashlab ketishingdan yaxshidir. Sen har qanday nafaqa qilsang ham, albatta, ajr olasan. Hatto, ayoling og‘ziga tutgan luqma uchun ham ajr olasan”, dedilar” (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy, Abu Dovud, Nasaiy rivoyati).

Hazrat Usmon vafotidan so‘ng Aqiqda yashadi. Hijriy 55 (milodiy 676) yili vafot etdi. Vasiyatiga ko‘ra, “Baqi’” qabristoniga dafn qilindi.

 

 

Ahmad MUHAMMAD

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Safar soati

27.12.2024   2050   6 min.
Safar soati

Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning pok­lanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi. 
 

Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:

لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ

“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).


Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallo­hu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishi­ga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kuta­yotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.


Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”


Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os ro­ziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga ke­lib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qi­laman”, dedi.


Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.


Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alay­hi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».


Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...


Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.


Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:

رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ

“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.

“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga hu­zuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”. 


Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin! 

Mavjuda NURIDDINOVA
 tayyorladi.

Maqolalar