Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Yanvar, 2025   |   14 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:36
Shom
17:21
Xufton
18:39
Bismillah
14 Yanvar, 2025, 14 Rajab, 1446

Bir oyat tafsiri ruknidan: Sizga qaysi bir musibat yetsa o‘zingizdandir…

25.12.2017   7124   8 min.
Bir oyat tafsiri ruknidan: Sizga qaysi bir musibat yetsa o‘zingizdandir…

وَمَا أَصَابَكُمْ مِنْ مُصِيبَةٍ فَبِمَا كَسَبَتْ أَيْدِيكُمْ وَيَعْفُو عَنْ كَثِيرٍِوَمَا أَنْتُمْ بِمُعْجِزِينَ فِي الْأَرْضِ وَمَا لَكُمْ مِنْ دُونِ اللَّهِ مِنْ وَلِيٍّ وَلَا نَصِيرٍِ

(Ey, insonlar!) Sizlarga ne musibat yetsa, bas, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa (gunoh) sabablidir. Yana U ko‘p (gunohlar)ni afv etib turur. (Aks holda musibat bundan ham ko‘p bo‘lur edi.)  Sizlar yerda (hech kimni) ojiz qoldiruvchi emassizlar. Sizlar uchun Allohdan o‘zga biror (haqiqiy) do‘st ham, yordamchi ham yo‘qdir. (Sho‘ro, 30-31)

Ibni Kasir o‘zining tafsirida quyidagilarni aytadi: “Hoy insonlar! Qachonki sizga musiybatlar yetsa, albatta u o‘zlaringizdan o‘tgan yomonliklar sabablidir.” “Va U zot ko‘pini avf qilur”.

Ya’ni, Alloh ko‘p gunohlaringiz sababli sizlarni jazolamaydi, balki kechirib yuboradi.

Ushbu oyat nozil bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

“Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, Alloh taolo mo‘minga yetgan har bir dard va kasallik, qayg‘u va tashvish sababli uning xatolarini kechiradi. Xatto unga sanchilgan tikon uchun ham” – dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyati.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bu oyat tafsirida shunday deydilar: insonga, xoh joniga, xoh moliga, xoh boshqa narsasiga biror musibat yetsa, albatta, o‘zi qilgan gunohi sababli yetadi. Insonning o‘zidan o‘tmasa, unga biror musibat yetmaydi. Lekin o‘ta mehribon bo‘lgan Alloh bandasini har bir gunohi uchun musibatga duchor qilavermaydi, faqat ba’zisi uchungina musibatga duchor qiladi, ko‘pini kechirib yuboradi. Agar Alloh taolo insonni har bir aybi uchun musibatga uchratadigan bo‘lsa, inson darhol halokatga yuz tutar edi.

Ibni Abiy Xotim aytadi: “Imron ibn Husaynning huzuriga do‘stlari kirdilar. Uning tanasi jarohatlangan edi.

Do‘stlari unga: “Biz, sizga yetgan jarohatni ko‘rayotganimizdan hafa bo‘ldik.” – deyishdi.

Shunda U: “Ko‘rayotganingizdan qayg‘uga botmang. Siz ko‘rayotgan bu narsa gunoh sabablidir. Alloh taolo kechirib yuborgan gunohlarim undan-da ko‘proqdir”- deb: “Sizga qaysi bir musiybat yetsa, bas, o‘z qo‘lingiz qilgan kasbdandir va U zot ko‘pini avf qilur”- oyatini tilovat qildi”.

Ibni Abiy Xotim aytadi: Jarir, Abu Biloddan aytadi: “U, men Alo ibn Badrga aytdim: Alloh taolo Qur’onda: “Sizga qaysi bir musiybat yetsa, bas, o‘z qo‘lingiz qilgan kasbdandir.” – degan. Meni ko‘zim ko‘rmay qoldi, holbuki men yosh bolaman?” – dedi.

Shunda u: “Bu narsa ota-onangning gunohlari sabablidir” – dedi.

Ibn Abu Xotim aytadi: Ali roziyallohu anhu: “Sizlarga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan, Alloh taoloning kitobidagi eng afzal oyat haqida xabar beraymi? U zot menga bu, Alloh taoloning: “Sizga qaysi bir musiybat yetsa, bas, qo‘lingiz qilgan kasbdandir va U zot ko‘pini avf qilur” – oyati ekanini aytdilar, va Ey Ali men uni, senga sharhlab beraman” – deb quyidagi hadisni so‘zlab berdi:

”Sizlarga, bu dunyoda yetgan kasallik yoki balo va ofatlar qo‘lingiz qilgan kasbdandir. Alloh taolo bandani oxiratda bu narsaga ikki marta azoblashdan mehribonroqdir. Alloh taolo bu dunyoda kechib yuborgan narsani kechgandan so‘ng yana qaytarishdan karamliroqdir”.

Abu Hasan abu Juhayfadan aytadi: “Men Ali ibn Abi Tolibning  huzuriga kirdim. U kishi menga: “Sizlarga har bir mo‘min kishi anglashi lozim bo‘lgan hadisni aytib beraymi?” – dedi.

Abu Xotim aytadi: “Biz ushbu hadis haqida so‘radik shunda u: “Sizga qaysi bir musiybat yetsa, bas, qo‘lingiz qilgan kasbdandir va U zot ko‘pini avf qilur”, oyatini o‘qidi va: “Alloh taolo bu dunyoda azoblagan bo‘lsa, qiyomat kuni ushbu uqubatni ikkinchi marta berishdan mehribonroqdir. Alloh taolo bu dunyoda kechib yuborgan narsani kechgandan so‘ng yana qaytarishdan karamliroqdir” – hadisini aytib berdi.

Mu’oviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu aytadi : “Men Rasululloh sollallohu alayhi vassalamdan eshitdim. U kishi aytdilar: “Mo‘minning tanasiga biron musiybat yetsa albatta Alloh taolo bu sababli uning xatolarini kechiradi”. (Imom Ahmad rivoyati.)

Oisha roziyallohu anho aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar bandaning gunohlari ko‘payib unda ushbu gunohlarni kechirilishiga sabab bo‘ladigan narsasi bo‘lmasa, Alloh taolo uni kechiridigan qayg‘u bilan imtihon qiladi”.(Imom Ahmad rivoyat qilgan.)

Imom Qurtubiy o‘zining tafsirida quyidagilarni keltiradi. Zahhok aytadi: “Kishi Qur’ondan o‘rganib keyin uni unutgan bo‘lsa, faqatgina qilgan gunohi sababli unutgandir”.

Hamadoniy aytadi: Men Shurayhning yelkasida shilingan yarani ko‘rdim va unga: “Ey Abu Umayya bu nima?” – deb so‘radim.

Shunda u: “Sizga qaysi bir musiybat yetsa, bas, qo‘lingiz qilgan kasbdandir va U zot ko‘pini avf qilur”deb javob berdi.

Ibn Avn aytadi: Muhammad ibn Siriyn qarzga botib qolganida xafa bo‘lib: “Men buning sababini bilaman. Bu qayg‘u qirq yil ilgari men qilgan gunoh tufaylidir” – dedi.

Ikrima aytdi: “Bandaga yetgan biror baxtsizlik yoki undan kattaroq musiybat uning qilgan gunohi sabablidir. Alloh taolo uni ushbu musiybat sababli kechiradi yoki shu musiybat bilangina erishadigan darajaga yetkazish uchun beradi”.

Rivoyatda kelishicha, bir kishi Muso alayhissalomga; “Ey Muso, Alloh taolodan o‘zi hukm qiladigan mening hojatim haqida so‘ra, Uning o‘zi bu hojatni yaxshi biladi”, – dedi. Muso alayhissalom uning aytganini qildi.  Muso kelganida yirtqichlar boyagi kishining tanasini burdalab, o‘ldirib qo‘yganini ko‘rdi. Muso alayhissalom: “Ey Robbim buning holiga nima bo‘ldi?” – dedi. Shunda, Alloh taolo: ”Ey Muso bu mendan bir darajaga yetishni so‘radi. Men uni bu darajaga amali bilan yeta olmasligini bildim. Va uni ushbu darajaga yetishga vosita qilish uchun sen ko‘rayotgan ushbu musiybatni berdim” – dedi.

Imom Ismoil Haqqiy o‘zlarining “Ruhul bayon” nomli tafsirida: “Oyatda bandalarning va musiybat ahllarining qalblariga tasalli bordur” – deydi. Ya’ni agar sizlarga oxiratda avf qilishga sabab bo‘luvchi xato va gunohlarning musiybati yetgan bo‘lsa biz uni foniy dunyoda sizlardan sodir bo‘lgan beodoblik uchun jazo bo‘lishi hamda sizlar qilgan dog‘larni tozalash uchun berganimizni oldindan ogohlantirishimizdir. Agar bandaga kelayotgan balolarning sabablari ko‘payib ketsa, u o‘zining qilayotgan yomon qilmishlari haqida tafakkur qilsin. Bu oyati karima har bir kishini biror xatoga yo‘l qo‘ygan vaqtida o‘zini so‘roq savol qilishga chaqiradi. Natijada u o‘zini halokatdan qutqarish uchun tavba qilishga shoshadi” – deydilar.

Abu Sulaymon ad Doroniy rahmatullohi alayhiga: “Oqillarga nima bo‘ldiki, ularga yetgan yomonlikdan o‘zlarini qoralab ta’na qilmoqdalar?” – deb savol berishdi.

Shunda u kishi: “Chunki ular Alloh taolo ularning gunohlari sababli sinovga tutganini bildilar”- deb javob berdi.

“Sizlar yerda (hech kimni) ojiz qoldiruvchi emassizlar. Sizlar uchun Allohdan o‘zga biror (haqiqiy) do‘st ham, yordamchi ham yo‘qdir.”  Agar Alloh taolo sizlarga balo va sinov berishni iroda etsa, sizlar qayerda bo‘lsangiz ham undan qochib qutila olmaysiz va uni man qilishga kuchingiz ham yetmaydi. Faqat Allohning O‘zigina sizga valiy, homiy, do‘stdir. Faqat Allohning O‘zigina sizga yordam beruvchidir.

 Tafsir kitoblari asosida

Toshkent shahar Bosh imom-xatibi

Anvar qori TURSUNOV

 tayyorladi

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   7146   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.