Ulug‘ hikmat sohibi Alloh taolo «Josiya» surasining 3-oyati karimasida marhamat qiladiki:
« Albatta, osmonlaru yerda mo‘minlar uchun oyat(belgi)lar bordir».
Ushbu oyati karimaga muvofiq, tabiatdagi tirik organizmlarning hayot kechirishiga tafakkur nazarimiz bilan qarasak, quyidagi bog‘lanishni ko‘rishimiz mumkin:
bir joyda yashaydigan organizmlar bir-biriga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi;
bir joyda yashaydigan organizmlarning bittasi yoki ikkalasi ham salbiy ta’sir ostida bo‘ladi; (parazitlik, yirtqichlik).
bir joyda yashaydigan organizmlarning bittasi yoki ikkalasi ham foyda oladi.
Uchinchi holat bo‘yicha fikr yuritsak. Bir joyda yashash ikkala organizm uchun ham foydali bo‘lish holati «mutualizm» (lotincha «mutus» – o‘zaro) deyiladi.
Masalan, mikoriza zamburug‘lari o‘simliklarning ildizlariga yashay turib, ularning ildizlariga fosfor va mineral moddalarni yetkazib beradi. O‘z navbatida zamburug‘lar ham, ildizlardan uglerod va boshqa organik moddalarni oladi. O‘rmonlarda yog‘och qipiqlari bilan oziqlanib yashaydigan chumolilarning (termit) ayrimlarining ichida bir hujayrali xivchinli sodda hayvonlar yashaydi. Ushbu chumolilar organizmida o‘sha yog‘och qipiqlarini parchalovchi fermentlar yo‘qligi sababli, bu vazifani bir hujayrali xivchinlilar bajaradi. Ya’ni yog‘och qipiqlarini parchalovchi fermentlarni xivchinlilar ajratadi. Chumolilarning xivchinlilarsiz yashay olmasligi-yu, xivchinlilarning ham, faqat o‘sha chumolilarning ichagida yashashga «mahkumligi» haqida nima deyishimiz mumkin? Bunday holatni Ulug‘ va hikmatli Yaratguvchining xohishi va izni irodasisiz yuzaga kelishi, mutlaqo mumkin emasligini har qanday insofli odam yaxshi anglaydi.
Beda ildizida istiqomat qiladigan maxsus bakteriyalar oziqlanishi natijasida, bog‘lanmagan azot o‘g‘itga aylanadi. Demak, bakteriyalarning o‘z “nafsini qondirishi” yashil o‘simliklarning yashashiga, yashnashiga eng muhim omil hisoblanadi.
Insonni tafakkurga chorlaydigan alomatlardan biri – chuchuk suvda kun kechiradigan ayrim baliqlar tuxumlarini ikki pallali yumshoq tanli-tishsizning mantiya bo‘shlig‘iga qo‘yar ekan. Baliq tuxumlari chig‘anoq himoyasida bo‘lib, unga hech qanday zarar keltirmaydi. Ular bu yumshoq tanlidan faqat yashash joy sifatida foydalanadi. Ajabo! Bu baliqlarga bunday antiqa usulda tuxumlarini “ijaraga” qo‘yishni kim o‘rgatdi ekan?
Akulalar ham tishlarini antiqa usulda tozalashar ekan, ular o‘ljalarini yeb bo‘lgandan so‘ng suv yuzasiga chiqib, og‘izlarini ochib turishar ekan. Buning hikmati shunday ekanki, tishlaridagi ovqat qoldiqlarini loyxo‘raklar «ishtaha bilan» tozalab quyishar ekan.
Ajabo! Bunday uslubdagi ovqatlanishni loyxo‘raklar kimdan o‘rgana qolibdi?
Va yana aksincha, begemotlar ham oziqlanib bo‘lishgach, yirik suv havzalariga tushib oladi. Ular bahaybat og‘izlarini ochganda, baliqlar galasi hech seskanmasdan begemot tishlari orasidagi ozuqa qoldiqlarini ishtaha bilan baham ko‘radi. Aqlli begemotlar baliqlar o‘z ishlarini yakunlaganlaridan so‘ngina ohistalik bilan og‘izlarini yopadi.
Yoki mana bu holatga diqqat qiling. Aniqlanishicha, butun Afrikada ikkita bir xil jirafani topish mumkin emas. Bir qaraganda, bu hayvonlar bir-biridan deyarli farqlanmaydi.
Lekin Keniyadagi qo‘riqxona xodimlari tomonidan turli mamlakatlarda o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar natijasida ravshan bo‘ldiki, har bir jirafaning bo‘ynida faqat o‘ziga xos bo‘lgan dog‘lar mavjud bo‘lib, ularning naqshi boshqasida takrorlanmas ekan. Jirafaga xos bo‘lgan bu mo‘jizaviy holni, olimlar hali izohlab berolmagan hodisa – odamlarning bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydigan barmoq izlariga ham o‘xshatsa bo‘ladi. Zero, Alloh taolo “Ra’d” surasining 4-oyati karimasi oxirida:
«...Bunda, albatta, aql ishlatuvchi qavmlar uchun oyat-belgilar bordir», deb marhamat qilmoqda. Ammo biz qachon tafakkur yuritamiz-u, qachon bu alomatlarni anglab yetamiz?! Bu alomatlarni anglab olmog‘imiz uchun esa, diniy fanlar bilan bir qatorda, albatta, dunyoviy fanlarni ham puxta o‘rganmog‘imiz lozim bo‘ladi. Aslida, Islom dinida ilmni diniy va dunyoviy deb ajratilmaydi.
Endi kakku qushning quyidagi ayyorona ishlariga qarang: Ruminiyadagi Oradiya shahrida jahonning 78 mamlakatidan keltirilgan 750 qush turining 10 mingdan ziyod tuxumini o‘zida mujassam etgan antiqa muzey mavjud. Ushbu kolleksiyada kakkuning taxminan 150 ga yaqin xilma-xil tuxumi bor. Ajabo, birgina qush turli-tuman tuxum qo‘yishi mumkinmi? Nihoyat zoologik haqiqat aniqlandi: Eng muhimi shundaki, kakku tuxum qo‘yishdan oldin, qorayaloq, jiblajibon, malinovka, soyka va shular singari qushlarning inlaridagi tuxumlarni ko‘rib, aynan ularning tuxumlariga o‘xshash tuxumini bemalol tashlab ketaverar ekan-ki, bu tuxumlarni o‘gay ota-onalar parvarishlab, voyaga yetkazar ekan.
Demak, mo‘min kishigina, tafakkur qiladigan qavmgina yerda ham, osmonda ham, hatto o‘zida ham Allohning buyuk, qudratli yaratuvchi zot ekaniga dalolat qiluvchi alomatlarni ko‘rishi mumkin. Allohning hidoyatidan mahrum, g‘aflatda yurgan kishilar uchun esa bu mo‘jizalarning hammasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan oddiy oddiy bir holdir. Xuddi shunday bo‘lishi lozimdek. Ular o‘zlaricha mo‘jiza kutadi, mo‘jiza talab qiladi. Aslida tabiatning o‘zi, borliqdagi barcha mavjudotlar, ularning yashashi, harakati, aniq bir qonuniyat asosida boshqarilishi mo‘jiza emasmi?
Qutb oq ayig‘i hech qachon sahroga yashashga intiq bo‘lmaganidek, jazirama cho‘lning kamtargina xizmatchisi bo‘lmish tuya ham, qahraton muz qoyalariga borib yashashga orzumand bo‘lmaydi.
Hayvonot olamida kishilarni lol qoldiradigan alomatlar faqat bugina emas. Qimmatli vaqtingizni olgan holda, ayrimlari haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Aksariyat hollarda, hayvonlar, parrandalar yoki hashoratlarning tashqi rangi, shakli o‘zi yashayotgan muhitga o‘xshash bo‘ladi. Beshiktervatar, ninachi, yashil chigirtka va shunga o‘xshash hashoratlar yashil yaproqlar orasida yashaganidek, boshqa jonivorlarning ham, o‘z ranglari yoki ko‘rinishlariga mos joy topganliklari ularning farosatlariga dalolatmi yoki Yaratuvchining hikmatigami? Kuropatkin degan qushning yoz faslida boshqa, qishda boshqacha “libos” kiyishi uning kiyimlari ko‘pligidan emas, harholda.
Baliqlarning uvildiriq tashlash joyiga migratsiyasi ham, evolyutsiyaning tasodifiy hodisasi emas, Yaratguvchining betakror mo‘jizasidir.
Shu o‘rinda “Yoshlar” telekanali orqali namoyish etilayotgan ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvning bir sonida, pingvinlarning urg‘ochisi tuxumlarini erkaklariga ishonib topshirib, bir qancha vaqt oziqlanib, kuch-quvvatga to‘lishlari uchun safarga chiqishlari haqida ma’lumot berildi. Bu vaqtda ota pingvinlar tuxumlarini oyoqlari orasida, sovuqdan saqlab turadilar. Bu jonivordan ibrat olishimiz lozim bo‘lgan jihatlari ham borki, kuchli qor-bo‘ronli sovuqlarda ham, yirtqich qushlar hujum qilganda ham, tuxumlarini tashlab ketishni xayoliga keltirmaydi. (hayotda o‘z farzandini ko‘cha-kuyda tashlab ketayotgan kimsalarning shu pingvinchalik farosati yo‘qmi? shu hayvondan ibrat olsa bo‘lmaydimi?). Ular sovuqda jon saqlash uchun to‘dalashib, bir-biriga jipslashib oladi. To‘daning tashqarisidagilar bilan ichkarisidagilar vaqti-vaqti bilan o‘rin almashadi. Issiqqina joyini birovga berish hatto hazrati insonga ham malol kelsa-da, lekin bu hayvonlar bunday oliyjanoblikni bajonudil qilishadi.
O‘rmonda yashayotgan maymunlar turli-tuman daraxtlarning achchiq barglarini iste’mol qilishi natijasida, oshqozonlari og‘rib qolganida, odamlar tayyorlab, g‘amlab qo‘ygan yog‘och ko‘mirni o‘g‘irlab qochar ekan. Tabobatdan bexabar bu maymunlar, ana shu yog‘och ko‘mir, oshqozon og‘rig‘i uchun davo ekanini bilganini qarang.
Kasal bo‘lib qolgan qarg‘alar, pechkaning mo‘risidan chiqayotgan tutunga o‘zlarini urganining boisi shu ekanki, ular bir muddat shu tutun ichida bo‘lsa, kasalliklaridan asorat ham qolmas ekan. Yana o‘sha o‘rmon qarg‘alari, chumolilarning uyasiga turib, ularning g‘ashiga tegadi. Jahli chiqqan chumolilar qarg‘aga yopirilib, unga o‘zlaridan chumoli kislotasini sepadi. Bu fursatda qarg‘a huzur bilan hatto qanotlarini ham yoyib yuboradi. Chumoli kislotasi qarg‘adagi turli parazit va bakteriyalarni qirib tashlaydi. Ajabo! Biz ongsiz deb hisoblagan bu qushlar, qaysi tabobat bilim yurtida tahsil olishgan ekan?
Hayvonlarning, qushlarning turli-tuman shakldagi uya, in qurib olishlari ham, turmush tarzi ham, tabiatning tasodifiy hodisasi bo‘lmay, Yaratguvchining irodasidir.
P. RASULOV,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi
Ibn Abbos roziyallohu anhu yoshlarga nasihat qilib: “Alloh taolo kimga ilm ato etgan bo‘lsa, uning yoshligida bergan. Yaxshilikning hammasi yoshlikda bo‘ladi”, dedilarda, quyidagi oyatlarni tilovat qildilar: “Ular aytishdi: “But-sanamlarimizni ayblab yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik” (Anbiyo surasi, 60-oyat).
Boshqa oyatda bunday deydi: “... Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir” (Kahf surasi, 13-oyat).
“Unga go‘daklik chog‘idayoq hikmat (va ilm) ato etdik” (Maryam surasi, 12-oyat).
Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuradilar. Ayrim yoshlar umrining eng navqiron paytini choyxonalarda, kompyuterxonalarda o‘tkazmoqda. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar.
Aslida yoshlik paytida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.
So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi qanchadan-qancha alloma bobolarimiz 7-8 yoshlarida Qur’oni karimni to‘liq yod olishgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirishgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim darajasiga ko‘tarilgan.
Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarga yo‘naltirishlari lozim. Ulamolarimiz aytadilarki: “Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi”.
Biz bilamizki, ilm Islom dinining asosi bo‘lib, bu din insoniyatni doimo ilmga targ‘ib qilib kelgan. Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratganidan so‘ng, unga ismlarning barchasini ta’lim berdi.
Shu ilm bilan Alloh taolo Odamni farishtalardan ustun tarafini namoyish etdi. Qur’oni Karimning avvalgi nozil bo‘lgan oyati ham «O‘qing» degan so‘z bilan boshlangan. Ilm bilan inson yuqori martabalarga erishadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda ilm egalarini maqtab shunday degan: «Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?! Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar» (Zumar, 9-oyat).
Inson ikki narsa bilan komillikka erishadi.
1. Yuksalib boruvchi maqsad va intilish.
2. Qalb ko‘zini ochuvchi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi ilm.
Alloh taolo aytadi: «Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir» (Mujodala, 11-oyat).
Ulug‘ sahoba Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu har safar shu oyatni o‘qisalar, «Ey, odamlar! Bu oyatni yaxshi anglanglar, u sizlarni ilmga targ‘ib qiladi», deb aytardilar.
Muoz ibn Jabal aytadilar: “Ilm o‘rganinglar, zero, uni o‘rganish – Allohdan qo‘rqish, uni talab etish – ibodat, muzokarasi – tasbeh, uni izlash – jiddu-jahd, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, uni o‘z ahliga bildirish – Allohga qurbatdir”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Olimga yerdagi va osmondagi barcha narsalar istig‘for aytadi».
Yerdagi jonzotlar va osmonlardagi maloikalar istig‘for aytib turuvchi kishilarning mansabidan ziyoda mansab bormi?!
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Kumaylga: «Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa, sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilm ziyoda bo‘ladi», deganlar.
Abul Asvad aytadilar: «Ilmdan azizroq narsa yo‘qdir. Podshohlar odamlarga hokim bo‘lsalar, olimlar podshohlar ustidan hokimdir».
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Sulaymonga alayhissalom yo ilmni, yoki mol-dunyoni tanlash ixtiyori berildi. Shunda u zot ilmni tanladilar. Keyin u kishiga mol-mulk ham ato etildi».
Fath Musaliy: «Kasalga obu taom berilmasa, o‘ladimi?» deb so‘radilar. Atrofdagilar: «Ha, o‘ladi», deyishdi. Aytdilar: «Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi».
Hasan Basriy rahmatullohi alayh: «Ey, Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin» (Baqara, 201), oyatini bunday tafsir qiladilar: «Dunyodagi yaxshilik ilm va ibodat, oxiratdagisi esa, jannatdir».
Bir donishmanddan: «Qaysi narsalarni jamlasam, yaxshi bo‘ladi?» deb so‘rashganida, «Kema halokatga uchraganda o‘zing bilan qoladigan narsani jamla», deb javob berdi. Bu bilan ilmni nazarda tutdi.
Turli fitnalar avj olgan, tarafkashlik, firqalarga bo‘linishi ko‘paygan paytda yoshlar o‘z dinlarini, aqidalarini muhofaza qilishlari lozim bo‘ladi. Tobe’inlardan Anas ibn Sirin rahimahulloh yoshlarga bunday nasihat qilardilar: “Ey yoshlar jamoasi! Allohga taqvo qilinglar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini kimdan ta’lim olayotganlarizga e’tiborli bo‘linglar. Chunki bu hadislar sizlarning dinlaringizdir!”.
Bu juda ham ahamiyatli nasihatdir. Dinimni o‘rganaman, ilm olaman yoki hadis o‘rganaman, deb yoshlar uchun eng muhim narsa – shar’iy ilmlarni avvalo ilmda mustahkam bo‘lgan, zamonasining ulamolari e’tirof etgan ulamolardan olishi zarur. Duch kelgan insondan ilm olavermasligi kerak. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan kelayotgan bu meros ilmda sobit bo‘lgan ulamolardan olinadi.
Ibn Shavzab rahmatullohi alayh: “Bir o‘spirin yigitning sunnat sohibi bo‘lgan kishini do‘st tutib, undan ilm olishi Allohning ne’matidir”, deganlar.
Amr ibn Qays Maloiy rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Agar yigitni ahli sunna val jamoa ahli bilan birga unib-o‘sayotganini ko‘rsang, kelajakda undan yaxshilik kutaver. Ammo uni bida’t ahli bilan o‘sib voyaga yetayotganini ko‘rsang, undan umidingni uzaver. Chunki o‘spirin bola birinchi ta’lim olgan narsasida bo‘ladi”.
Alloh taolo millatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin. Ularni din-diyonatda, odob-axloqda, insofu tavfiqda ulg‘ayishlarini, ilm-ma’rifatda ajdodlariga munosib avlod bo‘lishlarini nasib etsin!
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.