Islomda poklik imondan hisoblanadi. Dunyoda Islomdan boshqa hech bir din, tuzum yoki falsafa poklikni, ozodalikni imon ishi darajasiga ko‘tarmagan. Tahorat tanani jismoniy va ruhiy dardlardan, kirlardan poklaydi. Janob Rasululloh sollallahu alayhi vasallam: “Mo‘min odam tahorat olsa, gunohlari uning qulog‘idan, ko‘zidan, qo‘lidan, oyog‘idan chiqib ketadi. U o‘rnidan turganida kichik gunohlaridan pok holida turadi!” deganlar.
Yana bir hadisi sharifda: “Kimki, tahoratli holida vafot etsa, u shahid bo‘lib vafot etibdi”, deyilgan. Janob Rasululloh sollallahu alayhi vasallam Hazrat Anas ibn Molik roziyallohu anhuga bunday degay ekanlar: “Ey Anas! Agar o‘lim farishtasi oldinga kelganida, sen tahoratli bo‘lsang, shahidlik martabasini qo‘ldan chiqarmaysan!”. Kishi tahorat olib uxlasa, uning bosh tomonida bir farishta hozir bo‘lib, tonggacha uning gunohlarining mag‘firatini tilab haqiga duo qiladi. Tunu kun tahorat bilan yurishga odatlanmoq lozim. Zero, bu ulug‘ sunnatdir. Doimo tahoratda yurishni o‘ziga odat qilgan insonni Alloh taolo quyidagi xislatlar bilan mukofatlaydi:
Har namozga yangi tahorat olish Janob Rasululloh sollallahu alayhi vasallamning muborak sunnatlaridir.
Janob Rasululloh sollallahu alayhi vasallam: “Parvardigoro! Qalbimni nifoqdan pok qil!” deb duo qilardilar. Zohir tahoratisiz namoz qabul bo‘lmaganidek, qalb pok bo‘lmaguncha Haq taolo ma’rifati ham muyassar bo‘lmas.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kimki taxorat qilsa va tahoratini chiroyli qilsa, uning jasadidan qilgan xatolari chiqadi hattoki, tirnoqlari ostidan ham”, deb marhamat qildilar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki tahorat qilsa va u tahoratini chiroyli qilsa, so‘ngra “Ashhadu an la ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu va anna Muhamaddan abduhu va rasuluhu”, desa u uchun jannatning sakkiz eshigi ochiladi va u unga xohlaganidan kiradi”, deb marhamat qildilar.
Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Bilol ibn Raboh roziyallohu anhuga qarab aytdilarki: “Ey Bilol seni qanday amaling borki men seni jannatda oyoq tovushingni eshitdim”, dedilar. Shunda Bilol: “Yo Allohning Rasuli meni hech qanday amalim yo‘q, faqat har safar tahorat qilgandan keyin ikki rakat namoz o‘qiyman”, deb javob berdi. Shunda Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam: “Unda mana shu narsa bo‘lsa kerak”, dedilar.
Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadilar: Tahorat qilayotgan kishi tahoratini ta’zim bilan qilishi va bu tahorat bilan Robbining ziyoratida bo‘lishini bilishi, so‘ngra gunohlariga tavba qilishi lozim. Chunki Alloh taolo suv bilan yuvishni gunohlardan poklanish belgisi qildi. Tahoratni Alloh ismi bilan boshlamog‘i lozim. G‘arg‘ara istinshoq qilsa, og‘zini g‘iybatdan va yolg‘ondan, yuzini yuvsa, haromga qarashdan poklangan bo‘ladi. Boshqa a’zolarda ham shunday. A’zolarni yuvib bo‘lsa, Allohga duo qiladi va tasbeh aytadi.
O‘MI Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Abdulloh PARPIYEV
tayyorladi.
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.