Joriy yilning 23 dekabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida talaba yoshlarning diniy va dunyoviy bilimlarini yanada oshirish, milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini yuksaltirish, insonlar o‘rtasida muomala madaniyati va ayniqsa, institutning o‘rnatilgan tartib-qoidalari, kiyinish madaniyati borasidagi bilim, ko‘nikmalarini oshirish va uni targ‘ib qilish maqsadida xuddi shu nom ostida ma’rifiy-tarbiyaviy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari, “Islom ota” jome masjidi imom-xatibi Jasurbek Raupov ishtirok etdi. Tadbir davomida milliy qadriyatlar va o‘zbekona odob-axloq, sharmu hayo, milliy mentaletitimizga xos bo‘lgan fazilatlarni yoshlarimiz o‘zlarida shakllantirishlari lozimligini, ota-bobolarimizdan yillar silsilasidan o‘tib bizgacha yetib kelgan o‘ziga xos ta’lim-tarbiya qoidalariga bo‘ysunish, uni hurmat qilish, qadrlash va farzandlarimizga yetkazishimiz lozimligini va aynan mana shu jihatlar Yurt tinchligi, Vatan taraqqiyotida dasturulamal bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
J.Raupov ayniqsa, ayol-qizlarimizning kiyinishlarida, jamoat joylarida o‘zlarini tutishlarida musulmon kishining eng muhim sifatlaridan bo‘lmish hayo, iffat ko‘tarilib ketayotganligini tilga olib, bu nafaqat o‘sha qiz yoki ayolning balki, o‘zgalarning ham gunohga botishiga sabab bo‘lishini hadisi shariflar bilan ta’sirchan tushuntirib berdi.
Shariatimizda erkak va ayollarning o‘z kiyinish usullari bor. Erkaklar xotinlarning kiyimini kiyishi qanchalik xunuk bo‘lsa, erkaklarning kiyimlarini kiygan xotinlar ham shunday bo‘ladi. Rus adibi Lev Tolstoy ta’biri bilan aytganda erkakka o‘xshamoqchi bo‘lgan ayol, xuddi xotinsifat erkak kabi tasqaradir.
Tadbirda talaba-yoshlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar olishdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Ushbu tamoyil asosida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi ta’minlanadi
MUNOSABAT
Yurtimizda diniy sohada davlat siyosatining takomillashuvi, fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligi kafolatlanishi va diniy sohaga oid masalalarning huquqiy asosda hal etilishi borasida tub burilish yuz bermoqda. Bu borada ilgari surilgan konseptual yondashuvlar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining shu yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ushbu yo‘nalishdagi islohotlar uchun muhim hujjatdir. Zero, u orqali davlat-din munosabatlari ochiqligi, shaffofligi, diniy tashkilotlarning huquqiy maqomini mustahkamlash, shuningdek, diniy-ma’rifiy faoliyatni ilmiylik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tashkil etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Farmon nafaqat diniy sohada faoliyat yuritayotgan mutasaddilar, balki keng jamoatchilik, ilmiy doiralar, xalqaro ekspertlar tomonidan ham ijobiy baholanmoqda. Chunki u O‘zbekistonning inson huquqlari, xususan, vijdon erkinligi bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni amalda ro‘yobga chiqarishga intilayotganini yaqqol namoyon etdi.
Ilhomjon Bekmirzayev,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori, tarix fanlari doktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 26 aprel, 85-son