Har doimgidek ishtiyoq bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga otlandim. Ko‘pchilik uchun sevimli bo‘lgan bu joyda barcha sharoitlar yetarli, yorug‘, istagan kitobingizni topishingiz mumkin. Ammo...
Odatdagidek, kutubxona garderobiga yaqinlashganda hammaning yuragi bezillaydi. Yo navbat kutishdan charchaysiz, yo garderob xodimining muomalasidan jahlingiz chiqadi. Kitob mutolaasiga bo‘lgan ishtiyoq kishini ikki qadam oldinga yetaklasa, bu kabi holatlar bir qadam orqaga tortadi. Bu safar ham vaziyat o‘sha-o‘sha. Oxir-oqibat men qatori navbatda turgan o‘rta yoshlardagi ayolning ham sabri tugadi shekilli, "Singlim sherigingiz ham yordam bersa, bo‘larkan", deganini biladi, garderob xodimidan “yaxshigina” javob oldi.
– Ovqatlanyapti! – dedi zarda bilan.
– Ha, mayli-kuya! Lekin bu yerda shuncha odam kutib turibdi. Navbatchilik qilib qo‘ysalaring bo‘lar ekan-da, unda.
– Keling, o‘zingiz kirib qo‘ya qoling, siz bilan “smena almashamiz”, 370 ming oylikka ishla-a-ab yurasiz…
Garderob xodimi va haligi ayol o‘rtasidagi so‘z “jangi” ancha davom etishi bilan birga juda “bejirim” so‘zlarga ham “boy bo‘ldi”. Qolgan navbatda turganlar ham battar bo‘lmasin, deb ortiqcha aralashishmadi. Rosa qirq daqiqa deganda, arang kiyimlarimni topshirdim. Bir tomondan kitobxonlarning ko‘pligidan quvonsang, bir tomondan garderob xodimlarining har galgi “muomala”sidan ta’bing tirriq bo‘ladi.
Vaziyatni kuzatar ekanman, O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilovning “Tafakkur” jurnalida e’lon qilingan “To‘g‘ri siljitmoq azmi” nomli suhbatidagi quyidagi fikrlari yodimga tushdi: "Teatr garderobdan boshlanadi" degan naqlni bilasizmi? Aslida teatr undan ham oldin chiptaxonadan boshlanadi. Chipta sotuvchining muomalasidanoq spektaklga “tashxis” qo‘ysa bo‘ladi. E’tibor berganmisiz, teatr farroshlarining chelagiga kigiz o‘ralgan bo‘ladi. Rasmi shunday: tiq etgan tovush chiqmasligi kerak. Qay birini aytay, teatrning o‘z arkonlari, tartib-qoidalari bor. Shulardan birortasini buzdingizmi, tamom, keyin “Nega spektakllarga odam kelmayapti?”, deb kalavaning uchini topolmay yuraverasiz".
Kutubxona-chi? Bu joy undan ham muqaddas dargoh-ku. U yerdagi bu kabi muomala madaniyati, bundan kelib chiqadigan noqulayliklar, albatta, kitobxonlarga ta’sir qilmay qolmaydi. Shu kabi qattiq nazoratni o‘rnatib qo‘yib, kutubxonaga kirishdagi bu kabi muomalani “yaratib” qo‘yamiz-da, “kalavaning uchini topolmay yuraveramiz”.
Yoshlar kitob o‘qimayapti, deb tanqid qiladiganlarga esa kutubxonaga borib, vaziyatga o‘zlari baho berishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Kutubxonaga keluvchilar chunonan ko‘pki, har gal bazo‘r bo‘sh joy topib o‘tiraman.
To‘g‘ri xavfsizlik yaxshi, lekin eshikning oldidayoq juda ko‘p ushlanib qolish ham foydalanuvchilar dilini siyoh qiladi. Doimiy tiqilinch vaziyatning oldini olish uchun garderobni kengaytirib, ishchi xodimlar soni oshirilsa, kirishda qandaydir osonroq rejim o‘rnatilsa, foydalanuvchilar uchun yanada qulayliklar yaratilarmidi? Kutubxonaga kelgan foydalanuvchi ilm olishdan boshqa narsalar uchun ortiqcha vaqt ajratishga majbur qilinmasmidi shunda.
“O‘zA” dan olindi
1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?
– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?
– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.
3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?
– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shundagina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.
4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?
– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.
Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.
5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?
– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.
6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?
– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.
Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda.
"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan