Qalbda ihtirom qilish. Nabiy sollallohu alayhi vasallamni xaloyiqning barchasidan kamolot va fazlda ustun deb bilish, Islom dinining mukammal ekanligi va u zotning turli ma’siyat ishlardan ma’sumliklarini e’tiqod qilish bilan bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning fe’llari, so‘zlari, axloq va siyratlaridagi komillik to‘la-to‘kis komillik hisoblanib, bu sifatlarga zid bo‘lgan narsalarning botilligini e’tiqod qilish lozim. U zotga bo‘lgan muhabbat shavqi qalbni shunday to‘ldirsinki, bu muhabbat yer yuzidagi barcha insonga, hatto o‘zimizga bo‘lgan muhabbatdan ham ustun bo‘lsin. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortalaringiz meni farzandidan, ota-onasidan va odamlarning barchasidan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rmaguncha haqiqiy mo‘min bo‘lolmaydi”, dedilar.
Tilda ehtirom qilish. Bu ulug‘lash va ehtirom qilishni ifodalaydigan lafzlar bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallamni zikr qilish hamda doimo u zotga salavot va salomlar aytib yurish bilan bo‘ladi. Bundan tashqari, insonlarga u zotning fazilatlari, xususiyatlari, shamoillari va qilgan ishlarining barchasi mukammal ekani haqida qayta-qayta so‘zlab berilsinki, toki Rasulullloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan kishilarning qalbida muhabbat hamda ehtirom tushunchasi yanada ziyoda bo‘lsin.
Amalda ehtirom qilish. Bu ish u zotning siyratlarini hayot yo‘li qilib olish va sunnatlarini mukammal o‘rganish bilan bo‘ladi. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga nisbatan ko‘rsatilgan eng buyuk hurmat u zotning sunnatlariga ergashish va tutgan yullarini mustahkam ushlash, hatto odatiy ishlarini ham qoldirmasdan bajarishdir. Chunki kamolot sohiblarining odatlarini bajarish ham bir fazilatdir.
Abdushukur MURODOV
tayyorladi
G‘aflatda qolmang! Ertaga Ashuro kuni: Ro‘za tutishni va oilangizga kengchilik qilishni unutmang!
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi Allohdan umid qilamanki bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Esda tuting! Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kunida emas, bu kunga qo‘shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish lozim.
Ashuro kuni yaqinlarga kengchilik qilish – bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”.
Davron NURMUHAMMAD