frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Jinlar g‘ayb sirlarini biladimi?

27.12.2017   13663   7 min.
Jinlar g‘ayb sirlarini biladimi?

Jinlarning mavjudligi Qur’oni karim, hadisi sharif va ijmoi ummat bilan sobit bo‘lgan. Ko‘pchilik odamlar jin deganda qandaydir g‘ayritabiiy, faqat yomonlik qiladigan mavjudotlarni nazarda tutadilar. Aslida ham shundaymi? Yo‘q! Jinlar ham alohida bir olam. Ularning ham insonlar kabi yaxshisi, yomoni, kofiri, musulmoni bo‘ladi. Bu notanish olam bilan tanishishdan oldin, avvalo, uning lug‘aviy va istilohiy ma’nolari, nimadan yaratilagani, shaklu shamoyili qanday shu va boshqa ularga tegishli ma’lumotlarni o‘rganib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

“Jin” so‘zi arab tilida اَلْجِنُّ ko‘pligi اَلْجَانُّ jaan, o‘zbek tilida “to‘silgan” ma’nosida “ajina” deyiladi. Ko‘zdan to‘silgani uchun “jin” deb atalgan. Onasi qornidagi bolani اَلْجَنِينُ “janin”- (o‘ralgan, to‘silgan), aqli boshidan uchgan, aqli to‘silgan odamni jinni yoki majnun deyish ham shundan olingan. Yana jangda himoya qilish va to‘sish vositasi hisoblangan qalqonni مِجَنٌّ deb nomlandi. Johiliyat vaqtida  farishtalarni ham ko‘zga ko‘rinmagani uchun “jin” deb atashgan.

Badruddin ash-Shibliy rahmatullohi alayh aytadi: “Jinlar inson  va hayvonlar suratiga kirib olishga qodirdirlar. Ilon, chayon, tuya, mol, qo‘y, ot, xachir, eshak, qush va odam bolalari suratiga kirib olishi mumkin. Qurayshliklar Badrga chiqib ketayotganda Suroqa ibn Molik ibn Jo‘shum suratida kelgani bunga dalil”.

Asrimizdagi va undan oldingi asrlarda yashagan ko‘pchilik insonlar jinlarni ko‘rmagan, eshitmagan yoki ular jin ekanini bilmaganm sababli ularni arvohlar, g‘ayb odamlari yoki sahro kishilari deb ataganlar.

Bu mavzuda  kelgan rivoyatlarning eng ishonchlisi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning jinlarni ko‘rganlari, ular bilan gaplashganlari, ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan gaplashganlari, jinlarga ta’lim berganlari, Qur’on tilovat qilib berganlaridir.

Biz ularni ko‘rmasak-da ba’zi it, eshak kabi hayvonlar ularni ko‘radi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا سَمِعْتُمْ صِيَاحَ الدِّيَكَةِ فَاسْأَلُوا اللَّهَ مِنْ فَضْلِهِ فَإِنَّهَا رَأَتْ مَلَكًا وَإِذَا سَمِعْتُمْ نَهِيقَ الْحِمَارِ فَتَعَوَّذُوا بِاللَّهِ مِنْ الشَّيْطَانِ فَإِنَّهُ رَأَى شَيْطَانًارَوَاهُالْبُخَارِيُّ  وَ مُسْلِمٌ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Xo‘roz qichqirig‘ini eshitganda Allohning fazlidan so‘ranglar. Chunki u farishtani ko‘rgan bo‘ladi. Eshak hangrashini eshitganda Allohdan shaytonning yomonligidan panoh so‘ranglar. Chunki u shaytonni ko‘rgan bo‘ladi», dedilar”.

Jinlar haqiqatda bor mavjudotlar bo‘lib, asli o‘tdan yaratilgan. “Jin” so‘zining lug‘aviy ma’nosi avval aytilganidek, “to‘silgan” degani, ya’ni odamlar ko‘zidan to‘silgan narsa. Shu sababli ham u insonlarga ko‘rinmaydi. Ular o‘zlari ko‘rinmay turib, odamlarni va boshqa narsalarni ko‘rishi mumkin. Shu bilan birga, turli shakllarga kirishi ham mumkin. Jinlar erkak va ayol jinsiga mansub, dashtu biyobonlar, tog‘ va o‘rmonlarda yashaydi. Ular bir necha toifadan iborat, g‘ul, ifrit, silot toifasidagilari mashhur. Shaytonlar jinlarning yovuzlaridir.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Alloh insonlarga ham, jinlarga ham payg‘ambar qilib yuborgan. Jinlarning bir qismi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ukoza bozoriga ketayotgan vaqtlarida Makka va Madina oralig‘idagi Nahla degan joyga yotganlarida, o‘sha joyda bomdod namozini o‘qishadi. Qur’on tilovatini eshitib, dinga kirgan va islomni targ‘ib qilgan. Ularning ichida ham xuddi odamlarga o‘xshab imonsiz-imonli, yaxshi-yomon, adashgan va hidoyatda yurganlari, firibgar va soddalari bor. Jinlardan ham Qur’onga, Payg‘ambar sollalloh alayhi vasallamga iymon keltirib yaxshi yo‘lda yurganlari jannatga, imonsiz bo‘lib yomon yo‘lda yurganlari do‘zaxga tushadilar. Ular odamlarga hech qachon yordam bera olmaydi va g‘ayb sirlarini bilmaydi. Chunki Qur’oni karim nozil bo‘lgandan so‘ng ular bu xislatlardan mahrum bo‘lgan.

Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi:

Albatta bizlar (farishtalarning so‘zlarini o‘g‘rincha eshitib olish uchun) osmonga taqilgan edik, uning kuchli qo‘riqchi (farishta)lar va (o‘g‘ri  jinlarga otilguvchi uchar) yulduzlar bilan to‘la ekanligini ko‘rdik. Albatta bizlar (ilgari osmondan ayrim) joylarga (farishtalarning so‘zlarini o‘g‘rincha) eshitib olish uchun o‘tirib olar edik. Endi hozir (ya’ni, Muxammad alayhissalom payg‘ambar qilib yuborilganlaridan keyin) esa kim (ya’ni, qaysi jin o‘g‘rincha) eshitar bo‘lsa, o‘zini kuzatib turgan bir (uchar) yulduzni ko‘rar. Albatta bizlar yerdagi kishilarga (Alloh tomonidan) yomonlik iroda qilinganmi yoki Parvardigorlari ularga  yaxshilikni iroda qilganmi, bilmasmiz” (Jin surasi, 8,9,10).

Islomdan avvalgi vaqtda jinlar osmonga chiqib maloikalarning o‘zaro suhbatlarini, jumladan, yaqin kunlarda sodir bo‘ladigan va bo‘lgan ba’zi ishlar haqidagi ma’lumotlarni yashirin eshitib, yerdagi folbinu munajjimlarga birga o‘nni qo‘shib yetkazar edi. Oradan ancha vaqt o‘tib, osmon xabariga quloq osgani chiqsalar, ularni yulduzlardan uzilib chiqqan uchqunlar urib haydaydigan bo‘lib qoldi. Ular yerga o‘z qavmlari huzuriga qaytib, “Nima bo‘ldi ekan, bizni uchqunlar quvadigan bo‘lib qoldi-ku?” deyishadi. Shunda ba’zilari, dunyoda ulkan, olamshumul o‘zgarish bo‘lgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylashadi. Mashriqu mag‘ribni kezib bizdan osmon xabarini to‘sgan narsani qidirish zarur, degan qarorga kelib, safarga otlanadilar. Rivoyatlarda naql qilinishicha, Nasiybin nomi bilan ataluvchi joyda yashovchi jinlardan yetti nafari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bomdod namozida qiroat qilayotganlarini eshitib to‘xtashgan, bizdan osmon xabarini to‘sgan narsa shu, deb o‘z qavmlariga qaytib, bo‘lgan hodisani aytadilar.

Johiliyat vaqtida arab qabilalari jinlarga maxfiy, noravshan xudolar deb e’tiqod qilardilar. Ular jinlarning nasabi Alloh taologa yetib boradi, uning jinlardan sheriklari bor, degan buzuq e’tiqodga ham bo‘ysunardi. Shuningdek, arablar jinlar g‘oyibdan xabardor, folbin va munajjimlarga osmon sirlarini aytib turadi, degan o‘yda edilar. Johiliyat arablarida jinlarning hukmi yer yuzida o‘tadi, degan xom xayol bo‘lib, agar ulardan birortasi biror joyga borib yotib qolmoqchi bo‘lsa, «Ushbu joyning xo‘jayin jinidan panoh so‘rayman», degan ma’nodagi duoni qilardi. Hozirgi vaqtgacha kishilarda yuqoridagi aytiladiganlarga o‘xshash turli-tuman buzuq, bid’at-xurofotdan iborat tushunchalar mavjud va ular bu yolg‘on e’tiqodga ishonadi.

Islom dini kelib, Qur’on nozil bo‘la boshlagach, jinlar uchun osmonning barcha yo‘llari berkilgan va yuqoridagi oyatda jinlarning o‘zlari e’tirof etganidek, ular Alloh yerdagi bandalari bo‘lmish insonlarga nimani  iroda qilishidan mutlaqo bexabardir. Shunday ekan, jinlardan panoh tilash yoki ulardan najot kutish, folbinlarga borib ulardan yordam so‘rash shirk va bid’atdan  o‘zga narsa emas. Alloh taolo ana shunday shirk va bid’at amallardan hamisha o‘z panohida asrasin.

Muhammadmuso NABIJONOV,

tayyorladi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

10.08.2026   30561   1 min.
YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

Sayyor yig‘ilish

Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.

Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari