Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

So‘z kumush bo‘lsa, sukut oltindir

26.12.2017   4156   3 min.
So‘z kumush bo‘lsa, sukut oltindir

Til - Allohning ulug‘ ne’mati, ajibu latif san’atidir. Garchi u jisman kichik bo‘lsa ham itoati tufayli topadigan savobi yoki itoatsizligi tufayli sodir etadigan gunohi juda katta. Chunki, kufr ham, iymon ham faqat til guvohligida ayon bo‘ladi. Kufr va iymon esa toat va isyonning boshlanish hududlaridir. Kimki tilning jilovini bo‘sh qo‘yib yuborsa, shayton uni yo‘ldan ozdiradi, jar yoqasiga haydab, halokatga sudraydi. Faqat shariat bilan jilovlangan tilgina bu ofatdan najot topadi.

 

Bas, shunday ekan, til dunyo va oxiratga foydasi bor narsani gapirishi, hozir yo kelajakda zarari tegadigan narsani gapirishdan tiyilishligi kerak bo‘ladi. Shuning uchun shariatimiz ko‘p gapirishdan qaytaradi, jim yurishni maqtaydi va jimlikka undaydi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom aytgan edilar: «Jim yurgan kishi najot topdi» (Termiziy rivoyati).

 

Insonlar ortiqcha so‘zlashdan, behuda va fisq so‘zlarni aytishdan qaytarilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

 

«Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi so‘z aytsin yoki jim tursin» deganlar (Imom Buxoriy).

 

Abu Hurayra aytadi: «Gapning ortiqchasida yaxshilik yo‘q».

 

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Kimning gapi ko‘paysa, xatosi ham ko‘payadi», degan.

 

Hakimlarning biridan: «Seni bunchalik hikmatga nima yetkazdi?» deb so‘ralganda, «Bilgan narsamni so‘ramayman, keraksiz narsani gapirmayman», deb javob bergan ekan.

 

Safvon ibn Salimdan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar alayhissalom shunday dedilar: «Ibodatning eng oson va badan uchun eng yengilini aytaymi? Bu jim yurish va go‘zal xulq!» (muttafaqun alayh).

 

Bir a’robiy Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga kelib dedi:

- Meni jannatga kiritadigan amalni ayting.

- Ochlarni to‘ydir, tashnalarni qondir, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan

qaytar. Agar bularga qodir bo‘lmasang, faqat xayrni gapir, yo‘qsa, tilingnitiy, dedilar Rasuli akram (Ibn Abu Dunyo rivoyati).

 

Avzo’iy aytadi: «Jim yurgan kishi o‘zida ikkita fazilatni jamlaydi: dinda salomatlik va do‘stni tushinish».

 

Hasan aytadi: «Muoviya rahimahulloh huzurida ko‘pchilik gapirdi, Axnaf

ibn Qays esa jim edi. Shunda Muoviya: - Ey Abu Bahr! Nega gapirmayapsan? dedi unga.

- Gapim yolg‘on bo‘lsa Allohdan, rost bo‘lsa sendan qo‘rqayapman, dedi Axnaf».

 

Jim yurishning fazilati ulkan. Albatta, jim yurish quruq sukutdan iborat fe’l emas. Unda oxirat g‘ami, davomli vazminlik, tafakkur uchun imkon, zikr, ibodat jamlanadi. Jim yurgan inson bu dunyoda so‘zlar charchog‘idan, oxiratda u so‘zlar uchun hisob berishdan xalos bo‘ladi. Alloh taolo deydi: «U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir» (Qof, 18).

 

Sulaymon ibn Dovud alayhimussalom aytdi: «So‘z kumush bo‘lsa, sukut oltindir»

 

Alloh taolo barchalarimizni kumush(so‘z)dan unumli foydalanib,  Oltin (sukut) ni lozim tutishligimizni va yolg‘on, g‘iybat kabi til ofatlaridan tiyilishligimizni, kam so‘zlaydigan, ko‘p tafakkur qiladigan, so‘zining ma’nosiga e’tibor berib, odamlarga ozor yetkazmaydigan solih insonlardan bo‘lishimizni nasib aylasin, omin!

 

Manbalar asosida

 Tolibjon G‘OFUROV

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   2341   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.