Albatta, farzand Alloh taolo tomonidan ato etiladigan ulug‘ ne’mat hisoblanadi. Farzand inson qalbidagi eng oliy maqsadlaridan biri bo‘lib, ota ona o‘z hayotlarini shular orqali yangilab davom ettiradi. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilib:
«Mol mulk, farzandlar dunyo hayotining ziynatidir…» deb ta’kidlagan.
Haqiqatan ham, agar mol mulk va farzand bo‘lmasa bu dunyoning hech qanday qizig‘i yo‘qdek. Bu dunyo hayotiga insonning qalbini moyil qilish sababidan bo‘lgan shu ikki narsa ziynat bo‘lib o‘ziga rom qilib turadi. Har bir oila qurgan shaxs o‘zidan zurriyod qolishini orzu qilib, o‘z hayotidan olgan o‘git va tajribalarini jigargo‘shalariga bahshida qilish umidida yashaydi.
O‘ziga munosib jufti halolni tanlab u bilan turmush qurish esa farzand ko‘rishlik uchun ilk qadamdir.
“Alloh taolo farzandni yaxshi ko‘rganiga berib yomon ko‘rganiga bermaydi” deyishlik noto‘g‘ri fikr hisoblanadi. Balki Alloh taolo farzandni kimga qaysi biridan O‘zi xohlaganidek va xohlagan vaqtida beradi. Chunki Alloh taolo O‘zining do‘sti bo‘lgan Ibrohim halilulloh payg‘ambardek zotga ham farzand ko‘rishlari amri mahol bo‘lgan keksalik yoshlarida berdiku. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
Insonga hamma narsani faqat Alloh taolo berishining yorqin namunasi farzand masalasida ko‘rinadi. Ayni shu masalada inson o‘zining ojizligini xis etadi. O‘z xohishiga ko‘ra biron narsani bor qilaolmasligini, balki doimo Alloh taoloning madadi va inoyatiga muxtoj bo‘lib turishini anglab yetadi. Hatto farzand bermay turib inson tomonidan barcha harakatlar bajarilgan bo‘lsa ham O‘zi xohlagan vaqtida berishligi, farzand dunyoga kelishligida ikki juftlik uning sababchisi xolos ekanligini bildiradi. Bu haqiqatni barcha insonlar orasida musulmon odam ko‘proq tan olishligi kerak.
Go‘yo inson biror molu dunyoga har chand chiranmasin hargiz uni qo‘lga kiritaolmaganidek farzand ko‘rish uchun ham boshqalardan ko‘proq istab, ko‘proq harakat qilsa ham Alloh taolo bermasligi mumkin.
Insonning qo‘lidan ne’mat berilishlik sababini bajarish keladi xolos, uni ato qilinishligini esa ato qilguvchi bo‘lgan Allohga topshiriladi. Ya’ni ikki yosh farzand ko‘rishlari uchun turmush qurdilar, ikkalasi ham sog‘lom, farzand umidida yuribdilar va Allohdan farzand berishini so‘raydilar, haqiqat shu.
Turmush qurgan ikki yosh o‘zlarini farzand ko‘rib tezroq ota-ona bo‘lishlarini istaydilar. Chunki Alloh taolo inson zotiga farzand muhabbatini uning jismida qo‘shib yaratgan.
Ammo, ba’zilar farzand ko‘rishda besabrlik qiladilar. Ma’lum muddat o‘tishi bilan ikki yosh bir birlariga shubha nazari bilan qaray boshlaydilar, ikki taraf ham aybdorni isbot qilishga harakat qiladilar. Bu ish qancha uzoq cho‘zilgani sari shuncha o‘rtada murosalar o‘zgarib bir birlarini tug‘mas va bepushtlikda ayblay bolaydilar.
Ba’zi holatlarda ikki yosh sabr qilishsa ham, ota-onalar, yon-atrofdagilar tinch qo‘yishmaydi. Bu ish avj olganidan hatto oilani buzishni taklif qila boshlaydilar. Bunday qilish to‘g‘ri emas. Aslida ikki yosh shoshilib besabrlik qilganda ham kattalar nasihat qilib, ularni tinchlantirishlari lozim. Zero aksar vaqtlarda bir necha muddat farzand ko‘rmay turib vaqti kelib o‘z tenqurlaridan ham ko‘p farzandli bo‘lib ketganlarga guvoh bo‘lganmiz.
Aslida farzanddan boshqa beriladigan ne’matlarni ham egasi Alloh. Inson har bir berilgan ne’mat ustida Alloh huzurida so‘raladi. Inson bu hayotda biror narsaga ega bo‘lishligida o‘zi uchun yaxshilik bormi yoki undan benasib bo‘lganida yaxshilik bormibuni bilmay besabrlik qiladi. Hayotni esa imtihon dunyoligini unutib qo‘yadida Eh Alloh men senga nima gunoh qilgandim» deb noliydi.
Alloh taolo bizlarni bergan ne’mati ustida shukr qilguvchi, bermaganiga esa sabr etguvchi bandalardan qilsin. Zero Alloh taolo bir bandasiga so‘ragan narsasini bu dunyoda bermasa, agar u banda sabr qilsa albatta, jannatda bu dunyoda o‘ylaganidan ham ziyoda qilib oxirat dunyoda ato qiladi.
Ilhomjon MADALIYEV,
“Mo‘yi-Muborak Ukkosha” jome masjidi imom xatibi.
Muhtarama singlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir, u zotga eng ko‘p qayg‘u keltirgan musibat haqida o‘qishdan oldin fikringizni bir joyga jamlab, yaxshilab o‘ylab, quyidagi savollarga javob berib ko‘ring:
Hayotingizda qanday holatlar sizni qayg‘uga solgan?
Ularning sababi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
O‘sha holatlarda o‘zingizni qanday tutgansiz?
Ularning qaysi birini eng og‘ir musibat deb bilgansiz?
Bu savollar haqida kengroq fikr yuritib javob bergan bo‘lsangiz, keling, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir musibat bilan tanishamiz.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho bunday deganlar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Ha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi. Ammo ularning eng og‘iri Aqaba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abdu Yalil ibn Abdukulolga meni himoyaga olishni taklif qilgan edim. Lekin u men istagan narsani qabul qilmadi. Men tashvishlanib, boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Bir joyga kelganda o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, tepamda bir bulut menga soya solib turibdi. Razm solsam, uning ustida Jabroil bor ekan. U menga shunday nido qildi: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot huzuringga tog‘ farishtasini yubordi, ularni nima qilishni istasang, buyurishing mumkin», dedi. Shu payt tog‘ farishtasi menga salom berib, «Ey Muhammad! Nima desangiz, shuni qilaman. Istasangiz, ularning ustiga Makkadagi ikkita katta tog‘ni to‘ntarib tashlayman», dedi».
Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasulullohning qanchalar mahzun bo‘lganlarini ko‘rgan edilar. Bu jangda yetmishta eng zabardast sahoba shahid bo‘lgan. O‘sha jangda mushriklardan biri Rasulullohning yuzlariga qilich bilan urganida yuzlari qonab ketgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlaridagi qonni arta turib, «Allohga da’vat qilayotgan payg‘ambarining yuziga jarohat yetkazib, tishini sindirgan qavm qanday najot topadi?» deb, kuyingan edilar. Jang tugagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahid bo‘lganlarni birma-bir ko‘zdan kechira boshladilar. Amakilari Hamza ibn Abdulmuttalibning jasadi qarshisida to‘xtab qoldilar. Hamza u zot uchun eng suyukli, qarindoshlari ichida eng qadrli inson edi. Mushriklar Hamzaning qornini yorib, ichki a’zolarini chiqarib tashlashibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib, qattiq iztirob chekdilar, «Endi menga sizning firoqingizdan og‘ir musibat yo‘q», dedilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza ibn Abdulmuttalibga yig‘laganlaridek qattiq yig‘laganlarini ko‘rmaganmiz. U zot amakilarini qibla tarafga qo‘yib, janozasini o‘qishga turganlarida yig‘idan o‘zlariga sig‘may ketdilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga, sahobalariga yetgan musibatlarni duo bilan, sabr bilan yengar edilar.
Ubayd ibn Rifo’a Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:
Uhud jangi kuni ko‘z yoshlari qonlariga aralashib, nihoyatda og‘ir musibat yetib turgan lahzalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llari eng to‘g‘ri yo‘l edi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining oldida turib, Alloh taologa duo qilib, ularning qalbidagi iymonni yanada mustahkamladilar. Darhaqiqat, Alloh taolo bergan narsani to‘suvchi yo‘q, U Zot to‘sganini esa beruvchi yo‘q.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.