Hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi. Ayniqsa ota-onaga qilingan isyon va ularga oqq bo‘lishning jazosi albatta muqarrardir.
Abu Bakra roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh O‘zi hohlagan gunohlarning (jazosini) hammasini qiyomat kunigacha kechiktiradi. Faqat ota-onaga oqq bo‘lishni emas. Albatta, Alloh taolo, uning sohibiga (jazosini) o‘limidan oldin hayotida tezlatadi”, deganlarini eshitdim”. (Imom Hokim rivoyati).
Demak, ota-onasiga oqq bo‘lib, ularga nonko‘rlik qilgan maxluq, oxiratda oladigani alamli azobu uqubatlardan tashqari shu dunyoning o‘zida ham qilmishiga yarasha jazolanmasdan qolmas ekan. Bunga ko‘pchiliklarimiz guvoh bo‘lganmiz.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Ota-onani yig‘latish oqq bo‘lish kabira gunohlardandir”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Ota-onani xursand qilish qanchalar ulug‘ amal bo‘lsa, ularni xafa qilib ranjitish ham ulkan gunoh hisoblanadi. Farzand ularga itoatsizlik qilib, so‘zlariga quloq solmasa, imkoni bo‘la turib yaxshilik qilmay, ozor berib, yig‘latadigan bo‘lsa, bu ishi bilan Alloh taologa eng katta gunoh qilgan va ota-onasiga oqq bo‘lgan bo‘lar ekan. Demak, hadisdan ma’lum bo‘ladiki farzandlar ota-onalariga oqq bo‘lib qolishlari uchun, ularning, “oqq qildim”, deyishlari shart emasligi, balki qalban og‘rinishlarining o‘zi yetarli ekanini bilib olishlari lozim.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Burni yerga ishqalansin! Burni yerga ishqalansin! Burni yerga ishqalansin!”, dedilar. Aytildi: “Kim? Yo Rosululloh!”. U zot: “Kim ota-onasini keksalik paytlarida birlarini yoki ikkovlarini topsayu, so‘ng, jannatga kirmagan bo‘lsa”, dedilar”. (Imomi Muslim rivoyati).
Mazkur hadisi sharifdan ma’lumki ota-onaga xizmat qilish, ularga yaxshilik qilib e’zozlash, jannatga kirish uchun eng katta vosita ekan. Ularga oq bo‘lish, ozor berish, ularning haqlarini paymol qilish va itoat qilmaslik esa, do‘zaxga kirishdagi eng asosiy sabablardan biridir. Ojiz banda ota-onasining xizmatlarida ko‘p xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yadi. Shuning uchun, kimki ota-onasining ikkisini yoki birlarini keksaygan paytlarida ularning duo va roziliklarini topish uchun ularga chiroyli xizmat qilsin! Bordiyu buning aksi bo‘lib, ularga ozor bersa, qarovsiz tashlab qo‘ysa va ular oldidagi farzandlik burchini bajarmasa do‘zaxga kirishga loyiq bo‘ladi. Ushbu hadisdagi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolari unga tegib qolishi xavfi bor.
Shoir aytadi:
Ey o‘g‘il, haddingda tur! Otang seni sotganda ham.
Inchunun, mushfiq onangni so‘zlari botganda ham.
Shuning uchun ota-ona bilan muomala qilishda farzand xushyor bo‘lib, ularni ranjitib qo‘ymasligi kerak. Alloh taolo hammamizni ota-onaga oq bo‘lishdan saqlasin!
tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:
«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.
Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.
Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.
Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:
«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.
«Ha», dedi Suhayb.
Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:
«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:
«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.
«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.
Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.
Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.
Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.
Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.
Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.
So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.
Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».
Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.
Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.
U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi aybdor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi