Mamlakatimizda barcha jabhada erishilayotgan yutuqlarda, eng avvalo, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Zero, bunday zamindan fayz-baraka arimaydi, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, xayru saxovat hamda o‘zaro hurmat qaror topadi, ularning ertangi kunga ishonchi yanada mustahkamlanadi. Ushbu oddiy hayot haqiqatidan kelib chiqib, respublikamizda ulug‘ ne’matni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratib kelinayapti.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan haftaning payshanba kuni huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni sifatida e’lon qilinib, uning doirasida ko‘plab chora-tadbirlar ko‘rilayotgani, asosiysi, joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldi olinayotgani, fuqarolarning huquqiy ongi tobora yuksalayotgani mazkur tadbirlar jamiyat hayotida nechog‘lik muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatib turibdi. Ularga jalb etilgan huquq-tartibot idoralari, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan keng ko‘lamdagi tushuntirish ishlari olib borilayotir.
Ichki ishlar organlari, xususan, profilaktika inspektorlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari, imom-xatiblar hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilgani, ayniqsa, diqqatga sazovor. Endilikda xonadonlarga borib, uzoq muddat xorijga ketgan hamda yashash manziliga qaytib kelgan fuqarolar, ularning oila a’zolari bilan tegishli tartibda tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, tadbirlar doirasida korxona, tashkilot, muassasa hamda mahallalarda tushuntirish ishlari izchil olib borilishi tufayli huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari sezilarli darajada kamayishiga erishilmoqda. Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylarda o‘qish davrida o‘quvchilar davomati o‘rganilgani, o‘quv mashg‘ulotlariga sababsiz qatnashmayotgan, muntazam dars qoldirayotgan yoshlar aniqlanib, tegishli choralar belgilanayotgani o‘z samarasini berayapti.
Aholi savodxonligi o‘sgani sayin ularda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlariga bo‘lgan xohish hamda qiziqish ortib borayotgani ham diqqatga sazovor. Ushbu tadbirlarda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturidan kelib chiqqan holda, aholi orasiga chuqur kirib borib, ular dardiga quloq tutish, kerak bo‘lsa, muammolarini joyida hal etishga e’tibor qaratilmoqda.
Huquqbuzarlik hamda jinoyatchilik holatlarining kelib chiqish sabablari, mahallalardagi notinch oilalarda barqaror muhit o‘rnatish, jinoyatga moyil shaxslarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish kabi dolzarb masalalar keng aholi vakillari ishtirokida muhokama qilinmoqda.
E’tiborlisi, tadbirlar doirasida ro‘yobga chiqarilayotgan ishlar o‘z samarasini bera boshladi. Ammo bugungi tezkor zamonda shuning o‘zi bilan kifoyalanish mumkin emas. Zero, Vatan tinchligi va osoyishtaligi ulug‘ ne’mat ekan, uni asrab-avaylash hamda mustahkamlash barchamizning burchimizdir, deb xabar beradi.
Gurlan tumani «Usmon Said bobo» masjidi imom-xatibi Alisher Bobojonov.
O‘MI Matbuot xizmati
http://zamaxshariy.uz/1463
"Makka bo‘lmaganida seni tashlab ketmas edim!!!"
Madina! Senga yillar talpingandik, sog‘ingandik, seni hajringdan ko‘z yoshlarimizni to‘kkandik. Seni sevmagan mo‘min bormi dunyoda, senga intilmagan muslim bormi dunyoda.
Seni goho tushlarimizda ko‘rardik, bu tushlardan hech-hech uyg‘ongimiz kelmasdi, seni nega yaxshi ko‘ramiz, seni nega yurakdan sevamiz!?
Chunki senda eng yaxshi ko‘rganimiz, suyukligimiz, sog‘inganimiz, seni sharaflantirgan Rasululloh alayhissalom borlar!
Chunki senda biz dunyoga kelmasimizdan turib bizni sog‘ingan, bizni yaxshi ko‘rgan Zot bordir.
Chunki senda, oxirga nafaslarida ham "ummatim, ummatim" deya g‘arib ummatlarini holidan tashvishlangan Zot bordir.
Yana senda, agar Rasululloh alayhissalom aytgan bo‘lsalar men hammasiga ishondim deya Siddiq maqomini topgan Zot bordir, Rasululloh alayhissalomni amakisi iymonga kelishini yaxshi ko‘rgan, Rasululloh sut ichganlarida chanqog‘i bosilgan Abu Bakr roziyallohu anhu bordir.
Yana senda, yurgan ko‘chasidan shayton qochgan, so‘zlarini Qur’on tasdiqlagan, "Umar xato gapirdi" deya olgan Amirul mo‘miniyn bordir.
Yana senda farishtalar hayo qilgan Zunnurayn Hazrati Usmon, vafoti Rasulullohni ko‘zlarini yoshlatgan o‘g‘li Ibrohim, qizlari Ummu Kulsum, Ruqayya, Fotima, Azvoju mutohharot onalarimizni va yana o‘n minga yaqin sahobani bag‘riga olgan Jannatul Baqe’ bordir.
Bizni yaxshi ko‘radigan, biz uni yaxshi ko‘radigan, Sayyidi shuhada Hazrati Hamzani bag‘riga olgan Uhud tog‘i bordir.
Yana senda, taqvo asosida barpo qilingan, unda o‘qilgan ikki rakaat namozga umrani savobi beriladigan Masjidil Qubo bordir.
Sendagi fazilatlarni sanasam tugamaydi. Senda sahobalarni izlari bordir, Rasulimizni hidlari bordir.
Allohga hamd bo‘lsinki, oshiq mahbubiga yetganidek seni visolingga yetdik, suyukligimiz jivoriga keldik, yaxshi ko‘rganlarimiz bo‘ylariga to‘ydik.
Sendan hech ketgim kelmaydi, Madina!
Chunki, “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimki Madinada vafot eta olsa, unda vafot etsin. Chunki, unda vafot etgan kishini shafoat qilaman” dedilar” (Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan Imom Termiziy rivoyati).
Madina! Makka bo‘lmaganida seni tashlab ketmas edim!!!
TII “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi Adham Yusupov