Huzayfa ibn Yamon (roziyallohu anhu) Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rmay turib musulmon bo‘lganlardan edi. Otalari Yamon asli Makkaning Bani Abs urug‘idan. Yasribga ko‘chib, o‘rnashib qolgach, Bani Abdulashhal urug‘i bilan do‘stlashdi. Keyinchalik ularga kuyov bo‘ldi va bu nikohdan Huzayfa tug‘ildi.
Yosh Huzayfa musulmon oilada ulg‘aydi, ota-onasi qatori Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalaridan biriga aylandi. Ota shahri Makka, ona yurti Yasrib bo‘lgan Huzayfaga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) muhojirlik yoki ansorlikdan birini tanlash imkoniyatini berdilar. Huzayfa ibn Yamon (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasullullohni (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rishga mushtoq edim. U zot haqida bilganlardan so‘rab turardim, bilganim sari muhabbatim oshar edi. Makkaga kelib u zotga yo‘liqqanimda: “Men muhojirmanmi yoki ansoriymanmi?” deb so‘radim. “Xohlasang, muhojir, xohlasang, ansoriy bo‘l, yoqtirganingni tanla”, – deganlarida, “U holda men ansoriy bo‘lishni tanlayman”, – dedim”.
Huzayfani (roziyallohu anhu) “Rasululloh sirlarini biluvchi” deb ham atashardi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga kelganlarida o‘zini musulmon qilib ko‘rsatadigan, aslida u zotga dushmanlik qiladigan munofiqlar bor edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ular haqida hamma narsani bilardilar, ammo nomlarini Huzayfadan boshqa hech kimga aytmaganlar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Huzayfaga buni hech kimga gapirmaslikni ham buyurgan edilar.
Huzayfa ibn Yamon umrining oxirigacha Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sirlarini hech kimga ochmadi. Munofiqlarni aniqlash uchun sahobalar ham goh-goh unga murojaat qilishardi. Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) musulmonlardan birortasi vafot etsa, janozaga kelganlar orasida Huzayfani (roziyallohu anhu) qidirar, u kelgan bo‘lsa, janozani o‘zi o‘qir, aks holda, boshqaga buyurar edi.
Bir kuni Hazrati Umar Huzayfa ibn Yamondan atrofidagi odamlar orasida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) eslaganlar bor-yo‘qligini so‘rab qoladi. Huzayfa (roziyallohu anhu) esa shunaqa bir odam borligini aytadi. Lekin Hazrati Umar har qancha qistamasin, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bildirgan sirni oshkor qilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Umar ibn Xattobning (roziyallohu anhu) o‘tkir farosati uning kimligini sezadi, tez kunda o‘sha odamni ishdan bo‘shatadi.
Huzayfa ibn Yamon (roziyallohu anhu) ajoyib fazilatlar egasi bo‘lib qolmay, Alloh taolodan qattiq qo‘rquvchi, taqvoli zot edi. Og‘ir kasalga chalinib, umrining so‘nggi lahzalarini kechirayotgan tunlardan birida sahobalar uni ko‘rgani kelishdi. Vaqtni so‘raganida, sahobalar bomdod namoziga yaqin qolganini aytishdi. Shunda Huzayfa sahobalarga bunday vasiyat qildi: “Iltimos, meni kafanlaganlaringda qimmatbaho mato ishlatmanglar. Rabbim huzurida men uchun yaxshilik bo‘lsa, matolar o‘sha joyda beriladi. Agar yomonlik bo‘lsa, oddiy kafandan ham mahrum bo‘laman. Alloh, O‘zingga ma’lum, men faqirlikni boylikdan, kamtarlikni izzatdan ortiq ko‘rganman.”
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 11 fevral kuni Toshkent viloyati Nurafshon shahri «Said ibn Vaqqos» jome masjidida namunaviy-amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ullari, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatibi va otinoyilari, shuningdek, otinoyilar, “Haj – 2024” ziyoratchilari, mahallalar raislari ishtirok etdi.
Mahallalarga chiqilib, muammoli beshtadan oila o‘rganildi.
Tumandagi masjidlarda peshin namozidan so‘ng namozxonlarga O‘MI raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov mav’izalar qilib berishdi.
So‘ngra imomlarning yo‘nalishga oid hisobotlari tinglanib, xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati