Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Fevral, 2025   |   13 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:22
Peshin
12:42
Asr
16:11
Shom
17:56
Xufton
19:10
Bismillah
12 Fevral, 2025, 13 Sha`bon, 1446

Rasululloh sirlarini biluvchi sahobani bilasizmi?

26.12.2017   4328   3 min.
Rasululloh sirlarini biluvchi sahobani bilasizmi?

Huzayfa ibn Yamon (roziyallohu anhu) Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rmay turib musulmon bo‘lganlardan edi. Otalari Yamon asli Makkaning Bani Abs urug‘idan. Yasribga ko‘chib, o‘rnashib qolgach, Bani Abdulashhal urug‘i bilan do‘stlashdi. Keyinchalik ularga kuyov bo‘ldi va bu nikohdan Huzayfa tug‘ildi.

 

Yosh Huzayfa musulmon oilada ulg‘aydi, ota-onasi qatori Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalaridan biriga aylandi. Ota shahri Makka, ona yurti Yasrib bo‘lgan Huzayfaga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) muhojirlik yoki ansorlikdan birini tanlash imkoniyatini berdilar. Huzayfa ibn Yamon (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasullullohni (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rishga mushtoq edim. U zot haqida bilganlardan so‘rab turardim, bilganim sari muhabbatim oshar edi. Makkaga kelib u zotga yo‘liqqanimda: “Men muhojirmanmi yoki ansoriymanmi?” deb so‘radim. “Xohlasang, muhojir, xohlasang, ansoriy bo‘l, yoqtirganingni tanla”, – deganlarida, “U holda men ansoriy bo‘lishni tanlayman”, – dedim”.

 Huzayfani (roziyallohu anhu) “Rasululloh sirlarini biluvchi” deb ham atashardi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga kelganlarida o‘zini musulmon qilib ko‘rsatadigan, aslida u zotga dushmanlik qiladigan munofiqlar bor edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ular haqida hamma narsani bilardilar, ammo nomlarini Huzayfadan boshqa hech kimga aytmaganlar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Huzayfaga buni hech kimga gapirmaslikni ham buyurgan edilar.

Huzayfa ibn Yamon umrining oxirigacha Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sirlarini hech kimga ochmadi. Munofiqlarni aniqlash uchun sahobalar ham goh-goh unga murojaat qilishardi. Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) musulmonlardan birortasi vafot etsa, janozaga kelganlar orasida Huzayfani (roziyallohu anhu) qidirar, u kelgan bo‘lsa, janozani o‘zi o‘qir, aks holda, boshqaga buyurar edi.

Bir kuni Hazrati Umar Huzayfa ibn Yamondan atrofidagi odamlar orasida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) eslaganlar bor-yo‘qligini so‘rab qoladi. Huzayfa (roziyallohu anhu) esa shunaqa bir odam borligini aytadi. Lekin Hazrati Umar har qancha qistamasin, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bildirgan sirni oshkor qilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Umar ibn Xattobning (roziyallohu anhu) o‘tkir farosati uning kimligini sezadi, tez kunda o‘sha odamni ishdan bo‘shatadi.

Huzayfa ibn Yamon (roziyallohu anhu) ajoyib fazilatlar egasi bo‘lib qolmay, Alloh taolodan qattiq qo‘rquvchi, taqvoli zot edi. Og‘ir kasalga chalinib, umrining so‘nggi lahzalarini kechirayotgan tunlardan birida sahobalar uni ko‘rgani kelishdi. Vaqtni so‘raganida, sahobalar bomdod namoziga yaqin qolganini aytishdi. Shunda Huzayfa sahobalarga bunday vasiyat  qildi: “Iltimos, meni kafanlaganlaringda qimmatbaho mato ishlatmanglar. Rabbim huzurida men uchun yaxshilik bo‘lsa, matolar o‘sha joyda beriladi. Agar yomonlik bo‘lsa, oddiy kafandan ham mahrum bo‘laman. Alloh, O‘zingga ma’lum, men faqirlikni boylikdan, kamtarlikni izzatdan ortiq ko‘rganman.”

 

 

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bandam nima dedi?

11.02.2025   2715   2 min.
Bandam nima dedi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularga quyidagilarni gapirib bergan ekan:

“Allohning bandalaridan bir banda: “Ya Robbi lakal hamdu kama yambag‘iy lijalali vajhika va aziymi sultonika”, deb (savob va gunohlarni yozib boradigan) ikki farishtani qiyin ahvolga solib qo‘ygan. U ikkisi qanday (ya’ni, nima deb) yozishni bilmay, osmonga ko‘tarildilarda Alloh taologa: “Yo Robimiz, bir bandang biz nima deb yozishni bilmaydigan bir gap  aytdi”, deyishdi. Alloh azza va jalla  bandasi nima deganini bilib tursada, “Bandam nima dedi?”, deya so‘radi. Ular: “Ey Parvardigor bandang “Ya Robbiy lakal hamdu kama yambag‘iy lijalali vajhika va aziymi sultonika dedi”, deyishdi. Shunda Alloh  ikki farishtaga: “Aytganidek holda yozinglar. Menga ro‘baro‘ kelganida uni mukofotini O‘zim beraman”, dedi (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).

U so‘zlarning ma’nosi: “Ey Robbim, Senga O‘zingni buyukliging va saltanatingni  ulug‘ligiga yarasha va munosib hamd bo‘lsin”.

Haqiqatda inson qo‘liga tasbeh olib, minglab hamd aytganida ham Alloh taolo bergan bittagina ne’matining shukrini ham ado etolmaydi. Holbuki, bizga berilgan ne’matlarning sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Qolaversa, hamd aytishning o‘zi ham bir ne’mat. Bitta hamd ayta olgan kishi mana shu baxtga muyassar qilgan Zot Alloh taologa yana shukr qilishi kerak. Chunki, Alloh taoloning rizqini yeb, Uni taniyolmay dahriy bo‘lib yurganlar qancha?! Shuning uchun hadisi sharifda kelgan so‘zlarni aytsa, eng oliy darajadagi hamdni aytgan bo‘ladi. Sababi, uning ma’nosi cheksiz hamdu sano bo‘lsin demakdir. Natijada hatto farishta ham havas qiladigan mukofotga erishadi. 

Alloh taolo barchamizni shunday maqomlarga munosib bandalaridan qilsin. Omiyn.                      

 

Bahodir Bahromjon o‘g‘li,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi.