Nufuzli xalqaro tashkilotlar, statistika qo‘mitalari va ekspertlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimizni ijobiy baholamoqda.
Mutaxassislar insonning uzoq umr ko‘rishi uning sog‘lom va baxtli xayot kechirishi, tinch-xotirjam yashashi bilan uzviy bog‘liq ekanini ta’kidlaydi.
O‘zbekiston istiqlol yillarida tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lgan, iqtisodiyoti izchil taraqqiy etib borayotgan mamlakatga aylandi. O‘tgan yillar davomida mamlakatimiz iqtisodiyoti tarkibiy o‘zgartirilib, sanoat va infratuzilma tarmoqlari izchil rivojlandi. Shu bilan birga, aholini manzilli ijtimoiy himoyalash, odamlar salomatligini mustahkamlash, millat genofondini yaxshilash, ta’lim sifatini oshirishga katta kuch va mablag‘lar yo‘naltirilgan.
Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi yildan-yilga ochilib, tobora obod va go‘zal bo‘lib bormoqda. Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan uy-joylar va infratuzilma tarmoqlari qishloq axolisining hech kimdan kam bo‘lmay yashashi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda, ezgu orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarmoqda.
Ruhiyatshunoslarning ta’kidlashicha, o‘z turmushidan qoniqib, yaqinlarining mehr-muhabbatini his qilib, ertangi kunga ishonib yashaydigan inson uzoq umr ko‘radi.
Xalqimiz orasida mehr-oqibat muhitini yanada yaxshilashga, ayniqsa, yoshi ulug‘ insonlarga hurmat-ehtirom va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab axoli, birinchi navbatda, keksa avlod vakillari, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning xuquq va manfaatlarini ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish uchun davlat budjetidan ijtimoiy ehtiyojlar, jumladan, aholini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sohani mustahkamlashga ajratilayotgan yillik xarajatlar izchil oshib bormoqda.
Zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, ona yurtiga mehr va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan, hech kimdan kam bo‘lmagan, hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqayotgan yangi sog‘lom avlod tarbiyalanmoqda. Bularning bari «Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning farovon xayoti uchun» tamoyili jamiyatimizning barcha sohalarini modernizatsiya qilish va yangilash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh g‘oyasi, asosiy maqsadiga aylanganidan dalolatdir.
Qo‘lga kiritilayotgan bunday natijalarning asosiy omili va mezoni, shubhasiz, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikdir. Zero, tinchlik barqaror yurtdagina islohotlar samara beradi, taraqqiyot bo‘ladi, odamlar o‘z maqsadlarini amalga oshira oladi, hayotidan rozi bo‘lib, xotirjam yashaydi.
O‘zimizdan qiyos: Har kuni tinch-xotirjam uyg‘onamiz, yaxshi kayfiyatda nonushta qilamiz. Xursand bo‘lib ishga jo‘naymiz. Rejalashtirib qo‘ygan ishlarimizni bajarishga shoshilamiz. Ishdan qaytayotib bolalarga mayda-chuyda olay, deb bozor yoki do‘konga kiramiz. Xamma narsa ko‘zimizga yaxshi ko‘rinib, qo‘njimizni to‘ldirib chiqamiz. Oilamizni xursand qilish uchun yana uyga shoshamiz. Biz uchun odatiy hol bo‘lgan bu xayot tarzi aslida juda katta ne’mat. Tinchlik tufayli do‘konlaru bozorlarimiz to‘la, dasturxonimiz to‘kin. O‘yin-kulgi, to‘y-tomosha, bayramlarimiz shukuxli.
Ha, mamlakatimizdagi tinchlik-xotirjamlik va farovonlikning, mexr-oqibat muhitining barqarorligi tufayli xalqimiz bugunidan mamnun, ertasidan ko‘ngli to‘q. Odamlar ezgu orzu-intilishlar, yuksak maqsadlar bilan yashamoqda. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan barcha islohotlar har birimizga, Vatanimiz kelajagiga daxldordir.
P.BOBOJONOV,
Shovot tumanidagi “Qori Eshon bobo” masjidi imom-xatibi
Shu yil 11 yanvar kuni Jidda shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Haj va umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon ar-Rabia, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy ishtirokida o‘zaro aloqalarning istiqbollari hamda “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari hamda Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Valiahd va Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar jadal rivojlanayotgani, Alloh taoloning mehmoni bo‘lgan ziyoratchilarga namunali xizmat ko‘rsatilayotgani alohida qayd etildi.
Ayniqsa, haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshirilgani, keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj amallarini bajargani yuqori baholandi. Umra safarlari uchun cheklovlar olib tashlangani, qonuniy tartibga solingani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan yurtimizda haj va umra safarlari yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar, tashkiliy tadbirlar, huquqiy asoslar, raqamlashtirish jarayonlari va o‘zbekistonlik ziyoratchilarning tartib-intizomi Saudiya tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, Tavfiq bin Favzon ar-Rabia so‘zining davomida Yangi O‘zbekistondagi islohotlarni e’tirof etish barobarida zaminimizdan nafaqat islom ulamolari, balki dunyo sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan Ibn Sino, al-Xorazmiy kabi buyuk mutafakkirlar, ilm-fan namoyondalari yetishib chiqqani va yurtdagi bugungi o‘zgarishlar yana mana shunday allomalar chiqishiga poydevor bo‘lishini ta’kidladi.
Muloqot yakunida tomonlar esdalik sovg‘alari topshirdilar.
O‘MI Matbuot xizmati