Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446

Rasulullohga bo‘lgan hurmatning 3 ko‘rinishi

25.12.2017   6398   1 min.
Rasulullohga bo‘lgan hurmatning 3 ko‘rinishi

Qalbda ihtirom qilish. Nabiy sollallohu alayhi vasallamni xaloyiqning barchasidan kamolot va fazlda ustun deb bilish, Islom dinining mukammal ekanligi  va u zotning turli ma’siyat ishlardan ma’sumliklarini e’tiqod qilish bilan bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning fe’llari, so‘zlari, axloq va siyratlaridagi komillik to‘la-to‘kis komillik hisoblanib, bu sifatlarga zid bo‘lgan narsalarning botilligini e’tiqod qilish lozim. U zotga bo‘lgan muhabbat shavqi qalbni shunday to‘ldirsinki, bu muhabbat yer yuzidagi barcha insonga, hatto o‘zimizga bo‘lgan muhabbatdan ham ustun bo‘lsin. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortalaringiz meni farzandidan, ota-onasidan va odamlarning barchasidan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rmaguncha haqiqiy mo‘min bo‘lolmaydi”, dedilar.

 

Tilda ehtirom qilish. Bu ulug‘lash va ehtirom qilishni ifodalaydigan lafzlar bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallamni zikr qilish hamda doimo u zotga salavot va salomlar aytib yurish bilan bo‘ladi. Bundan tashqari, insonlarga u zotning fazilatlari, xususiyatlari, shamoillari va qilgan ishlarining barchasi mukammal ekani haqida qayta-qayta so‘zlab berilsinki, toki Rasulullloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan kishilarning qalbida muhabbat hamda ehtirom tushunchasi yanada ziyoda bo‘lsin. 

 

Amalda ehtirom qilish. Bu ish u zotning siyratlarini hayot yo‘li qilib olish va sunnatlarini mukammal o‘rganish bilan bo‘ladi. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga nisbatan ko‘rsatilgan eng buyuk hurmat u zotning sunnatlariga ergashish va tutgan yullarini mustahkam ushlash, hatto odatiy ishlarini ham qoldirmasdan bajarishdir. Chunki kamolot sohiblarining odatlarini bajarish ham bir fazilatdir.

Abdushukur MURODOV

tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

23.06.2025   3557   3 min.
Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.

Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.

Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.

Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmi­dingiz?!” – debdi.

Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.

Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.

Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday dey­dilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan bosh­qasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2]  Shuro surasi, 40-oyat.