Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

Sadaqaning biz bilgan va bilmagan turlari

27.12.2017   6174   4 min.
Sadaqaning biz bilgan va bilmagan turlari

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Quyosh chiqadigan har bir kunda insonlarning bo‘g‘imlari uchun sadaqa bor. Ikki kishi o‘rtasida adolatli bo‘lmog‘ing sadaqadir. Kishiga ulovi borasida yordam berish, minishiga ko‘maklashish yoki yukini ko‘tarib olib berishing sadaqadir. Yaxshi so‘z sadaqadir. Namoz sari bosilgan har bir qadaming sadaqadir. Yo‘ldan ozor beradigan narsani olib tashlashing sadaqadir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) salomatlik va a’zolarni but ekani buyuk ne’mat ekaniga ishora qilmoqdalar. Shuningdek, har kuni inson a’zolari uchun Alloh taologa shukr aytmog‘i lozimligi tushuniladi.

Shukrning ba’zisi vojib, boshqasi esa mustahab bo‘ladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) buni umumiy tarzda sadaqa deb nomladilar. Chunki shukrni sadaqa sifatida qabul qilinishi Alloh taoloning fazlidir.

Sadaqa qalbdagi imonning chin ekanini tasdiqlovchi ezgu amaldir. U hadisda zikr qilinganidek ijtimoiy, ma’naviy va madaniy ko‘rinishlarda ham namoyon bo‘ladi.

Xusumatlashganlar orasida odilona hukm chiqarish va ularni o‘zaro yarashtirib qo‘yish dinimiz buyurgan muhim amal. Chunki Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, mo‘minlar (dinda) o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot, 10).  Bu borada Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Sizlarga (nafl) namoz, (nafl) ro‘za, va (nafl) sadaqaning darajasidan ham afzal amalni aytaymi?” dedilar. (Sahobalar): “Ha”, deyishdi. U zot: “Orani isloh qilish”, dedilar. Zero, bu amal xusumat ortidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan turli ko‘ngilsizliklarning oldini oladi.

Odamlarga yordam berish sovobli ish. Hadisda ulovga minishga yoki matosini ortishga ko‘maklshish zikr qilindi. Bundan boshqalarga berilgan kichik yordam ham e’tiborli ekani tushuniladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim mo‘minning dunyo mashaqqatlaridan birini ketkazsa, Alloh taolo qiyomat kuni uning tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishining ishini yengillatsa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratda yengillik beradi. ...” dedilar (Imom muslim rivoyati). 

Yaxshi so‘zning qamrovi keng. Tavhid kalimasini aytish, salomni oshkor etish, alik olish va odamlar bilan xushmuomalali bo‘lish yaxshi so‘zdir. Shuningdek, Alloh taoloni yodga olish, duo qilish, yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish, maslahat so‘ragan kishiga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish ezgu so‘zdir. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: (Har bir) yoqimli so‘z Uning huzuri sari chiqur. Solih amalni esa, (Alloh O‘z dargohiga) ko‘tarur” (Fotir, 10).

Hadisda “Namoz sari bosilgan har bir qadam”, deb tarjima qilingan qismidan murod namozni jamoat bilan ado etish maqsadida masjidga borishdir. Masjid sari bosilgan qadam tufayli savoblar ko‘payadi, xatolar o‘chiriladi, oxiratda daraja ko‘tariladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo xatolarni o‘chiririshiga va darajalarni ko‘tarilishiga sabab bo‘ladigan amalni aytaymi?” dedilar. (Sahobalar): “Ha”, deyishdi. U zot: “Qiyinchilikda ham tahoratni mukammal qilish, masjid sari ko‘p yurish, namozdan so‘ng namozni kutish”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Banu Salama urug‘i Madina shahrining chekkasida yashar edi. Ular masjid yaqiniga ko‘chmoqchi bo‘lishdi. Shunda “Albatta, Biz o‘liklarni tiriltirurmiz va ularning (o‘limidan oldin) yuborgan amallarini hamda (qoldirgan) asoratlarini (ommaga foydali yoki zararli ishlarini) yozib qo‘yurmiz” (Yosin, 12) oyati nozil bo‘ldi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Bosgan izlaringiz yoziladi. Shuning uchun ko‘chmanglar”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Yo‘ldagi tosh, tikon, chiqindi kabi insonlarga ozor beruvchi narsalarni olib tashlash savobli ish. Hatto, bu amal imonning shoxchalaridan biri ekani hadislarda zikr qilingan. Har birimiz ushbu sunnatga amal qilsak, ko‘chalarimizni ozoda tutsak, yurtimiz obod, yo‘llarimiz ravon, ko‘ngillarimiz nurafshon bo‘ladi.     

 

Manbalar asosida Uchko‘prik tumani

bosh imom-xatibi

Ahmadxon NIZOMOV tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson

27.12.2024   1132   2 min.
Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson

1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?

– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
 

2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?

– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.


3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?

– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, ­bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shunda­gina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.


4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?

– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.

Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.


5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?

– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahi­mahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.


6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?

– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.


Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda. 

"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan

 

Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson
Maqolalar