Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Yanvar, 2025   |   13 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:35
Shom
17:19
Xufton
18:38
Bismillah
13 Yanvar, 2025, 13 Rajab, 1446

Sog‘lom e’tiqod saboqlari ruknidan: kufr so‘zining qanday ma’nolari bor?

25.12.2017   7998   6 min.
Sog‘lom e’tiqod saboqlari ruknidan: kufr so‘zining qanday ma’nolari bor?

Kufr so‘zi lug‘atda “bekitish” va “to‘sish” ma’nolarini anglatadi. Shu ma’noda barcha moddiy va ma’naviy narsalarni to‘sishga nisbatan arab tilida kufr so‘zi ishlatiladi.

Kufr so‘zi Qur’oni karimda bir qancha ma’nolarda kelgan:

  1. “Bekitish” ma’nosida:

كَمَثَلِ غَيْثٍ أَعْجَبَ الْكُفَّارَ نَبَاتُهُ

 “U xuddi o‘simligi dehqonlarni ajablantirgan yomg‘irga o‘xshaydir” (Hadid surasi, 20-oyat).

Ushbu oyatdagiالْكُفَّارَ  (kofirlar) kalimasi “tuproqqa urug‘ni bekituvchilar” ya’ni dehqonlar ma’nosida kelgan. 

  1. “Noshukrlik qilish” ma’nosida:

لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِنْ كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ

“Qasamki, (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Ushbu oyatdagi كَفَرْتُمْ so‘zi  (kufr keltirsangiz) so‘zi “noshukrlik qilsangiz” ma’nosida kelgan.

  1. “Inkor etish” ma’nosida:

 وَقَالُوا مَا هِيَ إِلَّا حَيَاتُنَا الدُّنْيَا نَمُوتُ وَنَحْيَا وَمَا يُهْلِكُنَا إِلَّا الدَّهْرُ

O‘zlariga tanish zot (Muhammad) kelganda, uni inkor etdilar(Baqara surasi, 89-oyat).

Ushbu oyatdagi كَفَرُوا  (kufr keltirdilar) so‘zi bilib turib inkor etdilar ma’nosida kelgan.

  1. Iymon qarshisidagi kufr ma’nosida, ya’ni iymon keltirmasdan kofir bo‘lish ma’nosida:

وَمَنْ يَكْفُرْ بِاللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَقَدْ ضَلَّ ضَلَالًا بَعِيدًا

“Kim Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Payg‘ambarlariga va oxirat kuniga kufr keltirsa, batahqiq, qattiq adashgan bo‘ladi” (Niso surasi, 136-oyat).

Ushbu oyatdagi يَكْفُرْ  (kufr keltirsa) so‘zi iymon keltirmasa ma’nosida kelgan.

Hadisi shariflarda ham kufr so‘zi bir qancha farqli ma’nolarda kelgan:

  1. Shahodat kalimalarini uzrsiz ravishda aytmaslik ma’nosida:

عَنْ اَبِى هُرَيْرَةَ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ اِنَّ رَسُولَ اللَّهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: « اُمِرْتُ اَنْ اُقَاتِلَ النَّاسَ حَتَّى يَقُولُوا لَا اِلَهَ اِلاَّ اللَّهُ فَمَنْ قَالَ لَا اِلَهَ اِلاَّ اللَّهُ عَصَمَ مِنِّى مَالَهُ وَنَفْسَهُ اِلاَّ بِحَقِّهِ وَحِسَابُهُ عَلَى اللَّه». رَوَاهُ  مُسْلِمٌ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men “la ilaha illalloh” degunlarigacha insonlarga qarshi kurashishga buyurildim. Bas, kimki “la ilaha illalloh” degan bo‘lsa, mendan molini va jonini saqlab qolibdi, faqat buning (Islomning) haqqi bundan mustasnodir. Uning hisobi Allohga havoladir”, dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.                                                                                                    

 Ushbu hadisda shahodat kalimalarini aytmaslikka biror uzri bo‘lmasdan turib ularni aytmagan kishiga dunyoda mo‘minlik hukmi berilmasligi bayon qilingan.  Inson umri davomida bir marta “la ilaha illalloh”   deyishi uning mo‘min bo‘lishiga kifoya qiladi. Ammo ushbu shahodatini buzib qo‘yyuvchi so‘z va amallardan saqlanishi shartdir.  

  1. Musulmonni kofirlikda ayblash ma’nosida:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: « إِذَا قَالَ الرَّجُلُ لِأَخِيهِ يَا كَافِرُ فَقَدْ بَاءَ بِهِ أَحَدُهُمَا».  رَوَاهُ  الْبُخَارِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar bir kishi o‘z musulmon qardoshiga “ey kofir” desa, albatta ulardan biri unga qaytadi”, dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan. 

Ushbu hadisda musulmonni kufrda ayblashda aytuvchining o‘zini kufrga olib borish xavfi borligi bayon qilingan. Ya’ni bu gapni aytuvchining so‘zi yolg‘on bo‘lsa, iymonni kufr degan bo‘lib qoladi. Mo‘minning iymonini kufr deyish esa kufr bo‘ladi.

  1. Noshukrlik qilish ma’nosida:

عَنْ جَابِرٍ عَنِ النَّبِىِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: « مَنْ أُعْطِىَ عَطَاءً فَوَجَدَ فَلْيَجْزِ بِهِ وَمَنْ لَمْ يَجِدْ فَلْيُثْنِ فَإِنَّ مَنْ أَثْنَى فَقَدْ شَكَرَ وَمَنْ كَتَمَ فَقَدْ كَفَرَ». رَوَاهُ التِرْمِذِيُّ.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimga biror sovg‘a berilsa imkoni bo‘lsa uni ham (sovg‘a bilan) taqdirlasin, kimning imkoni bo‘lmasa rahmat aytib duo qilsin. Albatta kim rahmat aytib duo qilgan bo‘lsa uni taqdirlagan bo‘ladi. Kimki bekitsa (rahmat aytib duo qilmasa) (ushbu ne’matga) kufr keltirgan (noshukrlik qilgan bo‘ladi)...” dedilar”. Terimiziy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisdagi كَفَرَ (kufr keltirgan bo‘lsa) so‘zi “noshukrlik qilgan bo‘lsa” ma’nosida kelgan.

  1. Shariatda man qilingan ishdan qattiq qaytarish ma’nosida:

 عَنْ سَعْدِ بْنِ عُبَيْدَةَ أَنَّ ابْنَ عُمَرَ سَمِعَ رَجُلاً يَقُولُ لاَ وَالْكَعْبَةِ. فَقَالَ ابْنُ عُمَرَ لاَ يُحْلَفُ بِغَيْرِ اللَّهِ فَإِنِّى سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: « مَنْ حَلَفَ بِغَيْرِ اللَّهِ فَقَدْ كَفَرَ أَوْ أَشْرَكَ». رَوَاهُ التِرْمِذِيُّ.

Sa’d ibn Ubodadan rivoyat qilinadi: “Ibn Umar bir kishining “Ka’baga qasamki yo‘q”, deganini eshitib qolib unga: “Allohdan o‘zga bilan qasam ichilmaydi. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kim Allohdan o‘zga bilan qasam ichsa albatta kofir bo‘libdi (katta gunoh qilibdi) yoki (u zotning) shirk keltiribdi (ulkan gunoh qilibdi)”, deyayotganlarini eshitganman”, dedi”.   Termiziy rivoyat qilgan. 

Ushbu hadisdagi كَفَرَ (kofir bo‘libdi) so‘zi shariatda man qilingan  ishdan qattiq qaytarish ma’nosida kelgan.

Bulardan boshqa yana ko‘plab oyat va hadislarda ham kufr so‘zi bir-biridan farqli ma’nolarda kelgan. Shuning uchun ham Ahli sunna val jamoa ulamolari doimo “takfir” (musulmonni kofirga chiqarish) masalasida o‘ta ehtiyot bo‘lish lozimligini ta’kidlab kelganlar. Jumladan moturidiya mazhabining mo‘tabar ulamolaridan biri bo‘lgan Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh “Sharhu kitab ala alfozi kufr” kitobida quyidagilarni yozgan:   

“Ba’zi adashgan firqalar kishilarni shahodat kalimalarini aytayotgan bo‘lsalar-da, Islom arkonlarini ado etayotgan bo‘lsalar-da kofirga chiqarishga uringanlar. Boshqa ba’zi firqalar esa yuqoridagilardan mutlaqo teskari yo‘l tutishib, shahodat kalimalarini talaffuz qilganlarni biror holatda ham kufrga chiqarib bo‘lmaydi, deb hisoblashgan. Ahli sunna val-jamoadagilar esa kufrga chiqarishni mutlaqo inkor ham qilmaydilar va har bir gunoh tufayli kufrga ham hukm qilmaydilar, balki ahli qibla to‘g‘risida doimo yaxshi fikrda bo‘lishga urinadilar”. 

    Abdulqodir Abdur Rahim

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston delegatsiyasi haj vaziri bilan ziyoratchilarga qulayliklar yaratish yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi

12.01.2025   5344   1 min.
O‘zbekiston delegatsiyasi haj vaziri bilan ziyoratchilarga qulayliklar yaratish yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi

Shu yil 11 yanvar kuni Jidda shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda Haj va umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon ar-Rabia, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy ishtirokida o‘zaro aloqalarning istiqbollari hamda “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish muhokama  qilindi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari hamda Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Valiahd va Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar jadal rivojlanayotgani, Alloh taoloning mehmoni bo‘lgan ziyoratchilarga namunali xizmat ko‘rsatilayotgani alohida qayd etildi. 

Ayniqsa, haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshirilgani, keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj amallarini bajargani yuqori baholandi. Umra safarlari uchun cheklovlar olib tashlangani, qonuniy tartibga solingani ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan yurtimizda haj va umra safarlari yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar, tashkiliy tadbirlar, huquqiy asoslar, raqamlashtirish jarayonlari va o‘zbekistonlik ziyoratchilarning tartib-intizomi Saudiya tomonidan yuqori baholandi.

Shuningdek, Tavfiq bin Favzon ar-Rabia so‘zining davomida Yangi O‘zbekistondagi islohotlarni e’tirof etish barobarida zaminimizdan nafaqat islom ulamolari, balki dunyo sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan Ibn Sino, al-Xorazmiy kabi buyuk mutafakkirlar, ilm-fan namoyondalari yetishib chiqqani va yurtdagi bugungi o‘zgarishlar yana mana shunday allomalar chiqishiga poydevor bo‘lishini ta’kidladi.

Muloqot yakunida tomonlar esdalik sovg‘alari topshirdilar.

O‘MI Matbuot xizmati

O‘zbekiston delegatsiyasi haj vaziri bilan ziyoratchilarga qulayliklar yaratish yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi O‘zbekiston delegatsiyasi haj vaziri bilan ziyoratchilarga qulayliklar yaratish yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi O‘zbekiston delegatsiyasi haj vaziri bilan ziyoratchilarga qulayliklar yaratish yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi O‘zbekiston delegatsiyasi haj vaziri bilan ziyoratchilarga qulayliklar yaratish yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi O‘zbekiston delegatsiyasi haj vaziri bilan ziyoratchilarga qulayliklar yaratish yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi O‘zbekiston delegatsiyasi haj vaziri bilan ziyoratchilarga qulayliklar yaratish yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi O‘zbekiston delegatsiyasi haj vaziri bilan ziyoratchilarga qulayliklar yaratish yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi