Alloh taolo O‘zining irodasi bilan inson zotini barcha maxluqotlardan azizi mukarram qilib yaratdi. Unga aql va idrok berdi. Inson o‘ziga berilgan barcha ilohiy ne’matlarga doimo shukr qilib, hayotda duch keladigan har qanday sinov, qiyinchilik, musibatlarga sabr qilishi va Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim. Turli shaytoniy vasvasa, tushkunlik va umidsizlikka berilmay, inson degan ulug‘ nomga muvofiq ish tutmog‘i darkor.
Hayotda ba’zan dunyoning arzimas matosini deb o‘zini qiynab, turli xil bedavo dardlarga chalinib qolayotgan kishilar bor. Bu – Yaratganning taqdiriga norozi bo‘lishdir. Qolaversa, Alloh bizga behisob ne’matlar bergan, mo‘min esa ibodati bilan ana shu ne’matlarga shukr qilmog‘i lozim. Agar inson yaxshilikdan umid qilmay qolsa, shayton alayhi la’na uni umidsizlikka undaydi. Agar biz ilohiy kalom bo‘lmish Qur’oni karimga murojaat qiladigan bo‘lsak, Robbimizning bizlarga qanchalik mehribon ekaniga yana bir bora amin bo‘lamiz. Xususan, Zumar surasidagi 53-oyatni o‘kisak:
قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَىٰ أَنْفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِنْ رَحْمَةِ اللَّهِ ۚ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا ۚ إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ
“Ey (Muhammad SAV) gunohlar qilish bilan o‘z jonlariga zulm qilgan bandalarimga: Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni kechiradi. Allox o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahimli zotdir, deb ayting...”
Bugun ba’zi ota-onalar bolalaridan uzoqlashib, farzandlariga yaqin do‘st, sirdosh bo‘la olmayapti. Ularning orzu-havasi, dardi, fikrini eshitmayapti. Ehtiyojlari, muammolari, ruhiy holati bilan qiziqmayapti. Bolalarini qiynayotgan savollariga birgalikda javob izlamayapti. Buning oqibatida, bolalari hayotning past-baland yo‘llarida adashib boryapti.
Bu gunohga qadam qo‘yishi oqibatida nafaqat o‘zining oxirati barbod bo‘ladi, vujudi, ruhi abadiy do‘zax oloviga kuyadi, balki uning ortida qolgan beva ayoli, yetim bolalari, ota-onasi, aka-uka, yaqin qarindoshlari ham ruhiy, ham jismoniy, ham ma’naviy, ham iqtisodiy mashaqqatga qoladi. Bu gunohni niyat qilganlar shuni ham yaxshi anglashlari lozimki, bir insonning dunyodan ketishi bilan hayot to‘xtab qolmaydi. Bir oz vaqtdan keyin hammasi unut bo‘lib ketadi. Bu ishidan uning faqat o‘zi katta zarar ko‘radi va oxiri yo‘q azobga giriftor bo‘ladi. Har qanday muammoning yechimi bo‘ladi. Har qanday qiyinchilikdan keyin yengillik bo‘ladi.
Alloh taolo insonni bu dunyoda imtihon qiladi. Boshiga turli musibatlar yuboradi. Bu qiyinchiliklar oldidi banda o‘zini yo‘qotib qo‘ymay, sabr qilib, yashasa, savob oladi.
Yoshi ulug‘ bir kishi o‘g‘li bilan masofasi ikki kunlik yo‘l bo‘lgan shaharga safar qildi. Ularning yuk ortgan eshagi ham bor edi. Chol doimo: “Alloh taoloning biz uchun yashirib qo‘ygan hikmati buyukdir!” degan so‘zni qaytaraverardi. Ular yo‘lning yarmiga yetganda eshakning oyog‘i sinib qoldi. Chol: ”Alloh taoloning biz uchun yashirib qo‘ygan hikmati buyukdir!” dedi. Yuklarini yelkalariga ortib yo‘lda davom etdilar. Bir oz muddatdan so‘ng cholning oyog‘i qayrilib ketib hech narsa ko‘tarolmay qoldi. Oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab ketar va: “Alloh taoloning biz uchun yashirib qo‘ygan hikmati buyukdir! “ deb aytardi. Cholning o‘g‘li barcha yuklarni yelkasiga ortib yo‘lda davom etdilar. Yo‘lda cholning o‘g‘lini ilon chaqib olib og‘riqdan yerga yiqildi. Chol yana: ”Alloh taoloning biz uchun yashirib qo‘ygan hikmati buyukdir! “ dedi. Ana shunda o‘g‘li g‘azablanib otasiga: “Boshimizga shuncha musibat kelgan bo‘lsa, nega hadeb bir gapni qaytaraverasiz? dedi. O‘g‘lining dardi yengillashgach yo‘lda davom etdilar. Shaharga yetib kelganlarida qarasalar zilzila oqibatida u yerdagilarning barchasi halok bo‘lgan edi. Chol o‘g‘liga qarab: “Ey o‘g‘lim, ko‘rdingmi, agar safarimizdagi musibatlar bo‘lmaganida hozir biz ham mana shu halok bo‘lganlar bilan birga bo‘lar edik”, debdi.
Xulosamiz shuki, hayotimizdagi muammo va qiyinchiliklardan to‘g‘ri xulosa qilib, faqat yaxshilikni umid qilaylik. Alloh taolo bergan umr ne’matining qadriga yetaylik, sinov dunyosida ekanimizni unutmasdan. har bir kunimizga shukr qilaylik. O‘zi bergan jonni faqat O‘zi olishga haqlidir. Buning haqiqatini atrofimizdagilarga, bolalarimizga tushuntiraylik, ulardan uzoqlashmaylik, o‘z hollariga tashlab qo‘ymaylik. “Alloh taoloning biz uchun yashirib qo‘ygan hikmati buyukdir!” degan hikmatli so‘z bugungi kundagi hayotimiz dasturi bo‘lsin. Zero, Rabbimiz hukm qiluvchilarning hukm qiluvchirog‘i, rahim qiluvchilarning rahim qiluvchirog‘idir.
Nodir HAKIMOV,
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
tayyorladi
1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?
– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?
– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.
3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?
– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shundagina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.
4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?
– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.
Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.
5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?
– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.
6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?
– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.
Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda.
"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan