Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Har bir ishda hikmat bor

27.12.2017   4834   4 min.
Har bir ishda hikmat bor

Alloh taolo O‘zining irodasi bilan inson zotini barcha maxluqotlardan azizi mukarram qilib yaratdi. Unga aql va idrok berdi. Inson o‘ziga berilgan barcha ilohiy ne’matlarga doimo shukr qilib, hayotda duch keladigan har qanday sinov, qiyinchilik, musibatlarga sabr qilishi va Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim. Turli shaytoniy vasvasa, tushkunlik va  umidsizlikka berilmay, inson degan ulug‘ nomga muvofiq ish tutmog‘i darkor.

Hayotda ba’zan dunyoning arzimas matosini deb o‘zini qiynab, turli xil bedavo dardlarga chalinib qolayotgan kishilar bor. Bu – Yaratganning taqdiriga norozi bo‘lishdir. Qolaversa, Alloh bizga behisob ne’matlar bergan, mo‘min esa ibodati bilan ana shu ne’matlarga shukr qilmog‘i lozim. Agar inson yaxshilikdan umid qilmay qolsa, shayton alayhi la’na uni umidsizlikka undaydi. Agar biz ilohiy kalom bo‘lmish Qur’oni karimga murojaat qiladigan bo‘lsak, Robbimizning bizlarga qanchalik mehribon ekaniga yana bir bora amin bo‘lamiz. Xususan, Zumar surasidagi 53-oyatni o‘kisak:

قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَىٰ أَنْفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِنْ رَحْمَةِ اللَّهِ ۚ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا ۚ إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ

Ey (Muhammad SAV) gunohlar qilish bilan o‘z jonlariga zulm qilgan bandalarimga: Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni kechiradi. Allox o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahimli zotdir, deb ayting...

Bugun  ba’zi ota-onalar bolalaridan uzoqlashib, farzandlariga yaqin do‘st, sirdosh bo‘la olmayapti. Ularning orzu-havasi, dardi, fikrini eshitmayapti. Ehtiyojlari, muammolari, ruhiy holati bilan qiziqmayapti. Bolalarini qiynayotgan savollariga birgalikda javob izlamayapti. Buning oqibatida, bolalari hayotning past-baland yo‘llarida adashib boryapti.

Bu gunohga qadam qo‘yishi oqibatida nafaqat o‘zining oxirati barbod bo‘ladi, vujudi, ruhi abadiy do‘zax oloviga kuyadi, balki uning ortida qolgan beva ayoli, yetim bolalari, ota-onasi, aka-uka, yaqin qarindoshlari ham ruhiy, ham jismoniy, ham ma’naviy, ham iqtisodiy mashaqqatga qoladi. Bu gunohni niyat qilganlar shuni ham yaxshi anglashlari lozimki, bir insonning dunyodan ketishi bilan hayot to‘xtab qolmaydi. Bir oz vaqtdan keyin hammasi unut bo‘lib ketadi. Bu ishidan uning faqat o‘zi katta zarar ko‘radi va oxiri yo‘q azobga giriftor bo‘ladi. Har qanday muammoning yechimi bo‘ladi. Har qanday qiyinchilikdan keyin yengillik bo‘ladi.

Alloh taolo insonni bu dunyoda imtihon qiladi. Boshiga turli musibatlar yuboradi. Bu qiyinchiliklar oldidi banda o‘zini yo‘qotib qo‘ymay, sabr qilib, yashasa, savob oladi.

Yoshi  ulug‘ bir kishi o‘g‘li bilan masofasi ikki kunlik yo‘l bo‘lgan shaharga safar qildi. Ularning yuk ortgan eshagi ham bor edi. Chol doimo:  “Alloh taoloning biz uchun yashirib qo‘ygan hikmati buyukdir!” degan so‘zni qaytaraverardi. Ular yo‘lning yarmiga yetganda eshakning oyog‘i sinib qoldi. Chol: ”Alloh taoloning biz uchun yashirib qo‘ygan hikmati buyukdir!” dedi. Yuklarini yelkalariga ortib yo‘lda davom etdilar. Bir oz  muddatdan  so‘ng cholning oyog‘i  qayrilib  ketib hech narsa ko‘tarolmay qoldi. Oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab ketar va: “Alloh taoloning biz uchun yashirib qo‘ygan hikmati buyukdir! “ deb aytardi. Cholning o‘g‘li barcha yuklarni  yelkasiga ortib  yo‘lda  davom  etdilar. Yo‘lda cholning o‘g‘lini ilon chaqib olib  og‘riqdan  yerga  yiqildi. Chol yana: ”Alloh taoloning biz uchun yashirib qo‘ygan hikmati buyukdir! “ dedi. Ana shunda o‘g‘li  g‘azablanib otasiga: “Boshimizga shuncha musibat kelgan bo‘lsa, nega hadeb bir gapni  qaytaraverasiz? dedi. O‘g‘lining dardi yengillashgach yo‘lda davom etdilar. Shaharga yetib kelganlarida qarasalar zilzila oqibatida u yerdagilarning barchasi halok bo‘lgan edi. Chol o‘g‘liga qarab: “Ey o‘g‘lim, ko‘rdingmi, agar safarimizdagi musibatlar bo‘lmaganida hozir biz ham mana shu halok bo‘lganlar bilan birga bo‘lar edik”, debdi.

Xulosamiz shuki, hayotimizdagi muammo va qiyinchiliklardan to‘g‘ri xulosa qilib, faqat yaxshilikni umid qilaylik. Alloh taolo bergan umr ne’matining qadriga yetaylik, sinov dunyosida ekanimizni unutmasdan. har bir kunimizga shukr qilaylik. O‘zi bergan jonni faqat O‘zi olishga haqlidir. Buning haqiqatini atrofimizdagilarga, bolalarimizga tushuntiraylik, ulardan uzoqlashmaylik, o‘z hollariga tashlab qo‘ymaylik.  “Alloh taoloning biz uchun yashirib qo‘ygan hikmati buyukdir!” degan hikmatli so‘z bugungi kundagi hayotimiz dasturi bo‘lsin. Zero, Rabbimiz hukm qiluvchilarning hukm qiluvchirog‘i, rahim qiluvchilarning rahim qiluvchirog‘idir.

Nodir  HAKIMOV, 

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Li iylafi quraysh" surasi

8.01.2025   3023   2 min.

"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi. 

Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.

Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi. 
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.

Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.

Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".

Homidjon domla ISHMATBЕKOV