وَمَا أَصَابَكُمْ مِنْ مُصِيبَةٍ فَبِمَا كَسَبَتْ أَيْدِيكُمْ وَيَعْفُو عَنْ كَثِيرٍِ∗وَمَا أَنْتُمْ بِمُعْجِزِينَ فِي الْأَرْضِ وَمَا لَكُمْ مِنْ دُونِ اللَّهِ مِنْ وَلِيٍّ وَلَا نَصِيرٍِ
(Ey, insonlar!) Sizlarga ne musibat yetsa, bas, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa (gunoh) sabablidir. Yana U ko‘p (gunohlar)ni afv etib turur. (Aks holda musibat bundan ham ko‘p bo‘lur edi.) Sizlar yerda (hech kimni) ojiz qoldiruvchi emassizlar. Sizlar uchun Allohdan o‘zga biror (haqiqiy) do‘st ham, yordamchi ham yo‘qdir. (Sho‘ro, 30-31)
Ibni Kasir o‘zining tafsirida quyidagilarni aytadi: “Hoy insonlar! Qachonki sizga musiybatlar yetsa, albatta u o‘zlaringizdan o‘tgan yomonliklar sabablidir.” “Va U zot ko‘pini avf qilur”.
Ya’ni, Alloh ko‘p gunohlaringiz sababli sizlarni jazolamaydi, balki kechirib yuboradi.
Ushbu oyat nozil bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, Alloh taolo mo‘minga yetgan har bir dard va kasallik, qayg‘u va tashvish sababli uning xatolarini kechiradi. Xatto unga sanchilgan tikon uchun ham” – dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyati.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bu oyat tafsirida shunday deydilar: insonga, xoh joniga, xoh moliga, xoh boshqa narsasiga biror musibat yetsa, albatta, o‘zi qilgan gunohi sababli yetadi. Insonning o‘zidan o‘tmasa, unga biror musibat yetmaydi. Lekin o‘ta mehribon bo‘lgan Alloh bandasini har bir gunohi uchun musibatga duchor qilavermaydi, faqat ba’zisi uchungina musibatga duchor qiladi, ko‘pini kechirib yuboradi. Agar Alloh taolo insonni har bir aybi uchun musibatga uchratadigan bo‘lsa, inson darhol halokatga yuz tutar edi.
Ibni Abiy Xotim aytadi: “Imron ibn Husaynning huzuriga do‘stlari kirdilar. Uning tanasi jarohatlangan edi.
Do‘stlari unga: “Biz, sizga yetgan jarohatni ko‘rayotganimizdan hafa bo‘ldik.” – deyishdi.
Shunda U: “Ko‘rayotganingizdan qayg‘uga botmang. Siz ko‘rayotgan bu narsa gunoh sabablidir. Alloh taolo kechirib yuborgan gunohlarim undan-da ko‘proqdir”- deb: “Sizga qaysi bir musiybat yetsa, bas, o‘z qo‘lingiz qilgan kasbdandir va U zot ko‘pini avf qilur”- oyatini tilovat qildi”.
Ibni Abiy Xotim aytadi: Jarir, Abu Biloddan aytadi: “U, men Alo ibn Badrga aytdim: Alloh taolo Qur’onda: “Sizga qaysi bir musiybat yetsa, bas, o‘z qo‘lingiz qilgan kasbdandir.” – degan. Meni ko‘zim ko‘rmay qoldi, holbuki men yosh bolaman?” – dedi.
Shunda u: “Bu narsa ota-onangning gunohlari sabablidir” – dedi.
Ibn Abu Xotim aytadi: Ali roziyallohu anhu: “Sizlarga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan, Alloh taoloning kitobidagi eng afzal oyat haqida xabar beraymi? U zot menga bu, Alloh taoloning: “Sizga qaysi bir musiybat yetsa, bas, qo‘lingiz qilgan kasbdandir va U zot ko‘pini avf qilur” – oyati ekanini aytdilar, va Ey Ali men uni, senga sharhlab beraman” – deb quyidagi hadisni so‘zlab berdi:
”Sizlarga, bu dunyoda yetgan kasallik yoki balo va ofatlar qo‘lingiz qilgan kasbdandir. Alloh taolo bandani oxiratda bu narsaga ikki marta azoblashdan mehribonroqdir. Alloh taolo bu dunyoda kechib yuborgan narsani kechgandan so‘ng yana qaytarishdan karamliroqdir”.
Abu Hasan abu Juhayfadan aytadi: “Men Ali ibn Abi Tolibning huzuriga kirdim. U kishi menga: “Sizlarga har bir mo‘min kishi anglashi lozim bo‘lgan hadisni aytib beraymi?” – dedi.
Abu Xotim aytadi: “Biz ushbu hadis haqida so‘radik shunda u: “Sizga qaysi bir musiybat yetsa, bas, qo‘lingiz qilgan kasbdandir va U zot ko‘pini avf qilur”, oyatini o‘qidi va: “Alloh taolo bu dunyoda azoblagan bo‘lsa, qiyomat kuni ushbu uqubatni ikkinchi marta berishdan mehribonroqdir. Alloh taolo bu dunyoda kechib yuborgan narsani kechgandan so‘ng yana qaytarishdan karamliroqdir” – hadisini aytib berdi.
Mu’oviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu aytadi : “Men Rasululloh sollallohu alayhi vassalamdan eshitdim. U kishi aytdilar: “Mo‘minning tanasiga biron musiybat yetsa albatta Alloh taolo bu sababli uning xatolarini kechiradi”. (Imom Ahmad rivoyati.)
Oisha roziyallohu anho aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar bandaning gunohlari ko‘payib unda ushbu gunohlarni kechirilishiga sabab bo‘ladigan narsasi bo‘lmasa, Alloh taolo uni kechiridigan qayg‘u bilan imtihon qiladi”.(Imom Ahmad rivoyat qilgan.)
Imom Qurtubiy o‘zining tafsirida quyidagilarni keltiradi. Zahhok aytadi: “Kishi Qur’ondan o‘rganib keyin uni unutgan bo‘lsa, faqatgina qilgan gunohi sababli unutgandir”.
Hamadoniy aytadi: Men Shurayhning yelkasida shilingan yarani ko‘rdim va unga: “Ey Abu Umayya bu nima?” – deb so‘radim.
Shunda u: “Sizga qaysi bir musiybat yetsa, bas, qo‘lingiz qilgan kasbdandir va U zot ko‘pini avf qilur” – deb javob berdi.
Ibn Avn aytadi: Muhammad ibn Siriyn qarzga botib qolganida xafa bo‘lib: “Men buning sababini bilaman. Bu qayg‘u qirq yil ilgari men qilgan gunoh tufaylidir” – dedi.
Ikrima aytdi: “Bandaga yetgan biror baxtsizlik yoki undan kattaroq musiybat uning qilgan gunohi sabablidir. Alloh taolo uni ushbu musiybat sababli kechiradi yoki shu musiybat bilangina erishadigan darajaga yetkazish uchun beradi”.
Rivoyatda kelishicha, bir kishi Muso alayhissalomga; “Ey Muso, Alloh taolodan o‘zi hukm qiladigan mening hojatim haqida so‘ra, Uning o‘zi bu hojatni yaxshi biladi”, – dedi. Muso alayhissalom uning aytganini qildi. Muso kelganida yirtqichlar boyagi kishining tanasini burdalab, o‘ldirib qo‘yganini ko‘rdi. Muso alayhissalom: “Ey Robbim buning holiga nima bo‘ldi?” – dedi. Shunda, Alloh taolo: ”Ey Muso bu mendan bir darajaga yetishni so‘radi. Men uni bu darajaga amali bilan yeta olmasligini bildim. Va uni ushbu darajaga yetishga vosita qilish uchun sen ko‘rayotgan ushbu musiybatni berdim” – dedi.
Imom Ismoil Haqqiy o‘zlarining “Ruhul bayon” nomli tafsirida: “Oyatda bandalarning va musiybat ahllarining qalblariga tasalli bordur” – deydi. Ya’ni agar sizlarga oxiratda avf qilishga sabab bo‘luvchi xato va gunohlarning musiybati yetgan bo‘lsa biz uni foniy dunyoda sizlardan sodir bo‘lgan beodoblik uchun jazo bo‘lishi hamda sizlar qilgan dog‘larni tozalash uchun berganimizni oldindan ogohlantirishimizdir. Agar bandaga kelayotgan balolarning sabablari ko‘payib ketsa, u o‘zining qilayotgan yomon qilmishlari haqida tafakkur qilsin. Bu oyati karima har bir kishini biror xatoga yo‘l qo‘ygan vaqtida o‘zini so‘roq savol qilishga chaqiradi. Natijada u o‘zini halokatdan qutqarish uchun tavba qilishga shoshadi” – deydilar.
Abu Sulaymon ad Doroniy rahmatullohi alayhiga: “Oqillarga nima bo‘ldiki, ularga yetgan yomonlikdan o‘zlarini qoralab ta’na qilmoqdalar?” – deb savol berishdi.
Shunda u kishi: “Chunki ular Alloh taolo ularning gunohlari sababli sinovga tutganini bildilar”- deb javob berdi.
“Sizlar yerda (hech kimni) ojiz qoldiruvchi emassizlar. Sizlar uchun Allohdan o‘zga biror (haqiqiy) do‘st ham, yordamchi ham yo‘qdir.” Agar Alloh taolo sizlarga balo va sinov berishni iroda etsa, sizlar qayerda bo‘lsangiz ham undan qochib qutila olmaysiz va uni man qilishga kuchingiz ham yetmaydi. Faqat Allohning O‘zigina sizga valiy, homiy, do‘stdir. Faqat Allohning O‘zigina sizga yordam beruvchidir.
Tafsir kitoblari asosida
Toshkent shahar Bosh imom-xatibi
Anvar qori TURSUNOV
tayyorladi
Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».
Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan».
Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».
Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.
Ixtiyor Abdurahmonov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: uza.uz