Tasavvuf chin islomiy-ma’rifiy hodisa sifatida yuzaga keldi. Lekin milodiy X-XI asrlarda uni buzib talqin qiladigan, asl o‘zanidan uzoqlashtiradigan toifalar chiqdi. Shu bois olimlar bu borada dasturilamal bo‘ladigan kitoblar yozishdi.
Bu masalada Tojulislom unvoni bilan mashhur muhaddis, faqih Abu Bakr Muhammad Buxoriy Kalobodiyning “At-ta’arruf li mazhab at-tasavvuf” (“Tasavvuf yo‘lini bilish haqida kitob”) asari asos manbalardan hisoblanadi. Ushbu kitobda aqida va fiqhga doir turli masalalarga Qur’on oyatlari, hadisi sharif, ulug‘ oriflar, din arboblarining so‘zlariga tayanib, yechim topiladi.
Bu kitobga davrining ulug‘ olimlaridan Abu Ibrohim Ismoil Mustamliy fors tilida “Sharh at-ta’arruf” degan sharh yozgan.
Olimning to‘liq ismi Abu Ibrohim Ismoil ibn Muhammad ibn Abdulloh Mustamliy Buxoriydir. U nima uchun bu kitobni sharhlagani haqida bunday deydi: “Do‘stlar mendan fors tilida diyonat, muomala, haqoyiq, ishoratlarni o‘zida aks ettirgan bir kitob yozishimni istadilar. Bu kitob ular tushunchasi darajasida bo‘lsa va ibodatda adashmasalar, chunki tavhidda g‘alat ketish kufr erur. Imkonim darajasida harakat qildim va pirimiz Abu Bakr ibn Abu Is'hoq Muhammad Buxoriy Kalobodiy rahimahullohning “At-ta’arruf...” kitobini sharhladim. So‘zimni oldin o‘tgan azizlar so‘zi bilan tabarruk ayladim. Birov menga ayb qo‘ymasligi uchun nimani aytgan bo‘lsam, uni oyatlar, hadisi sharif yoki fiqhning biror masalasi bilan dalilladim. Ushbu kitobda tavhidda e’tiqod masalasi, diyonat, hol, maqom, haqoyiq, mushohadalar, ramzlar, ishoratlar, shayxlarning so‘zlari va hikoyatlarni ahli sunna val jamoa aqidasiga muvofiq bayon etdim”1.
Abdulkarim Sam’oniy (1113–1167) “Al-Ansob” (“Nasabnoma”) kitobida Mustamliy haqida shunday ma’lumotlarni keltiradi: “Abu Ibrohim Ismoil Mustamliy Buxoro ahlidan bo‘lib, mufassir edi. Buxoroda ko‘p olimlardan ta’lim olgan. Bu kishidan ba’zi muhaddislar hadis ham rivoyat qilishgan. ...Faqih va muhaddis kishi edilar. Hijriy 434 (milodiy 1043) yili zulqa’da oyining o‘n oltinchisida, dushanba kuni peshindan keyin vafot etgan”2.
Abu Ibrohim Ismoil Mustamliyga yana ikki kitob nisbat beriladi. Birinchisi – Qur’oni karim tafsiri. “Imom Mustamliy fazl va ilm bobida dadil, aql bobida ibrat edi. Uning tafsiri to‘g‘riligi va mukammalligi bilan ulamolarning yakdil e’tirofiga sazovor bo‘lgan”, deb eslaydi XV asrda yashab o‘tgan alloma Rashiduddin Vatvot.
Afsus, bu bebaho kitob bizgacha yetib kelmagan. Ikkinchisi – “Kashf ul-mahzub” nomli asar. Uning bir nusxasi Istanbuldagi Qilich Posho kutubxonasida saqlanadi.
“Sharh at-ta’arruf” XI asrning sodda, ravon nasri namunasidir. Biroq unda arabcha kalima va iboralardan ko‘p foydalanilgan. Ushbu kitobning bir necha nusxalari bor. Shulardan eng qadimgisi Pokiston milliy muzeyida saqlanayotgan forscha nusxadir.
“Sharh at-ta’arruf” 1912 yili Pokistonning Lakhnav shahrida to‘rt jildda nashr etilgan. 1850 yili doktor Hasan Manuchehr “Sharh at-ta’arruf”ning ba’zi bir juzlarini, keyinchalik Muhammad Ravshan besh jildli ilmiy-tanqidiy nashrini chop ettirgan, 1980 yili doktor Ahmad Ali Rajoiy Buxoriy “Xulosai sharhi ta’arruf” nomi bilan Tehronda chop ettirgan.
Mustamliy yozgan sharhning turli davrlarda, turli mamlakatlarda bir necha bor nashr etilgani asarning qadr-qimmati hamon yuksakligini ko‘rsatadi.
Komiljon RAHIMOV,
tayyorladi
1Abu Ibrohim Ismoil ibn Muhammad Mustamliy Buxoriy. “Sharh at-ta’arruf li mazhab at-tasavvuf”. Tehron. (1994–1997), 1 jild, 15-bet.
2Abdulkarim Sam’oniy. “Nasabnoma”. “Buxoro”, 2004, 99-bet.
Bugun – chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Diniy idoraga turli masalalarda kelgan fuqarolarni qabul qildi. Ularning masjidlar faoliyati, sohani rivojlantirish, moddiy yordam kabi masalalarida qilgan murojaatlari tinglandi.
Fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va so‘rovlar atroflicha o‘rganilib, Diniy idora vakolati doirasida tegishlilari bo‘yicha mas’ullarga tez fursatlarda hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati