Islom inson sog‘ligiga jiddiy ahamiyat qaratadigan hamda sihat-salomatlikni saqlashning barcha ko‘rinishlarini mukammal bayon etgan va bu borada kerakli tavsiya va ko‘rsatmalar bergan dindir. Unda sog‘likka zarar beradigan ishlardan qaytarib: “Islomda o‘ziga va birovga zarar berish yo‘q!” kabi so‘zlarning buyuk ishoraga aylanishi, sog‘likka zarar yetkazadigan har qanday narsaning harom qilinishi va boshqa ko‘plab sog‘liqni saqlash borasida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan hadisu oyatlar so‘zimizning yorqin dalilidir.
Farzandining ham jisman, ham aqlan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi harqanday ota-onaning ko‘zini quvnatib, ko‘ngliga cheksiz surur bag‘ishlashi tabiiy. Lekin, bu narsa uning tarbiyasi va parvarishidan mas’ul bo‘lgan shaxslar ustiga biroz mashaqqat, e’tibor va davomli mehnat yuklaydi. Zero, bu doimiy ravishda farzand sog‘ligidan xabardor bo‘lish, uni kasalga chalinishdan, shikastlanishdan muhofaza qilish, bordiyu xastalanib qolsa, darhol kerakli chora-tadbirlarni ko‘rish kabi ishlarni taqozo qiladi.
Yurt farzandlarining salomatligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 25 dekabr kuni “2018-2022 yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Respublikada sog‘lom bolalar tug‘ilishi, homilador ayollar va chaqaloqlarda patologiyani barvaqt aniqlash uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydigan zamonaviy perinatal markazlar hamda “Ona va bola skrining” markazlari tarmog‘i yaratildi, tug‘ruqqa yordam beruvchi va pediatriya muassasalarining moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyati mustahkamlandi, tug‘ma va irsiy kasalliklarga tashxis qo‘yish, davolash hamda ular profilaktikasining zamonaviy usullari joriy etildi.
Amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida 1,1 milliondan ortiq homilador ayol tekshiruvdan o‘tkazildi, bu 21 ming nafardan ortiq rivojlanishida tug‘ma nuqsonlar bo‘lgan bola tug‘ilishining oldini olish imkonini berdi. 1,7 milliondan ortiq chaqaloq tug‘ma va irsiy kasalliklar yuzasidan tekshirildi, 2,7 ming nafar bolaga rivojlanishning tug‘ma nuqsonlarini bartaraf etish yuzasidan malakali tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Shu bilan birga, tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktik va davolash-tashxis qo‘yish tadbirlarini, ayniqsa, qishloq joylarda bo‘lajak onalar va bolalarning sog‘lig‘i holati ustidan patronaj tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, jahon amaliyotiga muvofiq tug‘ruqqa yordam beruvchi muassasalarning va “Ona va bola skrining” markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash talab etiladi.
Qarorning to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 11 yanvar kuni Jidda shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Haj va umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon ar-Rabia, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy ishtirokida o‘zaro aloqalarning istiqbollari hamda “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari hamda Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Valiahd va Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar jadal rivojlanayotgani, Alloh taoloning mehmoni bo‘lgan ziyoratchilarga namunali xizmat ko‘rsatilayotgani alohida qayd etildi.
Ayniqsa, haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshirilgani, keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj amallarini bajargani yuqori baholandi. Umra safarlari uchun cheklovlar olib tashlangani, qonuniy tartibga solingani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan yurtimizda haj va umra safarlari yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar, tashkiliy tadbirlar, huquqiy asoslar, raqamlashtirish jarayonlari va o‘zbekistonlik ziyoratchilarning tartib-intizomi Saudiya tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, Tavfiq bin Favzon ar-Rabia so‘zining davomida Yangi O‘zbekistondagi islohotlarni e’tirof etish barobarida zaminimizdan nafaqat islom ulamolari, balki dunyo sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan Ibn Sino, al-Xorazmiy kabi buyuk mutafakkirlar, ilm-fan namoyondalari yetishib chiqqani va yurtdagi bugungi o‘zgarishlar yana mana shunday allomalar chiqishiga poydevor bo‘lishini ta’kidladi.
Muloqot yakunida tomonlar esdalik sovg‘alari topshirdilar.
O‘MI Matbuot xizmati